Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanalida kanalizatsiya suvlari oqizilgani haqida tarqalgan ma’lumotlar ortidan keng ko‘lamli tekshiruvlar o‘tkazildi. Hozirda ushbu jarayonning dastlabki natijalari jamoatchilikka e’lon qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Bo‘zsuv aeratsiya inshooti”ning birinchi va uchinchi tashlama nuqtalarida olingan suv namunalarida qator ko‘rsatkichlar belgilangan me’yorlardan o‘nlab marta yuqori ekani aniqlangan. Xususan, muallaq moddalar, ammoniy ioni, nitrit azoti, sulfat va fosfatlar, biologik parchalanish ko‘rsatkichlari, neft mahsulotlari, shuningdek, mis va temir miqdorlari keskin oshgani qayd etilgan.
Ekologlar va mutaxassislarning xulosasiga ko‘ra, bu holat tabiat va suv resurslariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Atrof-muhitga yetkazilgan zararni hisoblash natijasida 1 milliard 511 million 966 ming 450 so‘m miqdorida kompensatsiya puli to‘lash belgilandi.
Shu munosabat bilan Bosh prokuratura tomonidan “Toshkent suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan Jinoyat kodeksining 205- va 207-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tergov harakatlarini olib bormoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, ekologik qonunbuzarliklarga nisbatan qattiq choralar ko‘rilishi nafaqat tabiatni muhofaza qilish, balki bunday holatlar kelgusida takrorlanishining oldini olish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!