date

O‘zbekistonda internetdan foydalanish rekord darajada oshdi

O‘zbekistonda internetdan foydalanish rekord darajada oshdi

O‘zbekistonda raqamli hayot tobora rivojlanib, aholining internetdan foydalanish ko‘rsatkichi rekord darajaga yetdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–avgust oylari holatiga internetdan foydalanuvchilar ulushi mamlakat aholisining 94,2 foizini tashkil etdi.

Bu raqam so‘nggi yillarda internet infratuzilmasi va raqamli xizmatlar qanchalik jadal sur’atlar bilan rivojlanayotganini yaqqol namoyon qiladi. Xususan, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 76,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda 83,9 foizga ko‘tarilgan. 2023 yilda esa aholining 89 foizi internetdan foydalangan, 2024 yilda esa qamrov darajasi 93,3 foizga yetgan.

Ko‘rinib turibdiki, so‘nggi to‘rt yil ichida internet qamrovi qariyb 18 foizga o‘sgan. Bu esa nafaqat texnologiyalar taraqqiyoti, balki aholining raqamli xizmatlarga qiziqishi va ulardan faol foydalanishini ham ko‘rsatadi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, aholi ulushining bunday darajada yuqori internet faolligi mamlakatda ta’lim, tijorat, axborot almashinuvi va xizmat ko‘rsatish sohalarini yangi bosqichga ko‘tarmoqda. Shu bilan birga, davlat xizmatlari ham bosqichma-bosqich raqamli formatga o‘tmoqda, bu esa fuqarolar uchun qulaylik yaratadi.

Tahlilchilar fikricha, internetdan foydalanuvchilar ulushi 100 foizga yaqinlashishi, mamlakatda raqamli iqtisodiyot va onlayn xizmatlarning yanada ommalashishiga olib keladi. Bu jarayon, ayniqsa, yoshlar orasida yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Shu tariqa, O‘zbekistonda internet qamrovining 94,2 foizga yetishi mamlakatning raqamli taraqqiyot yo‘lida qo‘ygan navbatdagi muhim qadami sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda internetdan foydalanish rekord darajada oshdi