
Madridning “Real” klubida vaziyat yanada keskinlashdi — jamoa bosh murabbiyi Xabi Alonso va hujumchi Vinisius Junior o‘rtasida kelishmovchilik paydo bo‘lgani haqida ma’lum qilindi.
Ispaniya ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bir necha o‘yin davomida futbolchining maydondagi xatti-harakatlari va hissiyotlarini nazorat qila olmagani murabbiyni jiddiy bezovta qilgan. Alonso uning intizomi va jamoaga bo‘lgan munosabatini tanqid qilgani ortidan munosabatlar sovib ketgan.
Shundan so‘ng, bir qator sport ekspertlari Vinisiusning “Real”dagi kelajagi tobora noaniq bo‘layotganini ta’kidlamoqda. Ularga ko‘ra, jamoa ichki barqarorlikni saqlab qolish uchun futbolchini sotish variantini ham ko‘rib chiqmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Vinisius Junior bilan Angliya Premer-ligasining yetakchi klublari aloqada. Xususan, “Manchester Siti” braziliyalik hujumchini anchadan beri kuzatib kelmoqda va uning uslubi Gvardiolaning taktik rejasiga mos kelishi qayd etilgan.
Biroq “Real” klubi ham bo‘sh qolish niyatida emas — madridliklar “shaharliklar”ning asosiy to‘purari Erling Xolandni qo‘lga kiritish imkoniyatini o‘rganmoqda.
So‘nggi kunlarda ayrim jurnalistlar ikki grand klub o‘rtasida ehtimoliy “super almashuv” — Vinisius va Xolandni bir-biriga almashtirish haqida turli taxminlarni yozmoqda. Ammo bu variantga yaqin manbalar raddiya berdi.
“Defensa Central” nashri ma’lumotiga ko‘ra, “Manchester Siti” rahbariyati Xolandni hech qanday sharoitda Vinisiusga almashtirish niyatida emas. Manba ta’kidlashicha, norvegiyalik to‘purar klubning kelgusi yillardagi bosh loyihasining asosiy qismi hisoblanadi.
Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Xosep Gvardiola Xolandni faqat bitta holda — agar “Siti” Harri Keynni jamoaga olib kela olsa — sotish haqida o‘ylashi mumkin.
Hozircha “Real” rasmiy izoh bermagan, ammo futbol jamoatchiligi bu vaziyat ortidan yozgi transfer bozorida yangi drama boshlanishini kutmoqda.
Shubhasiz, Vinisius kabi yuqori iqtidorga ega futbolchi qayerda bo‘lmasin, diqqat markazida bo‘ladi. Ammo “Real”dagi bu ziddiyat uning Yevropadagi kelajagiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!