
O‘zbekistonda aholining daromad darajasi sezilarli o‘sishni boshdan kechirmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning yanvar–sentyabr oylarida respublika bo‘ylab o‘rtacha oylik nominal ish haqi 6 million 166,9 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,2 foizga ko‘tarilgan.
Hududlar kesimida Toshkent shahri an’anaviy ravishda yetakchilik qilmoqda — bu yerda o‘rtacha oylik maosh 10 million 379,6 ming so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 18,7 foizga yuqori.
Shuningdek, ish haqining keskin o‘sishi bir qator viloyatlarda ham kuzatilgan. Xususan, Samarqand viloyatida o‘rtacha maosh 4 million 853,3 ming so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 124,8 foizga yetgan. Namanganda bu ko‘rsatkich 4 million 543,8 ming so‘m (120,9 foiz), Sirdaryoda 4 million 930,8 ming so‘m (120,7 foiz), Farg‘onada 4 million 574,5 ming so‘m (119,8 foiz), Jizzaxda esa 4 million 589 ming so‘m (119,2 foiz) bo‘lgan.
Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha tahlilga ko‘ra, eng tez o‘sish ko‘ngilochar va dam olish sohasida qayd etildi. Bu yo‘nalishdagi ish haqi 5 million 114,7 ming so‘mga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilga nisbatan 22,8 foizga ko‘paygan.
Ta’lim sohasida ham ijobiy dinamika kuzatildi — bu yo‘nalishda o‘rtacha ish haqi 4 million 188,5 ming so‘mga yetdi, o‘sish 19,8 foizni tashkil etdi.
Shu bilan birga, transport va logistika yo‘nalishida ish haqi 9 million 382,1 ming so‘m bo‘lib, 16,7 foizga oshgan. Axborot va aloqa sohasi esa 14 million 985,8 ming so‘m bilan yuqori pog‘onani egalladi — bu yerda o‘sish 16,6 foizni tashkil etdi. Sanoatdagi ish haqi 7 million 301 ming so‘m bo‘lib, 16,3 foizlik o‘sish qayd etildi.
Qurilish sohasida ish haqi 6 million 342,6 ming so‘mga yetdi (9,2 foiz o‘sish), savdo sohasida — 6 million 875,6 ming so‘m (12,1 foiz), yashash va ovqatlanish xizmatlarida — 5 million 122,8 ming so‘m (10,1 foiz), sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda — 3 million 765,4 ming so‘m (14,6 foiz).
Bank, sug‘urta va kredit sohalarida esa eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilgan — o‘rtacha ish haqi 16 million 828,9 ming so‘m bo‘lib, 15,6 foizga oshgan.
Mutaxassislar fikricha, ish haqlarining bunday o‘sishi mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlik, ishlab chiqarish faolligi va yangi ish o‘rinlari yaratilayotganining belgisi hisoblanadi. Shu bilan birga, soha kesimidagi farqlar hududiy iqtisodiy salohiyat va investitsiya muhitining turlicha rivojlanganini ham ko‘rsatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!