Ayni kunlarda, kim bilan suhbatlashmang, o‘zi yoki farzandlari, biror yaqini grippni boshidan o‘tkazayotgani, davo choralarini ko‘rsa ham, yo‘tal, isitma va holsizlik uzoq davom etayotganini aytmoqda.
Oliy toifali shifokor, lor otorinolaringolog Said Hudoyberganovning “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida aytishicha, aksar bemorlar yaqinlari yoki dorixona sotuvchisining tavsiyasiga ko‘ra o‘z bilganicha davolanayotgani kasallikning uzoq davom etishiga sabab bo‘lmoqda. Natijada vaqt besamar ketib, kasallik kuchayishiga olib kelmoqda.
“Haqiqatan ham, bir oydirki, go‘daklar, o‘smirlar va yoshi katta insonlarda yuqori nafas yo‘llarida o‘tkir yallig‘lanish kasalligi bilan juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu virusli va bakterial kasallik bo‘lib, kechishi bo‘yicha surunkali yoki o‘tkir bo‘lishi mumkin.
Kelayotgan bemoralarning 90 foizini yuqori nafas yo‘llarining virusli kasalligi: gripp va gripp tipidagi virusli yallig‘lanishni tashkil etmoqda. Asosan, yuqori tana harorati bilan shikoyat qilib kelishmoqda. Bu yuqori tana haroratining to‘satdan ko‘tarilib ketishi bilan kechmoqda. Bundan tashqari, holsizlik, burun bitishi belgilari kuzatilmoqda”, — dedi shifokr.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday hollarda juda qimmatli bo‘lgan vaqtni o‘tkazib yubormasdan, tezda shifokorga murojaat qilish kerak.
“Qo‘shnimiz, uyimizga eng yaqin bo‘lgan dorixonadagi sotuvchining maslahatlari bilan emas, tomoq yoki burun yuvish muolajalari bilan cheklanib qolmaslik lozim. Aksincha, shu sohaning egasi bo‘lgan mutaxassisga borish kerak.
Laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tgan holda, kasallik virusli yallig‘lanishmi, bakterial kasallikmi yoki allergiyami — aniqlab olish kerak. Bu bemorni qay yo‘sinda to‘g‘ri davolashga kuchli dalil bo‘ladi.
Nima uchun urg‘u beryapmanki, birorta virusli kasallikda qilinishi mumkin bo‘lmagan, nojoya holatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan dori vositalari bor. Jumladan, birorta virusli kasallikda antibakterial dori vositalari yoki gormanal dori vositalarini qo‘llash mumkin emas.
Ko‘p va samarasiz beriladigan vena ichiga tomchi dorilarini ham qo‘llash tavsiya etilmaydi. Bu nafaqat kasallikning boshqa ko‘rinishlarini paydo qiladi, bakli kasallikning og‘ir kechishiga olib kelishi mumkin”, — dedi Said Hudoyberganov.
Shifokorning qo‘shimcha qilishicha, vaqtida va to‘g‘ri davo choralarini ko‘rmaslik yuqori nafas yo‘llaridagi hiqildoq shilliq qavati, ovoz boylamlari, nafas yo‘llaridagi magistral bronxlarning o‘tkir yallig‘lanishi, ovoz boylamlarining shishishi va nafas yetishmovchiligiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuningdek, burun atrofidagi yondosh bo‘shliqlarning o‘tkir bakterial asoratigacha bo‘lgan og‘ir holat kuzatilishi ehtimoli bor.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring