AQSh prezidenti Donald Tramp 16 oktyabr kuni HAMAS harakatiga nisbatan qat’iy bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, agar G‘azo sektorida falastinlik jangchilar fuqarolarga qarshi zo‘ravonlikni to‘xtatmasa, AQSh yoki ittifoqchi kuchlar aralashuvisiz qolmaydi. Bu haqda Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Agar ular odamlarni o‘ldirishda davom etsa, bizda faqat bir chora qoladi — ichkariga kirib, ularni yo‘q qilish”, — dedi Amerika rahbari. U qaysi kuchlar amaliyotda ishtirok etishi mumkinligi haqida aniq ma’lumot bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp avvalroq HAMASning ba’zi harakatlariga nisbatan “juda yomon to‘dalar”ga qarshi chora deb izoh bergan va bu haqda “hammasi yaxshi”, degan edi. Ammo keyinchalik G‘azo shahri janubidagi qatl tasvirlangan video tarqalganidan so‘ng, vaziyat keskin o‘zgardi.
Xabarlarga ko‘ra, video yozuvda taxminan sakkiz kishining qatl qilinganini ko‘rish mumkin. DPA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, HAMAS bu fuqarolarni Isroil armiyasi bilan hamkorlikda ayblagan. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi bu holatni “dahshatli” deb atadi, Falastin ma’muriyati esa qonunbuzarlikni qat’iy qoraladi.
Isroil hukumati esa o‘z navbatida HAMASdan barcha garovga olinganlarning jasadlarini topshirishni talab qildi. Agar bu amalga oshmasa, G‘azo hududida harbiy harakatlarni qayta boshlash bilan tahdid qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuv bo‘yicha HAMAS jami 28 nafar shaxsning jasadini topshirishi kerak. Hozirga qadar 10 ta jasad qabul qilingan, ammo ulardan biri G‘azoning noma’lum fuqarosi ekani aniqlandi.
Tramp esa o‘z navbatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan bu masalani muhokama qilishini aytdi. CNN telekanaliga bergan intervyusida u: “Agar HAMAS kelishuvni buzsa, Isroil kuchlari ko‘chalarga yana qaytishi kerak bo‘ladi — buni men aytgan zahoti amalga oshirishadi”, — dedi.
Shuningdek, AQSh prezidenti yana bir bor ta’kidladi — agar HAMAS qurolsizlanish shartlarini bajarmasa, unga nisbatan harbiy zarba berilishi ehtimoli katta.
Tahlilchilar fikricha, Trampning bu bayonoti G‘azo atrofigidagi vaziyatni yanada keskinlashtirishi mumkin. Biroq Vashingtondagi manbalarga ko‘ra, Oq uy hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakat rejasini muhokama qilmayapti — asosiy maqsad diplomatik bosim orqali kelishuvni ta’minlashdir.
Shunday bo‘lsa-da, Trampning so‘nggi so‘zlari G‘azo mojarosida AQSh pozitsiyasining yanada qattiqlashganini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!