"Barselona" klubi prezidenti Joan Laporta yaqinda bergan intervyusida shaxsiy e’tiqodi haqida gapirdi va o‘z fikrlari bilan jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Xudoga ishonadi, ammo o‘zini dindor deb hisoblamaydi.
"Men Xudoga ishonaman. Imon menga kuch va ishonch beradi, lekin men diniy amallarni bajara olmayman. Men uchun ishonch – bu insonni ichki jihatdan mustahkamlaydigan kuch. Bir episkop aytganidek, jannat – bu ‘Barsa’ har besh daqiqada ‘Real’ darvozasiga gol urgani joy. Agar Xudo bor bo‘lsa, u albatta ‘Barselona’ tarafida", – dedi Laporta tabassum bilan.
Ko‘plab muxlislar uning bu so‘zlarini hazil va ishonch aralash fikr sifatida qabul qilishdi. Ammo Laporta har doim o‘z klubini faqat sport jihatidan emas, balki ma’naviy kuch jihatidan ham yuqori qo‘yadigan shaxs sifatida tanilgan.
Ayni paytda La Liganing 8-turidan so‘ng “Real Madrid” 21 ochko bilan chempionatda peshqadamlik qilmoqda. “Barselona” esa 19 ochko bilan ikkinchi pog‘onada joylashgan. Mavsumning eng kutilgan bahsi – “El Klasiko” 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu bellashuv nafaqat jadvaldagi raqobatni, balki Laporta aytgan “jannatdagi g‘alaba”ning ramziy ma’nosini ham yana bir bor namoyon etishi mumkin.
Shu tariqa, “Barsa” prezidentining qalbdan chiqqan so‘zlari muxlislar orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Uning “Xudo ‘Barsa’ bilan” degan gapi klub tarixidagi eng yodda qolarli iqtiboslardan biriga aylanishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!