
O‘zbekistonda 2025-yilning yanvar–sentyabr oylari davomida 177 mingta nikoh rasmiylashtirilgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qayd etilgan nikohlarning 91,2 mingtasi shahar hududlariga, 85,8 mingtasi esa qishloq joylariga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich mamlakat bo‘ylab oilalar sonining barqaror o‘sishi bilan birga, so‘nggi yillardagi kamayish tendensiyasini ham ko‘rsatib turibdi.
Statistika ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi besh yil ichida nikohlar soni bosqichma-bosqich kamayib bormoqda. Xususan, 2021-yilning shu davrida 206,8 mingta, 2022-yilda 197 mingta, 2023-yilda 184,5 mingta, 2024-yilda esa 179,4 mingta nikoh qayd etilgan. Joriy yilda bu ko‘rsatkich 177 mingtaga teng bo‘ldi.
Muttaxassislar bu holatni bir necha omillar bilan izohlamoqda. Ular orasida yoshlar orasidagi iqtisodiy qiyinchiliklar, uy-joy narxining o‘sishi, turmush qurishni kechiktirish tendensiyasi va ayrim hollarda chet elga ishlash uchun chiqib ketish kabi sabablar ham bor.
Shu bilan birga, sotsiologlar fikricha, nikohlar soni kamayishining yana bir sababi — yoshlarning turmush qurishga bo‘lgan yondashuvi o‘zgarib borayotganida. Ko‘pchilik avvalo moliyaviy barqarorlik, mustaqil yashash sharoiti va shaxsiy rivojlanishni ustuvor deb hisoblaydi.
Shuningdek, shahar hududlarida nikohlar soni qishloq joylariga nisbatan biroz yuqori bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu farq ham asta-sekin qisqarayotgani kuzatilmoqda.
Joriy raqamlar esa mamlakatda oilaviy munosabatlar tizimidagi o‘zgarishlar va yangi ijtimoiy tendensiyalar shakllanib borayotganidan dalolat bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!