09:55 / 12.03.2020
2 072

El Cholo «Enfild»ni tinchitdi, Neymar – bo‘sh stadion qahramoni

El Cholo «Enfild»ni tinchitdi, Neymar – bo‘sh stadion qahramoni
Foto: AFP/Getty Images
YECHLda yana ikki chorak finalchi aniqlandi. «Atletiko» mehmonda «Liverpul»ni mag‘lub etib keyingi bosqichga chiqqan bo‘lsa, «PSJ» o‘z maydonida «Borussiya»ga imkoniyat qoldirmadi.

Hissiyotsiz qolgan «arilar» chaqa olmadi
Tunda o‘tkazilgan ikki o‘yindan biri oldinroq tugadi, desayam bo‘ladi. «PSJ» asosiy vaqtning o‘zida «Borussiya»ni «tinchitib» qo‘ya qoldi. Neymar va Bernardning gollari parijliklarga g‘alaba keltirib, Germaniyadagi 2:1 hisobining ahamiyatini yo‘qqa chiqardi. Bu o‘yin koronavirus tarqalishi oldini olish maqsadida muxlislarsiz o‘tkazildi. Bu omil mezbonlarga qiyinchilik tug‘dirishi kutilgandi, axir o‘z maydonida muxlislari daldasisiz o‘ynash qiyin-da!

Ammo stadionda muxlislar yo‘qligi aksincha nemislarga qiyinchilik tug‘dirgandek bo‘ldi go‘yo. «Signal iduna park»dagi dahshatli atmosferada har qanday raqibni tor-mor qiladigan «Borussiya» Parijdagi bo‘sh stadionda hech narsa qila olmay qoldi. Albatta, bunga asosiy sabab raqib o‘yini o‘xshab qolganidir, lekin bo‘sh stadion ham «arilar»ga ta’sir qilib ular «chaqolmay qoldi». Holand va Sancho ham hech narsa qila olishmadi. Bir so‘z bilan aytganda, hech qanday hissiyotsiz, faqat futbolgina maydonda qolganida «PSJ» kuchliroq ekani ko‘rindi.

Neymar – bo‘sh stadion qahramoni
Bu mavsumda ham jarohatlar girdobida qolayotgan Neymar nihoyat o‘z darajasiga yaqin o‘yin ko‘rsatdi. To‘g‘ri, uning goli oddiygina tarzda bosh bilan urildi, lekin jamoaning unga o‘ynashi, o‘yinni o‘z qo‘liga olishi Neymarning hamon katta futbolchi ekanini ko‘rsatdi. Zamonaviy futbolning eng iste’dodli namoyondalaridan biri hisoblangan Neymar bu vaqtgacha allaqachon «Oltin to‘p»ni olgan bo‘lishi kerak edi, lekin doim bir xil o‘yin ko‘rsata olmasligi braziliyalik superyulduzning maksimal darajada porlashiga xalaqit berardi.

«Borussiya»ga qarshi o‘yinda Neymar fenomenal o‘yin ko‘rsatgani yo‘q, shunchaki u kichik qaytishni amalga oshirdi. «Barselona»da bo‘lgan vaqti Neymarga dunyo futbolining bo‘lajak qiroli deb qarashardi, ammo Parijda Neymar har tug‘ilgan kunida jarohat oladigan, mashg‘ulotga kelmay qoladigan va juda ko‘p vaqtini davolanish bilan o‘tkazadigan shou-biznes yulduziga aylanib qolgandi.

Neymar so‘nggi vaqtlarda vazn orttirgani ham sezilmoqda. Mana shunday superfutbolchi ko‘z oldimizda katta maoshnigina o‘ylaydigan yulduzga aylanib borayotgandek edi. Uning nomi kamdan-kam hollarda futbol bilan bog‘lanar, u moda jurnallarida futbol nashrlaridan ko‘proq ko‘rinish berardi. Lekin aslida Neymar uchun futbol hamon eng muhim narsa ekani aynan «Borussiya»ga qarshi o‘yinda ko‘rindi. U g‘alabadan so‘ng yig‘ladi... Nihoyat «PSJ» uchun nimadir qila olgani, futbol olamida o‘z o‘rnini yo‘qotmaganini isbotlay olgani uchun yig‘ladi.

«PSJ» doim YECHLda kambeklar qurboniga aylanib kelardi, ammo bu gal parijliklarning o‘zi kambek qilib, g‘alabaga ega chiqidi. Albatta, bu g‘alabada Tuxelning ham o‘rni katta. «Borussiya» har qancha o‘zgargan bo‘lmasin, Tuxelda sobiq jamoasi haqida yetarlicha tushanchalar bor edi.

«Enfild»dagi jang. El Cholo va «Real»ga kerak bo‘lmagan futbolchilar porlashi
«Enfild»dagi o‘yin esa YECHL tarixidan o‘rin oldi. Bunday dahshatli o‘yinni muxlislar unutmaydi. Madriddagi mag‘lubiyatdan so‘ng maksimal darajada motivatsiyaga ega bo‘lgan Klopp jamoasi butun o‘yin davomida hujum uyushtirdi. «Liverpul» shunchalik ko‘p golli imkoniyatlarga ega bo‘ldiki, agar Krishtianu Ronaldu Klopp jamoasida o‘ynaganda, bu bahsda 5-6ta gol urgan bo‘lardi balki. Saloh va Mane esa son-sanoqsiz noaniq zarbalar yo‘llab vaziyatni murakkablashtirib yuborishdi.

Birinchi bo‘lim inglizlar uchun yomon o‘tmadi. Veynaldumning golidan so‘ng Klopp jamoasi xotirjam holda tanaffusga yo‘l oldi. Ammo ikkinchi bo‘limda Simeone maydonga o‘zining tashrif qog‘oziga aylangan hisobni ushlash qiroli bo‘lgan «Atletiko»sini boshlab tushdi. Koke va jamoa mardonavor tarzda himoyalanib berdi. «Atletiko» hech qachon bu o‘yindagi kabi ko‘p hujumlarga duch kelmagan va bu qadar irodali ekanini ko‘rsatmagandi.

«Liverpul» futbolchilari shunchalik ko‘p hujum qilishdiki, hakam o‘yinga atigi 2 daqiqa qo‘shib berdi. Bu ham ikki o‘zgarish va sariq kartochkalar uchun to‘xtalishlarga kompensatsiya edi. Qolgan vaqt davomida faqat «Liverpul» hujum qildi.

Bu bahs 2010 yilgi «Barselona» — «Inter» o‘yinini ham eslatib yubordi. O‘shanda Mourino boshchiligidagi «Inter» amaldagi chempion va dahshatli «Barselona»ni antifutbol o‘ynab mag‘lub etgandi. «Enfild»da ham, madridlik muxlislar xafa bo‘lishmasin, «Atletiko» aynan antifutbol o‘ynadi, lekin bunday qo‘rqinchli «Liverpul»ni boshqachasiga to‘xtatib bo‘lmasdi ham.

Futbolda asosiy maqsad qoidani buzmagan holda raqibdan ko‘proq gol urish va g‘alaba qozonish. Buni qanaqasiga, qanday taktika bilan amalga oshirish hammaning o‘z xohishiga bog‘liq. El Cholo (Simeonening laqabi) «Liverpul» qo‘shimcha bo‘limlar avvalida gol urgachgina futbolchilariga erkin o‘ynashga ruxsat berdi va katta sahnaga Markus Lorente chiqdi. «Real»ga kerak bo‘lmay qolib Madridning ikkinchi jamoasiga kelgan yarimhimoyachi 8 daqiqa ichida ikkita supergol urib «Atletiko»ni chorakfinalga olib chiqdi.

Bu bahsning yana bir qahramoni Alvaro Morata bo‘ldi. Ekstra bo‘limlarda maydonga tushgan yana bir sobiq «realchi» avvaliga Lorentening ikkinchi goliga assistentlik qilgan bo‘lsa, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ygan golni o‘zi urdi. Bu gol bir nechta tarixiy gollarni eslatdi. Masalan, Emmanuel Petining JCH-1998 finalida Braziliyaga urgan goli, Torresning «Chelsi» safida «Barselona»ga urgan goli. Bu gollarning barchasi o‘ta muhim o‘yinlarga mantiqiy yakun bo‘lgandi.

Shu tariqa, «Real»ga kerak bo‘lmagan ikki yulduz shu oqshomda porlab, «Atletiko»ni qahramonlarcha keyingi bosqichga olib chiqdi.

Kariusni eslab...
Bu o‘yindagi eng yaxshi futbolchilardan biri madridliklar posboni Yan Oblak bo‘ldi. U juda ko‘p vaziyatda jamoasini goldan qutqarib qoldi. «Liverpul» darvozaboni esa... Alissonning jarohati sabab vaqtincha asosiy darvozabonga aylangan Adrian xuddi Loris Karius kabi muhim pallada qo‘pol xato qilib butun jamoasining mag‘lubiyatiga sababchi bo‘lib qoldi. U «Atletiko»ning birinchi va amalda hal qiluvchi bo‘lgan golida to‘pni Felishning oyog‘iga tashlab berdi. Portugaliyalik futbochining uzatmasidan so‘ng Lorente yaqin burchakni aniq nishonga oldi. Darvoqe, Lorentening ikkinchi goli ham yaqin burchakka urildi.

«Liverpul» ikki mavsum avval YECHL finaliga chiqqan va Kariusning qo‘pol xatolari sabab «Real»ga yengilgandi. O‘sha o‘yindan so‘ng mersisaydliklar «Roma»dan Alissonni olib kelishga qaror qilgandi. Alisson va van Deyk «Liverpul»ning yagona kamchiligi bo‘lgan himoyani epaqaga keltirishdi, natijada jamoa YECHLda g‘olib bo‘ldi. «Atletiko» bilan o‘yinda aynan Alissonning yo‘qligi qimmatga tushdi.

Ammo Adrianning xatolari, Saloh va Manening noaniq zarbalari bu o‘yin qahramonligini Simeone va jamoasidan olib qo‘ya olmaydi. Xuddi Axill u bilan jang vaqtida toshga qoqilib yiqilgan Hektorni urmay raqibi o‘rnidan turishini kutayotganda «qandaydir tosh mendan jang qahramonligini tortib olomaydi» degani kabi.

«Atletiko» Simeone davrida Yevropaning hech bir jamoasidan qo‘rqmaydigan «bezori jamoa»ga aylandi va hamon «bezbetlarcha» ko‘hna qit’a grandlarini mag‘lub etmoqda. To‘g‘ri, futbol hujumkorlik bilan go‘zal, lekin bu ajoyib o‘yinda telba Simeonening «Atletiko»si kabi boshidan baland sakray oladigan sovuqqon jamoalarning ham o‘rni beqiyos. Shubhasiz, Simeone jamoasi futbolni faqat yaxshiroq qilmoqda...

O‘tkir Jalolxonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » El Cholo «Enfild»ni tinchitdi, Neymar – bo‘sh stadion qahramoni