
Qashqadaryo viloyatining Ko‘kdala tumanida aholi va ijtimoiy soha muassasalari uchun imtiyozli narxda ajratilgan suyultirilgan gazni sotishga uringan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Departamentning Ko‘kdala bo‘limi xodimlari va DXX vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida “A.G.S.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari D.K. fuqaro M.X. bilan til biriktirib, aholiga mo‘ljallangan 10 200 kilogramm suyultirilgan gazni 76,5 million so‘mga sotishni rejalashtirgan. Ular KAMAZ rusumli yuk mashinasiga 10 360 kilogramm gaz yuklab bergan vaqtda ushlangan.
Tezkor harakatlar natijasida fuqaro A.F. ning avtomashinasidan 35 million so‘m va 2 000 AQSH dollari naqd pul ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi — “o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish” bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tergov ishlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax viloyatida “Hududgaz” tizimi xodimi 6 ming dollar pora olgan vaqtda qo‘lga olingan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!