date

Saudiyada Tramp sharafiga milliard dollarlik osmono‘par quriladi

Saudiyada Tramp sharafiga milliard dollarlik osmono‘par quriladi
Saudiya Arabistonida Donald Tramp sharafiga yangi yirik inshoot barpo etilmoqda. Dar Global developerlik shirkati Trump Organization bilan hamkorlikda Jidda shahri markazida Trump Plaza Jeddah nomli osmono‘par qurilishini boshladi.

Majmua bir milliard dollarlik investitsiya asosida barpo etilmoqda. Unda premium darajadagi turarjoylar, zamonaviy apartamentlar, A toifali ofislar va eksklyuziv taunxauslar joylashadi.

Trump Organization ijrochi vitse-prezidenti Erik Tramp:
“Trump Plaza Jeddah loyihasi Saudiyadagi ishtiroqimizni yanada kengaytiradi. Biz mehmonnavozlik, zamonaviy turmush va faol biznes muhitini uyg‘unlashtirib, dunyo darajasidagi inshoot yaratamiz”, — deya ta’kidladi.

Yangi osmono‘parning aniq ishga tushish vaqti aytilmagan. Biroq loyiha Saudiyada qimmat turarjoy va tijoriy ko‘chmas mulk bozori keskin o‘sib borayotgan paytda amalga oshirilmoqda.

Faqat 2024 yilning o‘zida podshohlik milliondan ziyod yangi uylar va yetti million kvadrat metrlik savdo hamda ofis binolari qurilishi uchun 1,3 trillion dollar yo‘naltirgan edi.

Qayd etish joizki, Tramp oilasi Saudiyada Trump Tower Jeddah deb atalgan yana bir osmono‘par qurilishini ham olib bormoqda. Qizil dengiz sohilidagi ushbu hashamatli majmua 2028 yilda foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Donald Trampning ikkinchi prezidentlik davri boshlangach, arab monarxiyalari uning e’tiborini qozonish uchun tijoriy loyihalar va katta sarmoyalar yo‘naltirmoqda. Joriy yil may oyidagi Riyoz tashrifi chog‘ida Saudiya va AQSH o‘rtasida 600 milliard dollarlik bitimlar imzolangandi.

Qo‘shni Qatar davlati esa Trampni mamnun etish maqsadida 400 million dollarlik luks samolyot hadya qilgani haqida ma’lum qilingan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Saudiyada Tramp sharafiga milliard dollarlik osmono‘par quriladi