date

"Fenerbahçe" prezidenti Mourinyoni jiddiy tanqid qildi

"Fenerbahçe" prezidenti Mourinyoni jiddiy tanqid qildi

"Fenerbahçe" klubining yangi prezidenti Sadettin Saran jamoaning sobiq bosh murabbiyi Joze Mourinyo faoliyati haqida ochiqchasiga gapirdi. Uning taʼkidlashicha, portugaliyalik mutaxassis klubni ogʻir holatda qoldirgan.

“Oʻtmish haqida koʻp gapirishni istamayman, ammo yozgi tayyorgarlik jarayoni shunchalik yomon oʻtgani uchun afsusdaman. Portugaliyada jamoa kuniga faqat bir marta mashgʻulot oʻtkazardilar — shu narsa yetarli dalil”, — dedi Saran jurnalistlar bilan suhbatda.

Prezident soʻzlariga koʻra, yangi futbolchilar jamoaga qoʻshilganida Mourinyo hali lavozimda boʻlgan, ammo besh hafta oʻtib, klubni tark etgan. “Uning ketishi sababli mavsumoldi tayyorgarligimiz izdan chiqdi. Bu oqibatlar hozirgacha sezilmoqda”, — deya qoʻshimcha qildi u.

Saran shuningdek, Mourinyo ketganidan soʻng klubda muhit mutlaqo soʻnganini aytdi. “Oʻsha paytda ‘Fenerbahçe’da hayot oʻlgandek edi — buni yumshoq qilib aytyapman. Qarorgohga kelganimda buni oʻz koʻzim bilan koʻrdim”, — dedi u.

Prezidentning bu soʻzlari muxlislar orasida katta muhokamalarga sabab boʻldi. Ayrimlar uning fikrini qoʻllab-quvvatlasa, boshqalar Mourinyo qisqa muddatda ham jamoaga taʼsir koʻrsatganini taʼkidlashmoqda.

Saran taʼkidlashicha, hozir “Fenerbahçe”da yangi bosqich boshlanmoqda. Jamoa yana ruhiy birlikni tiklab, yangi mavsumga jiddiy tayyorgarlik koʻrayapti. “Endi oʻzgarish vaqti keldi — ‘Fenerbahçe’ yana jonlanadi”, — dedi klub rahbari ishonch bilan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Fenerbahçe" prezidenti Mourinyoni jiddiy tanqid qildi