14:54 / 08.01.2019
3 082

Eng yaxshi natijaga erisha olishimiz uchun 4 sabab

Eng yaxshi natijaga erisha olishimiz uchun 4 sabab
Ertaga, 9 yanvar kuni Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi-2019 turniridagi ilk oʻyinini oʻtkazadi. Terma jamoaning bu turnirdagi eng yaxshi natijasi 2011 yilga toʻgʻri keladi. Oʻshanda Vadim Abramov bosh murabbiyligidagi jamoa yarim finalgacha chiqib borgandi. Endilikda bu vazifani yaxshilash uchun yoki finalga chiqish yoki hech boʻlmasa, yarim finalda 0:6 hisobida magʻlubiyatga uchramaslik kerak boʻladi. Xoʻsh, bunday natija bugungi jamoamizning qoʻlidan keladimi? Hozirgi holatimiz vaziyatga optimistik qarash uchun yetarli boʻla oladimi?

Ilk kundan yaxshi kayfiyatda boʻlish balki turnir davomida bizga hamroh boʻlishidan umid qilgan holda, ijobiy natijalarga sabab boʻla oladigan omillarni tilga olishga qaror qildik.

Taqvim

Guruhimizda turnir favoritlaridan biri Yaponiya terma jamoasi oʻrin olgan boʻlsa-da, taqvimning biz uchun qulay ekanini eʼtirof etish kerak.

Birinchidan, Yaponiya terma jamoasi bilan soʻnggi turda roʻpara kelamiz. Toʻgʻri, guruhdan chiqish uchun baribir Ummon va Turkmanistonga qarshi oʻyinlarda ijobiy natija qayd etish kerak, ammo guruh favoriti boʻlmish yaponlar biz bilan oʻyingacha katta ehtimol bilan masalani hal qilgan boʻlishadi.

Endi tasavvur qiling, birinchi turda Yaponiya bilan oʻynab, magʻlubiyatga uchraganimizda, nima boʻlardi? Qaysidir raqibimiz oʻsha kuni uch ochko egasiga aylanardi va 2-turda biz katta bosim ostida qolar edik. Gʻalaba qozonish shart boʻlgan oʻyinda maydonga tushish bilan birgalikda, soʻnggi turda kim bilandir Yaponiyaning bor kuch bilan oʻynashiga umid qilishimizga toʻgʻri kelardi.

Ikkinchidan, agar guruhda 2-oʻrinni oladigan boʻlsak, Avstraliya, Iordaniya, Suriya va Falastin oʻrin olgan guruhning ikkinchi jamoasiga qarshi maydonga tushishimiz kerak. Avstraliya ilk oʻyinda magʻlubiyatga uchragan boʻlsa-da, menimcha, guruhda favoritligicha qolsa kerak va balki bizga nimchorak finalda arab jamoalaridan biri toʻqnash keladi. Mabodo chorak finalga chiqib qoladigan boʻlsak ham, u yerda bizni Eron, Koreya, Yaponiya emas, eng kuchli holatda BAA kutib oladi.

Albatta, BAA oʻz holicha va maydon egasi sifatida xavfli raqib, lekin ularni yutsa boʻladi. Demak, hammasi biz oʻylagan reja boʻyicha ketsa, Oʻzbekiston Osiyo peshqadamlari bilan oʻynamay turib ham, yarim final ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Kuper va sharoit

Bu ikki faktorni ikki xil talqin qilish mumkin. Sharoitlar yaxshi boʻlgani va eʼtibor kuchaygani tufayli, Ektor Kuper kabi mutaxassis taklif etildi. Yoki Kuper terma jamoamizda ishlayotgani uchun yaxshi sharoitlarga ega boʻlindi. Tan olaylik, mahalliy murabbiylar tayyorgarlik uchun zarur boʻlgan barcha talablarini federatsiyadan soʻrab ololmasdi. Koʻpincha, oʻzimizning murabbiylar taqdim etilgan shartlarda ishlashga majbur boʻlishardi. Kuperni taklif qilib, mutasaddilar nafaqat tajribali murabbiyga ega boʻlishdi, balki terma jamoamiz tayyorgarligi uchun avvalgidan koʻproq jonbozlik koʻrsatishga rozi ekanliklarini namoyish qilishdi.

Toʻgʻri, soʻnggi pallalarda terma jamoamiz oʻrtoqlik oʻyinida maydonga tushmadi va Osiyo Kubogi oldidan birorta nazorat oʻyinini oʻtkazmagan yagona jamoa boʻldi. Lekin bu yerda muhimi – Kuper bunday uchrashuvni oʻtkazishni istab, ammo yakunda reja amalga oshmay qoldimi yoki oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazmaslik qarori murabbiyning tashabbusi bilan qabul qilindimi? Bilishimcha, Kuperning oʻzi Osiyo Kubogi oldidan hech kim bilan oʻynamaslikni ixtiyor etgan.

Bunday holda oʻrtoqlik oʻyinlari boʻlmagani uchun murabbiyni hozirdan tanqid qilishimiz nooʻrin. Oʻrtoqlik oʻyini Osiyo Kubogida qarshimizga chiqadigan yakuniy “mahsulot”ni tayyorlashda kerak boʻladigan masalliqdir. “Oshpaz” bu masalliqsiz ham “ovqati” shirin boʻlishini aytyaptimi, demak biz isteʼmolchi sifatida unga “mana bu narsadan qoʻsh”, “mana bu kamroq boʻlib qolibdi, qozonga solsang, shirinroq boʻladi”, deb oʻrgata olmaymiz.

Qachonki, agar ilk oʻyinlarda terma jamoamiz aʼzolarida oʻzaro tushunmovchiliklar koʻzga tashlansa, muammolarni koʻrsak, biz Kuperni tayyorgarlik yaxshi boʻlmagani, oʻrtoqlik oʻyinlaridan voz kechish aslida zararimizga ishlaganini aytib, tanqid qilishga haqqimiz boʻladi. Demak agar oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazilmagani sizga qattiq taʼsir qilayotgan boʻlsa, kamida ertani kuting.

Yangi rahbariyat

Eʼtibor bersangiz, har qanday jamoada yoki tashkilotda rahbar almashsa, ishlar ijobiy tomonga oʻzgara boshlaydi. Bu yerda gap yangilarning eskilardan aqlliroq, yaxshiroq ekanida ham emas, shunchaki, bir rahbar yoki murabbiyning uzoq vaqt bir yerda turib qolishi natijasida, turgʻunlik davri yuzaga kelgan boʻladi, bu esa, tabiiyki motivatsiyaga, natijalarga, ambitsiyalarga taʼsir qiladi.

Misol uchun, 2001 yilda futbolimizda yangi rahbarlar kelganida ham, 2006 yilda Mirabror Usmonov futbolimiz boshiga kelganida ham, jamoalarimizda, umuman futbolimizda sezilarli oʻzgarishlar boʻlgan. Chunki yangi rahbar avvalgi xizmatlarining “ustida oʻtirmaydi”, tezda oʻzini koʻrsatish payida boʻladi.

Bugungi rahbarlarimiz uchun bu ilk jiddiy turnirdir. Tabiiyki, soʻnggi vaqtlarda qilingan ishlar bejizga ketmagani, toʻgʻri amalga oshirilganini isbotlash uchun ham ular masʼuliyatliroq yondashishlari tabiiy. Endi esa, natijani, yaʼni rostdan ham ijobiy oʻzgarishlar boʻlayotganini kutishga haqlimiz.

Motivatsiya

Yuqoridagi omilni xususan terma jamoamizning bugungi tarkibiga nisbatan ham ishlatish mumkin. Kuper jamoasida hozirda juda koʻp iqtidorli va yosh futbolchilar yigʻilgan va aytish mumkinki, ularning aksariyati bugungi kunda faoliyatlaridagi burilish nuqtasida turishibdi. Chunki, aynan Osiyo Kubogidagi muvaffaqiyatli oʻyin va natija tufayli ular balki kelajaklari uchun katta taʼsir qiladigan shartnomalarga ega boʻlishlari mumkin. Sidiqov, Masharipov, Rashidov, Hamdamov, Shukurov va boshqa futbolchilarda faoliyatlaridagi navbatdagi dadil qadamni tashlash pallasi kelgan.

Shu nuqtai nazardan, bugungi jamoani 2011 yildagi Abramov jamoasiga oʻxshataman. Oʻshanda ham koʻpgina futbolchilar, xususan Odil Ahmedov ham aynan oʻsha turnirdan keyin, legionerga aylangandi. 2015 yilda esa aksincha, tarkibdagi yetakchi futbolchilar Kapadze ham, Jeparov yoki boshqalar ham faoliyatdagi soʻnggi davrlarni oʻtkazayotgan edi. Yuqorida tilga olingan Odil Ahmedovning holati, yaʼni Osiyo-2011 turniridan keyin juda yaxshi transfer shartnomalariga ega boʻlgani bugungi yosh futbolchilarga namuna boʻlishi kerak.

Qisqasi, mister Kuperga futbolchilarimizda motivatsiya uygʻotish u qadar qiyin boʻlmaydi.
Q.Aslanov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eng yaxshi natijaga erisha olishimiz uchun 4 sabab