23:00 / 10.12.2018
3 581

Isroil Madrimov: «Professional baribir professional ekan»

Isroil Madrimov: «Professional baribir professional ekan»
2017 yili Osiyo chempioni, 2018 yilda esa Osiyo o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan Isroil Madrimovning professional boksga o‘tishi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi.

U noyabr o‘rtalarida bizga tanish o‘sha «Mir boksa» bilan shartnoma tuzganini e’lon qildi-yu, shu oyning o‘zidayoq ilk jangini o‘tkazishga ulgurdi. O‘tkazganda ham, debyutdayoq kamar uchun ringga chiqdi va meksikalik kuchli raqib Vladimir Ernandesni (10-2, 6KO) ikkinchi raunddayoq nokdaun holatiga tushirdi, 6-raundda esa nokautga uchratdi.

So‘nggi vaqtlarda o‘ndan ortiq o‘zbek bokschisi ketma-ket va ommaviy tarzda professional darajaga ko‘tarilayotganini kuzatib, bunga o‘rganib ham borayotgan o‘zbek boksi ishqibozi hali bunaqasini tasavvur qilib ko‘rmagan edi. Xo‘sh, Isroil qanday qilib ilk jangidayoq kamarga da’vogar bo‘lishning uddasidan chiqdi? U 23 yoshidayoq havaskor boksni tark etdimi? Osiyo o‘yinlari tarixida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdori sifatida oltin medal olgan ilk sportchi Tokio Olimpiadasiga bormaydimi? Hali biroz erta emasmidimi yoki bunday kutilmagan qarorga kelishining biz bilmagan sabablari bormi?

Muxlislarda bunday savollar ko‘p edi. Shu sababli Madrimov ta’til uchun O‘zbekistonga kelganini eshitiboq u bilan suhbat uyushtirish harakatiga tushdik.

«Birinchi jangdanoq katta tavakkal qildik. Klubimiz, murabbiylarimiz bilan maslahatlashib, tarixda bo‘lmagan ishni qilamiz, degan qarorga keldik. O‘yindan oldin, ayniqsa tarozidan o‘tgandan keyin juda qattiq hayajon bo‘ldi», - deya ilk jangi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi Madrimov.

- Xorazmdan bokschilar kam chiqadi, eng taniqlisi siz bo‘ldingiz...

- Kam bo‘lsa-da, Xorazmdan ham nomdor bokschilar chiqqan. Masalan, Temir Ibragimov – professionallar o‘rtasida jahon chempioni. Alisher Rahimov bor. Shunday nomdor bokschilar ham yo‘q emas. O‘zim ham shu qatorga qo‘shilishga harakat qilyapman.

- Avvaliga gimnastika bilan shug‘ullanganingiz haqida eshitganmiz. Nega akrobatika emas, boksni tanlagansiz?

- Akrobatikaga boksga bora boshlaganimdan keyin qatnashganman. Dadamning o‘zlari bu sportga qiziqadi. Bolaligimizdan shpagat, salto, rastyajka kabilar bilan o‘zlari ham shug‘ullantirganlar. Akrobatikani o‘rganganim boksni o‘zlashtirishimni osonlashtirdi. Buning foydasi katta, hozirgacha shug‘ullanib turaman.

- Sizgacha Osiyo o‘yinlari tarixida O‘zbekiston bayroqdori biror marta oltin medal ola olmagandi. Bayroqdor bo‘lishingizni aytishganida bu haqida bilganmidingiz?

- Yo‘q, bilmaganman. Bayroqni topshirishganidan keyin ayta boshlashdi, hamma sportchilar yutqazgan, deb. Olimpiadalarning hammasini bilamiz, lekin Osiyo o‘yinlaridagi bu natijadan xabarim yo‘q edi. Keyin o‘ylanib qoldim: «Yo‘g‘e, yutqazganmi?», «Yuta olmaganmi shunchalik?»... Menda ham shubha boshlandi. Yutqazib qo‘ymay, degan xayol bilan... Har kuni shu narsani o‘ylab chiqqandan keyin qo‘rqinchli bo‘ladi-da. O‘ylayverasiz shuni... Xudoga shukur, o‘tib oldik.

Delegatsiya bayroqdori bo‘lishni orzu qilganman, lekin bu orzumga yetaman deb hech qachon o‘ylamaganman. Chunki bayroqni olib chiqish butun O‘zbekiston terma jamoasining sardori degan ma’noni bildiradi. Mendan ham yaxshi sportchilar – Olimpiada va jahon chempionlari bor edi. Aynan menga topshirilishi esa kutilmagan xushxabar bo‘ldi, desam adashmayman. Bu menga yanada kuch bag‘ishladi. Shu joyning o‘zida: «Yutqazishga haqqim yo‘q», degan nuqta qo‘yildi.

- Jahon va olimpiada chempionligi armon bo‘lib qoldimi?

- Nimaga siz armon deyapsiz? Men havaskor boksni tark etganim yo‘q. Professional boksga ma’lum shartlar asosida o‘tganman. Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiadada qatnashish sharti bilan professional boksga qadam qo‘ydim.

Professionalga o‘tish bizga ustunlik beradi, chunki Amerikada prof-boks juda yaxshi rivojlangan. Shu tajribalar, xudo xohlasa, keyingi yil bo‘ladigan Osiyo va jahon chempionatlarida Olimpiada litsenziyasini qo‘lga kiritishimizga yaxshigina foyda beradi.

Aytganimdek, bu – armon emas. Olimpiya o‘yinlarida ham qatnashmoqchiman. Bu – mening orzum. Olimpiadada ham, jahon chempionatida ham yana jamoa sardori sifatida ishtirok etish niyatim bor.

- Hamma 2020 yilgi Olimpiadada qatnashishingizni kutayotganida birdan professional boksga o‘tib ketdingiz. Hali ertamasmidi? Bu qarorga kelishingizga nima sabab bo‘ldi?

- «Uzbek Tigers» jamoasi WSB yo‘nalishi bo‘yicha musobaqada qatnashgan, o‘shanda besh raundli janglarda o‘zimni ko‘rsatishga harakat qildim. Bu yo‘nalish menga yoqdi, besh raunddan iborat jangda o‘zimni yaxshi his qildim. Shuning uchun ham professional boksda o‘zimni sinab ko‘rish niyati paydo bo‘lgan. Birinchi jangdanoq tavakkalga qo‘l urganimiz shu sababli bo‘ldi. «Uzbek Tigers»da ham besh raundli jangda qatnashganmiz, yetarlicha tajriba bor: unda ham kiyimsiz ringga chiqiladi, professional qo‘lqoplardan foydalaniladi.

O‘zimda yetarlicha tajriba sezganim uchun ham tavakkalga qo‘l urganmiz.

Isroildan suhbat davomida yana boshqa bir qator savollarga, xususan, boksda kimni o‘ziga kumir deb bilishi, qanday qilib debyut jangidayoq kamar uchun ringga chiqishga erishgani, o‘zi qo‘lga kiritgan WBA Intercontinental kamari o‘z sohibiga qanday afzalliklar keltirishi, kamar himoyasi uchun va keyinchalik chempionlik jangini qachonga mo‘ljallayotganiga oydinlik kiritishini so‘radik.

Qolaversa, Madrimov qanday qilib -75 kg vazn toifasidan -69 kg.ga tusha olgani, professional boksda o‘zi kutmagan va uni eng hayron qoldirgan jihatlar hamda mashg‘ulotlar jarayoni to‘g‘risida ham gapirib o‘tdi.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Isroil Madrimov: «Professional baribir professional ekan»