Ma’lumki, o‘zbek muaytayi ham jahonda o‘z o‘rniga ega. Bir necha yillar avval, yurtimizda taylarning milliy sport turi bo‘yicha nufuzli turnirlar tez-tez o‘tkazilib turilardi.Shuningdek, ko‘plab musobaqalarda yurtdoshlarimiz faxrli o‘rinlarni qayd etib, jahon arenalarida yurtimiz sha’nini munosib himoya qilishgan va buni davom ettirishmoqda.
Ayniqsa, hozir professional yo‘nalishda juda ko‘plab hamyurtlarimiz ajoyib yutuqlarni qo‘lga kiritishyapti. Ular orasida Naimjon To‘xtaboyev yanvar oyining so‘ngi kuni Myanmada Birma boksi bo‘yicha 75 kgda World Letvey Champion kamari uchun jangda g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. Ahamiyatli jihati bir necha yillardan buyon chempionlikni xech kimga bermay kelayotgan mashhur Tutu o‘z yurtida, o‘z milliy sport turi bo‘yicha mavh etildi. To‘xtaboyevni janubiy-sharqiy Osiyoda juda yaxshi tanishadi. Taylarning va birmaliklarning milliy sport turlari bo‘yicha eng kuchli jangchilari ham bas kela olmayotgan hamyurtimiz bu mamlakatlarda anchagina mashhurlikka erisha olgan.
Biz ushbu muaytay ustasi bilan suhbat uyushtirdik. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.
- Avvalo, chempionlik kamarini qo‘lga kiritganingiz bilan tabriklaymiz!
- Rahmat.
- Biroz faoliyatingizda tanaffus yuzaga keldi. Bunga sabab nima edi?
- Otam insultni boshdan kechirdi. Qolaversa, yigitlik burchim -bir yillik harbiy xizmatni o‘tadim. Shuning uchun, sportdan uzoqlashgan vaqtim bo‘ldi.
- O‘zbek muaytayining gullagan davrlari ortda qolgandek taassurot uyg‘otmoqda... Bunga sabab nima bo‘ldi?
- Bu fikringizga qo‘shilmagan bo‘lardim. To‘g‘ri, bir necha yillar muqaddam o‘zbek muaytayi tez sur’atlarda rivojlana boshladi. Sababi, rahbariyat jiddiy e’tibor qaratdi. Mamlakatimizda jahon miqyosidagi musobaqalar tez-tez o‘tkazilib turilardi. Hozirda esa bunday turnirlarga mezbonlik qilinmayotganligi tufayli, shunday taassurotlar uyg‘onayotganligi aniq. Biroq o‘zbek muaytayining eng yaxshi davrlari endi kelmoqda. Avvallari yuqori darajadagi sanoqli sportchilar bo‘lardi. Hozir esa bizdan ham saviyali yoshlar juda ko‘pchilikni tashkil qiladi.
- “Bizdan ham saviyali yoshlar”,- deganda kimlarni nazarda tutdingiz?
- Juda ko‘p.
- Keling shunga aniqroq javob bersangiz?
- Shohruh Holmurodov, Mansurbek Tolipov, Qobilbek To‘laboyevlarni aytishim mumkin. To‘g‘risi, hozir yodimga kelgani shular. Aslida, yuqorida ta’kidlaganimdek iste’dodlar juda ko‘p.
- Muaytay, K-1 kabi yo‘nalishlarda jang qilishni tushunish mumkin. Lekin juda xavfli hisoblanuvchi birma boksi va faqat nokaut bilan yutish mumkin bo‘lgan g‘ayritabiiy turnirlarda ishtirok etishga nima majbur qilmoqda?
- Ehtimol, ushbu jangovar sport turi chetdan qaraganda xavfli ko‘rinishi mumkindir. Darhaqiqat, qonun-qoidalariga ko‘ra shunday ekanligi tabiiy. Lekin qaysi yakkakurash bexatar emas? Har birining o‘ziga yarasha qiyinchiligi bo‘ladi. Birma boksining o‘ziga yarasha zavqi, gashti va qiziqarli tomonlari ham bor. Buni faqatgina ushbu sport olamiga kirsangizgina bilasiz.
Bu jangovar turini dastlab, 2014 yili bevosita tomosha qilganman. O‘shanda qiziqishim ortgandi. Bu yo‘nalishda ringga chiqsam, o‘zimni xuddi o‘tmishga tushib qolgandek his qilaman. Bobomiz Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi davrlari yodimga tushadi. Chunki bu sportda faqatgina nokaut evaziga g‘alaba qozonishingiz mumkin. Qadimda ham ushbu bobokalonlarimiz vatan uchun so‘ngi nafasiga qadar jang qilishganku, shuning uchun ham bunday tuyg‘u va kechinmalar qurshovida qolsam kerak.
- Shu o‘rinda Birma boksi haqida biroz ma’lumot berib o‘tsangiz?
- Yuqorida ta’kidlab o‘tganimdek faqat nokaut qilib g‘alaba qozonishga erishasiz. Agar jang mobaynida katta ustunlik qilib ham nokaut qila olmasangiz, durang qayd etiladi. Yiqitish va bosh bilan ham zarba berish mumkin. Qolaversa, qo‘lqoplarsiz jang qilinadi.
- Tutu bilan jangchi, unda ochkolar hisobiga g‘alaba qozongansizku?
- Chempionlik tituli uchun bo‘lgan bahslarda g‘olib aniqlanishi kerak bo‘ladi. Shuning uchun, ochkolar hisoblanadi. Qolgan har qanday janglarda yuqoridagi qonun-qoida amal qilinadi.
- Ushbu myanmalik yakkakurashchi bilan avval ham to‘qnash kelgandingiz. Aytingchi, qay biri siz uchun murakkab jang bo‘lgandi?
- Yanvarda bo‘lgan chempionlik to‘qnashuvi qiyin kechdi. Chunki bu safar uning milliy sport turi bo‘yicha jang qildim. Shu bilan birga, uning yurtida ringga ko‘tarildim. Birinchi uchrashuvimiz Tailandda muaytaydan bo‘lgandi.
- Myanmadagi dastlabki jangingiz juda shov-shuv bo‘lgandi. Bu vaqtda ushbu mamlakat notinch bo‘lsada, turnirga borgandingiz. Nega?
- Ma’lumki, 2017-2018 yillar ushbu mamlakatda dinlararo nizo yuzaga kelgandi. To‘g‘rirog‘i, musulmonlarga nisbatan tazyiqlar bo‘lgan. Bevosita ijtimoiy tarmoqlarda dindoshlarimizni qanday qiyinchiliklarga uchraganlarini ko‘rib, ichimga sig‘maganman. Qaniydi imkonim bo‘lsa, yordam bera olsam degan fikrlar qiynagan. Aynan o‘sha vaqtda menga ushbu jang yuzasidan taklif bo‘lgan va buni ikkilanishlarsiz qabul qilganman. Zero, ringda myanmalik jangchini mag‘lub etib, oz bo‘lsada o‘sha yerlik musulmonlarga dalda bo‘lgim kelgan.
- Juda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgansiz... Lekin bu doimo soyada qolib ketadi. Balki, boshqa istiqbolli sport turlarida o‘zingizni sinab ko‘rarsiz. Chunki bunga salohiyatingiz yetadi deb o‘ylayman?
- Ochig‘i, hozirga qadar erishganlarimni yutuqlarimning boshlanishi deb bilaman. Hali ulkan zafarlarim oldinda. Qolaversa, ushbu sport turi bo‘yicha ajoyib natijalar qayd etib, yurtimiz bayrog‘ini sarbaland bo‘lishiga hissa qo‘shayotgan Anvar Boynazarov, Muhammad Jahongirov, Mavlud Tifiyev, Bobur Tagiyev, Shohruh Holmurodovlar mendan ko‘ra ko‘proq muvaffaqiyat qozonishgan. To‘g‘ri, bizda Olimpiada dasturidan o‘rin olgan sport turlariga e’tibor yuqori. Lekin nolimayman. Bizni ham bevosita internet orqali tanib, yutuqlarimizdan xursand bo‘layotganlar, duo qilayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Biror joyga borib qolsam, tanib otangga rahmat deyishlarini o‘zi yetadi. Eng asosiysi vatanimiz sha’nini munosib himoya qilayotganimdan xursandman.
- Yaqindagina qandaydir promouterlik kompaniyasi bilan shartnoma imzolaganingiz haqida eshitgan edik. Shunga oydinlik kiritsangiz?
- Ha, Tailandining Pxuket shahrida joylashgan jahonga mashhur “Tiger Muay Thai” klubi bilan 5 yillik kelishuvga erishdim. Mazkur klub bevosita promouterlik ishlari bilan ham shug‘ullanadi. Bir so‘z bilan aytganda, yakkakurash turlariga oid barcha yo‘nalishda kuchli jangchilar tayyorlash barobarida ularga janglar ham tashkil qiladi. UFC da ishtirok etadigan a’zolari ham bor. Bu klub bilan shartnomaga ega bo‘lish juda qiyin.
- O‘sha UFC da jang qiladigan a’zolari kimlar ekanligini bilasizmi?
- Zubayra Txugov, Mayrbek Taysumovlarni ayta olaman.
- “Tiger Muay Thai” bilan necha nafar o‘zbekistonlik jangchi shartnomaga ega?
- Anvar Boynazarov, Muhammad Jahongirov va men.
- Balki, MMAda o‘zingizni sinab ko‘rish istagi bordir?
- O‘zbekistonda MMA assotsiatsiyasi tashkil qilinganidan so‘ng, ushbu tashkilot tomonidan menga taklif bildirildi. Albatta, jang qilishim mumkin.
- Ushbu darajaga o‘z-o‘zidan yetib kelmaganligingiz aniq. Sababchi insonlarni tilga olmasak to‘g‘ri bo‘lmaydi?
- Ota-onam. Bular omadim, qudratim va suyanchim. Har qanday holatda ham menga dalda bo‘ladigan, kuch-quvvat bag‘ishlaydigan insonlar. Ularsiz xech qanday natija ko‘rsata olmasdim va olmayman ham.
- Mazmunli suhbatingiz uchun minnatdorchilik bildiramiz!
- Sizlarga ham katta rahmat.
Ahmadbek Eshmatov
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»