date

Indoneziyada maktab binosi qulab, fojea yuz berdi

Indoneziyada maktab binosi qulab, fojea yuz berdi

Indoneziyaning Sidoarjo shahrida joylashgan Al-Xozini maktab-internatida katta fojea sodir bo‘ldi. Mahalliy axborot vositalari yozishicha, ta’lim muassasasi binosi bir onda qulagan va bu ko‘plab bolalarning hayotiga xavf tug‘dirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, halokat natijasida 13 yoshli bir o‘quvchi vafot etgan. Shuningdek, 90 dan ziyod inson turli darajada jarohat olgan, ulardan ayrimlarining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda. Yordamchilar taxminlariga ko‘ra, 38 ga yaqin kishi vayronalar ostida qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

Tekshiruvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, maktab dastlab ikki qavatdan iborat bo‘lgan. Biroq keyinchalik qonun talablariga zid ravishda qo‘shimcha qavatlar qurilgan. Poydevor esa bunday ortiqcha og‘irlikka dosh berolmagan va natijada bino birdaniga vayron bo‘lgan.

Hozirda favqulodda xizmat xodimlari, harbiylar va politsiya kuchlari hodisa joyida qutqaruv ishlarini olib bormoqda. Vayronalar ostida qolganlarga maxsus quvurlar orqali kislorod va ichimlik suvi yetkazilmoqda.

Mahalliy hukumat hodisani “ulkan fojea” deb baholab, qurilishdagi qoidalarga amal qilinmagani halokatning asosiy sababi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Shu bilan birga, voqeadan keyin mamlakatda maktab binolarining mustahkamligi va qurilish nazoratini kuchaytirish zarurati haqida bahs-munozaralar yanada jonlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Indoneziyada maktab binosi qulab, fojea yuz berdi