23:02 / 05.12.2016
10 645

Smartfondan o‘chirish kerak bo‘lgan 5 ta ilova

Smartfondan o‘chirish kerak bo‘lgan 5 ta ilova

Ma’lumki, smartfonning samarali va tezkor ishlashi juda qo‘p omillarga bog‘liq. Ammo shunisi aniqki, bu jarayonda ilovalarning o‘rni juda sezilarli. Shu bois smartfonga qurilmaning quvvatini ko‘p sarflaydigan, fonda doim ishlab smartfon samaradorligini kamaytiradigan ilovalarni o‘rnatmaslik lozim. AndroidPit nashri smartfonning faoliyatiga salbiy ta’sir qiladigan 5 ta ilova keltirib o‘tib, ularni darhol qurilmadan o‘chirib yuborishni tavsiya qildi. Ushbu ilovalar bilan quyida tanishib chiqamiz.

Facebook

Bundan bir necha hafta ilgari Tech World Zone nashri mutaxassislari ham Facebook va Messenger ilovalarini o‘chirish smartfonning batareya quvvatini 20%ga oshirishi haqida ma’lum qilgan edi. Gap shundaki, Facebook ilovasi foydalanuvchini yangi hodisalar, bildirishnomalar va boshqa xabarlar haqida ogohlantirish uchun xizmat qiladi. Biroq u nafaqat batareya quvvatini ko‘p iste’mol qiladi, balki internet trafikning ko‘proq sarflanishiga olib keladi. Shuning uchun mutaxassislar Facebook Lite ilovasi yoki ijtimoiy tarmoq saytining mobil versiyasini ishlatishni taklif qiladilar.

Clean Master (yoki boshqa tozalovchi ilovalar)

Bunday ilovalar qurilmaning tezligi va samaradorligini oshirish uchun undagi keraksiz fayllarni o‘chirishni taklif etadi. Bu fikr noto‘g‘ri emas. Chindan ham qurilmadagi keshlangan fayllarni o‘chirib yuborish uning samaradorligini kuchaytirishi mumkin. Biroq ushbu ish uchun maxsus ilovani telefonga yuklash shart emas. Balki smartfon sozlamalariga o‘tib, keshlangan fayllarni, shu bilan birga, muayyan ilovaga tegishli keshlarni ham birma-bir o‘chirib tashlashingiz mumkin. Unutmang, Clean Master kabi ilovalar ham sezilarli miqdorda batareya quvvatini sarf etadi. Bundan tashqari, bunday ilovalarda reklama ham ko‘zda tutilgan bo‘ladi.

Antivirus ilovalari

Android qurilma va Play Store do‘konining o‘zi antivirus vazifasini bajarishi mumkin. Jumladan, Android Device Manager qo‘shimcha ilovalarsiz ham xavfsiz ishlash xususiyatiga ega. Tarkibida virus mavjud ilovalarni esa Google Play Store orqali avtomatik tarzda tekshiradi.

Mobil qurilmaga mo‘ljallangan antivirus ilovalar faqatgina Play Store do‘konidan tashqarida bo‘lgan boshqa resurslardan APK fayllarni yuklab olganingizda yordam berishi mumkin. Antivirus ilova noma’lum manbalardan yuklangan ilovalarni o‘rnatishda foydalanuvchini mavjud xatar haqida ogohlantiradi (hammasi ham emas).

Batareya quvvatini tejaydigan ilovalar

Bunday ilovalarning ham qurilma xotirasini tozalaydigan ilovalar singari ko‘p hollarda foydasidan zarari ko‘p. Qizig‘i shundaki, bunday ilovalarning o‘zi ham aslida batareya quvvatini sarf etadi. Android smartfondagi batareya sarfini faqatgina dasturni boshqarish orqali kamaytirish mumkin. Buning uchun esa rut kerak bo‘ladi. Shunday ekan, hech qanday ilova operasion tizimning himoyasini yorib o‘tib, bu ishni amalga oshira olmaydi.

Umuman olganda, batareya sarfini optimallashtirish uchun smartfon sozlamalarida bir nechta amallarni bajarish kifoya. Masalan, sozlamalar menyusidagi batareya bo‘limida eng ko‘p quvvat sarflayotgan ilovalarni aniqlash va ularni yopish mumkin. Shuningdek, telefon tarmog‘ining doimo 3G (WCDMA) yoki 4G (LTE) standartlariga sozlanishi, yorqin ekran, GPS va sinxronizasiya ham batareya iste’molini keskin oshirishi mumkin. Zaryadni tejash uchun quvvatni tejash rejimlarini faollashtirish yordam beradi.

Standart brauzer

Deyarli barcha Android qurilmalarda birlamchi sozlamalar asosida o‘rnatilgan brauzerlar mavjud bo‘ladi. Agar sizni standart brauzerning faoliyati qoniqtirmasa, uni o‘chirib qo‘yishingiz mumkin. Mazkur brauzer o‘rniga esa o‘zingizga ma’qul brauzer ilovasini o‘rnatsangiz bo‘ladi.

Odatda, Android smartfonlar batareya quvvatini qurilma sozmalaridan bevosita optimallashtirish mumkin. Smartfonga juda ko‘p keraksiz ilovalarning o‘rnatilishi ham dastur ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayniqsa, og‘ir hajmli ilovalar, o‘yinlar smartfon tezligini susaytiradi, batareya sarfini ko‘paytiradi. Shuning uchun bu kabi ilovalardan foydalanib bo‘lgandan keyin ularni o‘chirib tashlash zarar qilmaydi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Texno » Smartfondan o‘chirish kerak bo‘lgan 5 ta ilova