Rossiya premer-ligasi debyutanti Oston O‘runov yetakchilik qobiliyati bilan xorijlik muxlisu mutaxassislarning ham e’tiborini qozonmoqda. Rossiyadagi futbol ekspertlari o‘zbek futbolchisi yaqin kelajakda Yevropaning kuchli chempionatlarida to‘p surishiga qat’iy ishonch bildirmoqda. Shu bois rossiyalik hamkasblarimiz Oston O‘runovni suhbatga chorlab, uning fikr-mulohazalari bilan qiziqishdi.
- Men “Ufa”ning “Krasnodar” va “Tambov”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvlarini tomosha qildim. Tan olishim kerak, O‘runovning o‘yinini ko‘rgani emas. Lekin o‘zbek futbolchisi bu o‘yinlarda o‘z mahorati va harakatlari bilan boshqalardan yaqqol ajralib, ko‘zga tashlanib turdi. Ayniqsa, uning driblingi e’tiborimni tortdi.
“Ufa” o‘zbek futbolchisini Toshkentning “Lokomotiv” jamoasidan taxminan 150-200 ming yevro evaziga olib kelgan. Endigina 19 yoshga to‘lgan futbolchi yuqori ligalarda 50 dan ortiq uchrashuvda maydonga tushib, O‘zbekiston terma jamoasida ham debyutini nishonlagan ekan. Biz bu iste’dodli yigit yaqin kelajakda katta klublarda to‘p surishiga aminmiz. Shuning uchun vaqt borida Oston bilan suhbatlashib, uning fikrlarini yozib olishga qaror qildik, - deb yozadi matchtv.ru bloggeri Yegor Kuznes.
- Men mo‘’jazgina, lekin juda chiroyli va ozoda Navoiy shahrida tug‘ilganman, - deydi Oston O‘runov jurnalist bilan suhbatda. – Har kuni mahallada uch soatlab to‘p tepardim. Futbol maydoni yo‘q edi, asfalt ustida o‘ynardik.
9 yoshimda otamdan meni futbol maktabiga olib borishni so‘radim. Dadam juda mehribon inson, nima qilishimdan qat’i nazar hech qachon ovozini ko‘tarmagan. Men ko‘cha bolasi edim, doim mushtlashardim, xarakterim og‘ir edi. Qolaversa bir ikki yil karate bilan shug‘ullanganim uchun o‘zimni ko‘rsatgim kelardi. Lekin dadam tergamas edi. Hozir ulg‘ayib, o‘zimni va hissiyotlarimni bosib olganman.
Futbol maktabidan shahar terma jamoasiga olishdi va biz Farg‘onaga turnirga bordik. O‘sha yerda “Paxtakor” skautlari nazariga tushdim. 12 yoshimda uyimdan 350 kilometr uzoqda bo‘lgan internatga yo‘l oldim. Bu katta sinov edi. Zerikardim, yig‘lardim, ota-onamga telefon qilib olib ketishlarini so‘rardim. “Paxtakor”da o‘ynashni istamayman, uyga ketgim kelyapti, - deb nolirdim. Keyinroq orzularga yetishish uchun sabrli bo‘lish kerakligini tushinib yetdim.
Men ota-onamdan juda minnatdorman va ularni avvalgidek ko‘p mehnat qilishlarini istamayman. Avval ular tandirda non yopib, sotishardi. Bu juda og‘ir va mashaqqatli mehnat. Futboldan pul topa boshlaganimdan keyin ulardan bu ishni qilmasliklarini so‘radim. Hozir akam Doston bilan ularni o‘zimiz ta’minlayapmiz.
Mening ismim juda noyob. O‘zbekistonda bittagina adashim borligini bilaman. Ota-onam bilan juda yaqin munosabatdaman. Hozir ham har kuni suhbatlashamiz. Dadam doim bir xil tarzda “Qani harakatingni qil, o‘zingni ko‘rsatishing kerak”, - deydi. Bu meni ilhomlantiradi.
Aslida rus tilida gaplasha olaman, lekin yanada erkin suhbatlashish uchun oziga vaqt va ko‘nikma kerak. Rus tilini maktabda o‘qiganmiz. To‘g‘risini aytsam, darsni uxlab o‘tkazardim, uch bahoga o‘qiganman, 7-sinfdan keyin maktabga juda kam borardim. Lekin rus tilini o‘rganib olgan ekanman. Ingliz tilini o‘qimaganman, lekin o‘rganishim kerak.
16 yoshimda O‘zbekiston professional futbol ligasida debyutimni nishonladim. To‘g‘risi, umuman hayajonlanmadim. Odatda, meni hayajon bosmaydi. “Ufa”da ham debyutimdan keyin shuni so‘rashdi. Men xotirjamman, asabiylashganim yo‘q, deb javob berdim. Haqiqatan ham shunday.
“Navbahor”da Andrey Kanchelskis qo‘l ostida o‘ynaganimda rus tilini ancha yaxshi o‘zlashtirdim. U yaxshi murabbiy va zo‘r inson. Qolaversa, Samvel Babayan ham rus tilida ish yuritardi. Hozirgacha u bilan aloqadaman, men uchun ko‘p yaxshilik qilgan.
“Navbahor”da kuchli futbolchi sifatida shakllandim, o‘sdim. Klub prezidenti avvaliga meni qo‘yib yuborgisi kelmagan. Keyin mening o‘yinchi sifatida o‘sishimni istagani uchun “Lokomotiv”ga o‘tishimga rozilik berdi. O‘yinimda o‘sish ro‘y berganidan keyin mani mamlakatning eng yaxshi yosh futbolchisi, deb e’tirof etishdi va terma jamoadan taklif oldim.
Shundan so‘ng, odamlar meni ko‘chada taniy boshlashdi, men bunga xotirjam munosabatda bo‘ldim. Bolalar suratga tushishni so‘rashadi. Bu yoqimli. Lekin o‘zimdan ketib qolmasligim kerakligini bilaman.
Umuman olganda, menga tayanch zonada to‘p surish qulay. Ko‘p yugurish va to‘pni olib qo‘yishni yaxshi ko‘raman. Qanot hujumida esa to‘pni kutib, ko‘p turib qolishga to‘g‘ri keladi. Driblingim tufayli murabbiylar mendan qanotdan hujum uyushtirishimni talab qilishadi. Shu bois samaradorlikni oshirishim kerak. Men hammasiga – tayanch zonada, himoya markazida (bolaligimda markaziy himoyachi bo‘lganman) yoki butun qanot bo‘ylab o‘ynashga tayyorman.
“Ufa”ga kelishimdan oldin, menda Xitoy va arab jamoalaridan ko‘plab takliflar bor edi. Har kuni agentlar turli shartnomalar taklif qilardi. Jiddiy jamoalar ham bor edi. Lekin hech kimga javob bermadim. Chunki Yevropada to‘p surishni istayman. “Ufa” shu maqsadim yo‘lida o‘ziga xos tramplin bo‘lishi uchun shu yerga keldim.
Ufa shahri menga yoqdi. Aslida uydan tashqariga ko‘p chiqmayman. Aylanib yurishni yoqtirmayman. Ba’zan masjidga boraman. Aksariyat hollarda uydaman. Musiqa eshitaman. Aytgancha, bu foyda berdi. “Ufa”da yangi o‘yinchilar kuylab berishi an’ana ekan. Men avvaliga uyaldim. Keyin o‘zbekcha rep aytib berdim. Umrimda birinchi marta shunday bo‘ldi.
Rossiya chempionati o‘yinlarini kam tomosha qilganman. Odatda, televizorda futbol ko‘rmayman, menga maydonda o‘ynash ma’qul. Lekin Odil Ahmedovning o‘yinlari esimda. U bilan munosabatlarimiz yaxshi. Menga juda muhim va to‘g‘ri maslahat bergan. Men to‘pni ko‘p ushlab turardim va kam pas berardim. Bir marta Odil “bir marta raqibni aldab o‘t va bir marta to‘pni uzat”, - degan. O‘shandan buyon shu tarzda o‘ynayman.
Eng katta orzum bu O‘zbekiston terma jamoasi bilan jahon chempionatiga yo‘llanma olish. Butun o‘zbek xalqi shuni istaydi. Nasib qilsa, Qatardagi jahon chempionatiga chiqamiz. O‘zim esa kelajakda “Manchester Yunayted”, “Real” yoki “Yuventus”da to‘p surishni xohlayman. Nega shunday bo‘lmasligi kerak? Hammasining imkoni bor. O‘sha jamoalarda o‘ynay olishimga chin dildan ishonaman. Hozir esa bor e’tiborimni “Ufa”ga qaratganman.
Yana bir niyatim, qachonlardir “Lamborjini” sotib olish. Hozir buning imkoni yo‘q. Qolaversa, hali haydovchilik guvohnomasini ham olmaganman.
Manba: Sports.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi