14:37 / 15.12.2018
2 755

Umid Ahmadjonovdan yil yakunlariga bag‘ishlangan intervyu

Umid Ahmadjonovdan yil yakunlariga bag‘ishlangan intervyu
Hash-pash deguncha 2018 yil ham o‘z manzili tomon yetib kelmoqda va yaqin orada o‘rnini 2019 yilga bo‘shatib beradi. Har qanday sohada bunday paytda yil sarhisoblari, qilingan ishlar bo‘yicha yillik hisobotlar borasida turli maqolalar, tahlillar e’lon qilinadi. Yakuniga yetayotgan yilda yurtimiz futbolida ham bir qancha o‘zgarish va yangiliklar kuzatildi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, mazkur yilni o‘zbek futboli uchun burilish yili bo‘ldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Har holda O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonovning sa’y-harakatlari evaziga qator o‘zgarish va islohotlarga guvoh bo‘ldik.

Eng muhimi, bunday yangiliklar futbolimizning rivoji uchun xizmat qilayotganini ko‘rish quvonarli bo‘lmoqda. Albatta, har qanday ish kamchilik va muammolardan holi bo‘lmaydi. Bunga ham real ko‘z bilan qarash kerak. Lekin fakt shuki, O‘zbekistonda futbol infratuzilmasi o‘sib boryapti. Bu borada o‘ziga xos strategiya ishlab chiqildi. Endilikda o‘zbek futboli jahon futboli hamjamiyatining e’tiborini qozonmoqda. Yetakchi mamlakat futbol assotsiatsiyalari bilan yaqindan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilmoqda. Hammasiga esa birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich erishiladi.

Umid Ahmadjonov tanqidga ham, maqtovga ham birdek munosabatda bo‘ladi. Har doim sport va xususan futbol orqali xalqning xursand kayfiyatda bo‘lishi uning uchun ustivor vazifalardan biri hisoblanadi. Yil tugab borayotgani sababli bu borada Umid Muhammadjonovich bilan qator masalalar xususida suhbatlashish rejasini tuzib qo‘ygandik. Doimo jurnalistlar bilan ochiq muloqot qilishdan qochmaydigan rahbar bu safar SPORTS.uz sayti uchun maxsus intervyu berdi. Unda bir qancha muhim masalalarga ham javoblar bor va umid qilamizki, ushbu suhbat sizni ham befarq qoldirmaydi.

- Umid Muhammadjonovich, 2018 yil ham yakuniga yetib boryapti. Ayting-chi, yil boshida o‘z oldingizga qo‘ygan qaysi maqsadlarni amalga oshira oldingiz va qaysilari amalga oshmay qoldi?

- Birinchi galda oldimizda U-23 Osiyo chempionati musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasi turgandi. Terma jamoamiz esa unda chempionlikni qo‘lga kiritib katta g‘alabalarni O‘zbekistonga qaytardi. Ikkinchi katta musobaqa Osiyo o‘yinlari bilan bog‘liq bo‘ldi. Aytishim mumkinki, O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd eta oldi. Biroq o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifalarning hammasini zo‘r bo‘ldi deya olmayman. Unda biz izlanishdan to‘xtab qolgan bo‘lamiz. 2018 yildagi xatolarni 2019 yilda to‘g‘rilashimiz kerakki, natijalarimiz bundan ham yaxshiroq bo‘lsin. Axir biz Tokio-2020 va JCh-2022 uchun kurashishimiz kerak.

- Yakuniga yetgan chempionatdan qanchalik qoniqish hosil qildingiz?

- Kamchiliklar bisyor. Biroq ijobiy o‘zgarishlar ham bor. Pro-liganing “A” guruhi vanihoyat raqobatga boy bo‘ldi. Buni 2019 yil uchun o‘ziga xos qadam degan bo‘lardim. PFL o‘zi uchun titul homiy topganini ham aytishim kerak. O‘yinlarning ish vaqtida boshlanmasligiga erishdik, buning uchun stadionlarning yoritgichlarini yaxshilashimiz kerak bo‘ldi. Televideniye bilan aloqalarni mustahkamladik va teletranslyatsiyalar borasida katta burilish qildik. Oldinlari turda bitta uchrashuv olib ko‘rsatilgan, biz uni maksimumga chiqarish uchun intildik. Muammolarni esa vaqti bilan bartaraf etib borishga intilamiz. Axir bir yilning o‘zidayoq ichki chempionatni 180 gradusga o‘zgartirish imkonsiz.

- Yaqinda Superliga qatnashchilariga oydinlik kiritib, ishtirokchilar soni 12 tadan ortmasligi haqida aytgandingiz. 2019 yilda Superligada 12 ta klub qatnashishi uzil-kesil aniq bo‘ldimi? Yoki ehtimoliy o‘zgarish bo‘lishi mumkinmi? Shu bilan birga kelasi yili Superliga formati qanday ko‘rinishda o‘tadi?

- Format masalasini PFL Superliga ishtirokchilari bilan yig‘ilishda aniqlab oladi. Bu haqda shunchalik ko‘p gapirildiki, million xil muammo turganda odamlar nima sababdan faqat shunga qarab ketganliklarini tushunish qiyin bo‘ldi. Format esa bizning muammo. Klublar soniga kelsak, ularni 12 tadan oshirmaymiz. Chunki aynan 12 ta klub qoldirilganligi uchun ham pro-liganing “A” guruhi uyg‘ongandek bo‘ldi. Agar katta klublarimiz oshib borsa, Superliga ishtirokchilari sonini ham oshirib borish mumkin. Eng yaxshi variant biz uchun 16 talik chempionat. Biroq hozir bizda buncha katta klub yo‘q. Bo‘lsa ham ularning hammasini Superligada o‘ynashidan ma’ni ko‘rmayapmiz.

- Shu o‘rinda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi yil davomida turli tadbirlar va yana boshqa dasturlar vahokazolar uchun qancha miqdorda mablag‘ sarfladi?
- Bu ijroqo‘mning yillik konferensiyasida hisobot shaklida aytiladigan gap.

- Ayni paytda hammaning e’tibori milliy terma jamoamizning Osiyo Kubogidagi ishtirokiga qaralgan. Rahbar sifatida ayting-chi, mazkur musobaqada terma jamoamiz oldiga aniq vazifa qo‘yildimi?

- Ektor Kuper ishtirokidagi matbuot anjumanida ishtirok etdingizmi? Menimcha, u nima deganini eshitgan bo‘lsangiz kerak. Biz har qanday musobaqaga faqat chempionlik uchun boramiz. Marsga qarab intilaverish kerak, hech bo‘lmasa oyga chiqasiz.

- Umuman olganda, Ektor Kuper tomonidan olib borilayotgan ishlarni siz ham kuzatib boryapsiz. Albatta, o‘rtoqlik o‘yinlari va natijalardan kelib chiqib, muxlislarda xavotirlar yo‘q emas. Bu borada bosh murabbiyning olib borayotgan ishiga qanday munosabatdasiz?

- Kuper dunyo ko‘rgan murabbiy. U futbol nima ekanligini siz-u, bizdan ko‘ra yaxshiroq biladi. Biz unga oltita o‘rtoqlik o‘yinini tashkil etib berayotganda ushbu uchrashuvlarda karomat ko‘rsat demaganmiz. Uning oldiga qo‘yilgan talablar bor. Buni bajarish uchun izlanyapti, ishlayapti. Biz esa u so‘ragan hamma sharoitlarni yaratib bermoqdamiz.

- Futbolchilarning qancha maosh olishi-yu uning transfer bahosi qancha ekanligi bizda oshkora aytilmaydi. Nega O‘zbekistonda hammasi sirli? Bunga sabab nima? Balki futboldagi korrupsiyaga aynan shu holat ham sabab emasmikin?

- Sizningcha, oylik maoshlar qancha ekanligi aytilsa korrupsiya bo‘lmaydimi? Yoki siz futbolchi bilan pulni bo‘lishib olish uchun shartnoma imzolagan rahbarlar bo‘lmagan deb hisoblaysizmi? Birinchidan, birovning qancha pul topishiga aralashish chiroyli ish emas. Ikkinchidan, hamma narsaga bosqichma-bosqich o‘tish kerak. Biz endi futbolchilarning shartnomasini normal ko‘rinishga keltirmoqdamiz. Shuningdek, ularning klub bilan shartnomasi qanchaga mo‘ljallangani haqida hamma biladi va albatta futbolchining transfer narxi ham e’lon qilinadi. Qolganini vaqti bilan ko‘ramiz.

- PFL tashkilotining olib borayotgan ish faoliyatidan qanchalik qoniqish hosil qilyapsiz?
- Qoniqish hosil qilmayapman. Biroq yigitlar harakat qilayotganini ko‘rib turibman. 2019 yil avvalgisidan ancha yaxshi o‘tishiga ishonchim komil. Muhimi, hammasi progress sari bo‘lishi. PFL orqaga ketyapti degan fikrga qo‘shilmagan bo‘lardim. Bu haqida yuqorida ham qator sabablarni sanab o‘tdim.

- Shuningdek, PFL bosh direktori Omon G‘ofurovning boshqa ishga o‘tishi borasida ham gap-so‘zlar chiqqandi. Bu haqiqatga mos tushadimi yoki...
- Agar Omon G‘ofurov hali ham o‘z o‘rnida ishlayotgan bo‘lsa, demak bu haqiqatga mos tushmayotgan ekan.

- Yil boshida Superliga, Pro-liga, ayollar va futzalda sovrindor bo‘lgan klublarga qancha miqdorda mukofot pullari berilishi e’lon qilingandi. Ushbu mablag‘lar o‘z egalariga qachon topshiriladi?
- Topshiriladi. Albatta va ishonamanki, siz bundan bexabar qolmaysiz.

- Yaqinda bo‘lib o‘tgan OFK kongressida O‘FAning pozitsiyasi ko‘pchilikni ajablantirgan bo‘lsa kerak. Prezidentlik saylovida 42 ta davlat amaldagi Shayx Salmon bin Ibrohim al Xalifa uchun “ha” degan bo‘lsa, 4 ta davlat “yo‘q” degan va ularning orasida O‘zbekiston ham bor. Vaholanki, siz OFK prezidenti bilan yaxshi munosabatda edingiz. Shunday ekan, ushbu holatga ham oydinlik kiritib o‘tsangiz. Bu bilan OFKning o‘zbek futboliga bo‘lgan munosabati o‘zgarib qolmasmikin?

- Biz o‘z tanlovimizni amalga oshirdik. Bu degani OFK prezidentiga qarshimiz degani emas. Masalaga bu taqlid yondashish kerak emas, menimcha. OFK prezidenti ham faqat shuni sabab qilib, bizga qarshi bo‘lib qolishiga ishonmayman. Uni aqlli va dunyoqarashi keng inson sifatida hurmat qilamiz. Biz bir-birimizning tanlovlarimizni hurmat qilishimiz kerak. Demak, bu tomondan havotirlanmasa ham bo‘ladi.

- Videoassistent referi (VAR) tizimini o‘rnatuvchi kompaniya bilan Toshkentda uchrashdingiz. Ushbu tizim O‘zbekiston chempionatiga qachondan joriy etilishi mumkin? Umuman, VAR tizimi bitta stadionga taxminan qancha mablag‘ evaziga joylashtirilishi mumkin?

- Hozir uning narxini hisoblagandan ko‘ra, avval unga tayyorgarlik ko‘rgan yaxshi. Misol uchun maydonlar masalasida. O‘zingiz ham bilasiz, maydoni va akademiyasini qurmay turib, katta og‘iz futbolchilarni olib kelib o‘ynatadigan klublarimiz bor. O‘sha maydonlarsiz va sifatli teletranslyatsiyasiz VAR haqida o‘ylashga ertaroq. Shu ikki jihat hal bo‘lsa, biz VAR tizimini Superligaga olib kelamiz.

- Klublarni xususiylashtirish O‘zbekistonda qachondan boshlanadi? Hozirda bunga tayyor jamoalarimiz bormi?

- Hozir “Paxtakor” va “Qo‘qon-1912” klublari davlat mablag‘lariga qarab qolmagan. 2019 yilgi mavsum uchun ishlab chiqilgan litsenziyalash bo‘yicha reglament siz aytayotgan masala yo‘lidagi dastlabki qadamlardir. Davlat tomonidan moliyalashtiriladigan futbol klublari avval moddiy-texnik bazani yaxshilab olish kerak. Keyinroq klublarni aksionerlik jamiyatlariga aylantirish mumkin. Hozir esa bunga “Nasaf”dan boshqasi tayyor emas.

- O‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘ygan assotsiatsiyalar hamisha jurnalistlar bilan yaqindan hamkorlik qilib, muxlislarni imkon qadar terma jamoalar haqida to‘laqonli ma’lumotlar olishlariga sharoitlar yaratadi. Hattoki, JCh saralashlarida va boshqa muhim musobaqalarda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Eron singari mamlakat terma jamoalari safar uchrashuvlariga ham ko‘plab jurnalistlarni olib keladi. Osiyo Kubogini yoritish uchun O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining OAV bilan rejalari qanday?

- Bir jihatni adashtirmang, ular jurnalistlarni olib kelmaydi. O‘sha jurnalistlarni o‘z OAVsi yuboradi. Shunchaki ular jamoaga qo‘shilib keladi. Bizda jurnalistlarning sport rivojiga qo‘shayotgan hissasi beqiyos. Shuning uchun ham davlatimiz keng imkoniyatlar yaratib bermoqdaki, natijada biz ularni Osiyo o‘yinlari va boshqa katta musobaqalarga olib bormoqdamiz. Osiyo Kubogi ham bundan mustasno bo‘lmaydi.

- Yaqinda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyligi uchun ispaniyalik mutaxassis bilan muzokaralar olib borilayotgani haqida ma’lum qilgandingiz. Qachon rasman bosh murabbiy tayinlanadi yoki Ravshan Haydarov o‘z vazifasini davom ettirishda davom etadimi?

- Bu oson jarayon emas. Kuper masalasini ham ko‘rdingiz, qancha cho‘zilganini. Chunki biz olib kelayotgan nomzodimizga ishonishimiz kerak. Ayni vaqtda esa har kimga ham ishonib keta olmaymiz. Muzokaralar olib borishda davom etyapmiz.

- Muammolar girdobida qolib ketgan “Bunyodkor” klubini kelasi mavsumdan chempionatda ishtirok etmasligi haqida ko‘plab gap-so‘zlar yuribdi. Bu borada o‘zingiz ma’lumot berib o‘tsangiz.

- Bu savolni “Bunyodkor” futbol klubi va uning ta’sischilariga berishingiz to‘g‘riroq bo‘ladi. Men biladigan ma’lumot esa “Bunyodkor”ning qarzdorliklari masalasi. Fakt shuki, bu ishlar haqida FIFA ham yaxshi biladi.

- FIFA prezidenti Janni Infantino bilan ajoyib munosabatdasiz. Janob prezident O‘zbekistonga qachon rasmiy tashrif bilan kelishi mumkin?
- Biz uni u istagan vaqtda kutib olishga tayyormiz. Infantinoni kelajakda O‘zbekistonga taklif etamiz.

- Matbuotni qanchalik kuzatib borasiz?
- Qo‘limdagi telefonimda sport va ijtimoiy sohalarda faoliyat olib boruvchi eng ko‘zga ko‘ringan internet saytlariga tegishli kanallar va ilovalar bor. Ularni imkonim boricha kuzatib boraman. Odatda kimdir biror futbol xabarini menga ulashgunicha, men uni allaqachon o‘qib chiqqan bo‘laman.
Shuhratbek Jo‘rayev
Baxtiyor Toshtemirov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Umid Ahmadjonovdan yil yakunlariga bag‘ishlangan intervyu