
«Manchester Siti»ning yangi darvozaboni Janluiji Donnarumma Angliya Premer-ligasidagi ilk mavsumini juda yorqin boshladi. 26 yoshli italiyalik posbon debyut uchrashuvidayoq sentyabr oyining eng yaxshi seyvi sohibi deb topildi.
Uning bu muvaffaqiyati «Manchester Yunayted»ga qarshi mankunian derbida qayd etilgan. Ushbu bellashuvda Donnarumma Brayan Mbemonning juda xavfli zarbasini qaytarib, jamoasini aniq goldan saqlab qolgandi. O‘yin 3:0 hisobida “Siti”ning yirik g‘alabasi bilan yakunlangan.
Daily Mail nashriga bergan intervyusida Donnarumma o‘z his-tuyg‘ulari bilan o‘rtoqlashdi:
— Debyutlar hech qachon oson kechmaydi, ayniqsa yangi chempionatda. Ammo bu o‘yin men uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. To‘g‘risi, biroz hayajon ham bor edi, lekin men uni yengdim deb o‘ylayman. Bu klubning tarixiga munosib bo‘lish men uchun katta sharaf, — dedi u.
Taniqli posbon “Siti” safidagi ilk oylarini juda muvaffaqiyatli boshladi. Hozirgacha u barcha musobaqalar doirasida 8 ta uchrashuvda darvozani qo‘riqlab, ularning 5 tasida raqiblarga gol urish imkonini bermadi.
Tahlilchilarning fikricha, Donnarummaning kelishidan so‘ng “Siti” himoyasi yanada ishonchli ko‘rinishga ega bo‘ldi. Uning tezkor reaksiyasi, baland sakrash qobiliyati va pozitsion hissi jamoa uchun muhim ustunlikka aylangan.
Gvardiola esa shogirdini maqtab, “Janluiji hali o‘zining eng yaxshi formasiga chiqmagan bo‘lsa ham, u qanday darajadagi darvozabon ekanini ko‘rsatdi”, degan fikrni bildirgan.
Ma’lumot uchun, Donnarumma yozda 35 million yevro evaziga “PSJ”dan “Manchester Siti”ga ko‘chib o‘tgandi. Uning klub bilan tuzgan shartnomasi 2030-yilgacha mo‘ljallangan. Muxlislar esa uni kelasi o‘n yillikda “Etixad”ning asosiy qo‘riqchisi sifatida ko‘rishni intizorlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!