80
Yurak-qon tomir kasalliklarining kelib chiqishi sabablari va uning aholi orasida keng tarqalgan turlari
Milliy tibbiyot markazi Yurak-qon tomir jarrohi, endovaskulyar xirurg Begzodjon Turg‘unov bilan suhbat.
– Dunyodagi xavfli xastaliklar ro‘yxatida yurak-qon tomir kasalliklari oldingi o‘rinda turadi. Buning asosiy sabablari nimada?
– Darhaqiqat, hozirgi kunda aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari bilan kasallanish yildan yilga ortib bormoqda. Ayniqsa, ushbu kasalliklar oqibatida yuzaga keladigan o‘lim holatlari bo‘yicha yurak-qon tomir kasalliklari nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda ham birinchi o‘rinda turadi.
Buning asosiy sabablari tashqi muhitning o‘zgarishi, aholi o‘rtasida kamharakatlilik – gipodinamiya, jismoniy va ruhiy zo‘riqish, ratsionda hayvon yog‘lari ko‘p bo‘lgan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilish, chekish va spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish. Ushbu omillar yurak-qon tomir kasalliklarining aholi orasida keng tarqalishiga va yosharib borayotganiga asosiy sabab sifatida ko‘rsatish mumkin.
– Yurak-qon tomir kasalliklari yildan yilga yosharib bormoqda. Bunga sabab qilib qanday omillarni ko‘rsatish mumkin?
– Haqiqatdan, yurak-qon tomir kasalliklari yosharib bormoqda. Ilgarilari bu kasalliklar asosan qariyalarda uchragan bo‘lsa, hozirda 20 yoshli insonlarda ham miokard infarkti, arterial gipertoniya, yurak ritmining o‘tkir buzilishi kabi kasalliklar uchramoqda.
Bunga sabab yuqorida aytganimizdek, globalizatsiya davridagi gipodinamiya holatlari, yog‘ almashinuvining buzilishi, dislipidemiya va giperxolesterinemiya, giperkoogulyatsiya, ya’ni qonning quyuqlashishi va qon ivish holatining tezlashishi, zararli odatlar – spirtli ichimliklar iste’moli, tamaki chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish kabi omillarni ko‘rsatish mumkin.
– Yurak-qon tomir kasalliklarining qaysi turlari aholi orasida keng tarqalgan va buning sabablari nimada?
– Hozirgi kunda aholi orasida yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, miokard infarkti va uning oqibatida kelib chiqadigan turli xil asoratlar, ya’ni surunkali yurak yetishmovchiligi, yurak ritmining buzilishi, gipertoniya kasalligi va uning oqibatida kelib chiqadigan miya insulti, yurakning tug‘ma nuqsonlari kabi kasalliklar ko‘p uchramoqda.
Kasallikning aholi o‘rtasida ko‘payishiga va og‘ir asoratli holatlarga o‘tib ketishiga bir tomondan bemorlarning o‘zlari ham sababchi bo‘ladi.
Ma’lumki, kasallikning boshlang‘ich davrlarida bemorda kasallik belgilari namoyon bo‘lmaydi yoki bemorni bezovta qilmaydi. Kasallik nogahon tibbiy tekshiruvlarda, ommaviy profilaktik tadbirlar davomida (qon bosimini o‘lchaganda, elektrokardiogramma qilinganda, qonni bioximik tahlili o‘tkazilganda) aniqlanadi. Bu nimadan dalolat beradi? Bemorlarning o‘z sog‘liqlariga bee’tiborliklaridan, muntazam tibbiy kuzatuvlardan o‘tib turmaganliklaridan dalolat beradi.
Shuning uchun har bir inson bir yilda bir marta profilaktik tekshiruvlardan oilaviy poliklinikasi orqali o‘tib turishi kerak. Kasallik aniqlanganda davolash va diagnostika tadbirlarini o‘tkazib, kasallikning avj olib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish kerak. Shuningdek, hozirgi globallashuv davrida, ekologik muhitning o‘zgarib ketganligi, ichkilik va chekish kabi zararli odatlarga berilish, yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh yurak-qon tomir kasalliklarining tug‘ma turlarining kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
– Surunkali yurak-qon tomir kasalligi bor yoki ushbu xastalikka chalingan insonlarning davolanish tartibi va hayoti davomida amal qilishi kerak bo‘lgan qoidalarga to‘xtalib o‘tsangiz.
– Surunkali yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar doimiy ravishda kardiolog shifokor nazoratida bo‘lishi kerak. Buning uchun oilaviy poliklinikasida dispanser nazoratiga olinishi, bir yilda 2 marta dispanser tekshiruvlaridan o‘tib, yilda bir marta statsionar davolanishi hamda doimiy ravishda kardiolog tavsiyalariga amal qilishi va dorilarini muntazam qabul qilib yurishi kerak.
Ayniqsa, har bir bemor o‘z salomatligiga mas’ul bo‘lishi, sog‘lig‘iga bee’tibor bo‘lmasligi, sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, organizmga jismoniy yuklamalar me’yorda bo‘lishi, shu bilan birga, kamharakat bo‘lib uyda o‘tirib qolmasligi, toza havoda ko‘proq sayr qilishi, kechki payt yengil nonushta qilishi, uyqudan oldin taom yemasligi, ichish, chekish kabi zararli odatlardan voz kechishi kerak.
– Yurak-qon tomir kasalliklari, jumladan, infarkt va insultga chalinmaslik uchun asosan nimalarga e’tibor qaratish kerak? Umuman, ushbu xastalik profilaktikasi haqida ma’lumot berib o‘tsangiz?
– Avvalambor, har bir ona homiladorlik davrida tug‘iladigan farzandining sog‘lom bo‘lishi uchun e’tiborli bo‘lishi kerak. Ko‘pincha tug‘ma nuqsonli bolalar homiladorlik davrida ko‘p kasal bo‘lgan, kamqonli, jismoniy va ruhiy charchagan onalardan tug‘iladi. Farzandining sog‘lig‘iga ota-ona e’tibor berishi, shifokor nazoratidan o‘tkazib turishi, farzandini sog‘lom va jismoniy baquvvat qilib tarbiyalashi kerak.
Balog‘at yoshidan keyin har bir inson o‘z sog‘lig‘i haqida qayg‘urishi, kasallikning oldini olishi yoki boshlang‘ich davrida aniqlab, uni bartaraf etish uchun harakat qilishi lozim. Yurak-qon tomir kasalliklariga chalinmaslik uchun sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy faollikni oshirishi, aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatni me’yorda olib borishi, ovqatlanish gigiyenasiga amal qilishi, zararli odatlardan voz kechishi, kardiolog shifokor nazoratida bo‘lib, o‘z vaqtida davolanishi talab etiladi.
Misol uchun, birgina chekishni tashlash 2-3 oydan keyin o‘pka faoliyatini 30 foizga yaxshilanishiga, bir yildan keyin esa yurak ishemik kasalligi rivojlanishi xavfini 50 foizga kamaytiradi. Shuningdek, tana vaznini nazorat qilish kerak. Jumladan, bel aylanasi erkaklarda 94 sm., ayollarda esa 80 sm.dan oshmasligi lozim. Vaznning 10 kg.ga kamayishi qon bosimini 5-20 mm s.u.ga pasaytiradi. Kuniga 30 daqiqalik jismoniy faollik ham qon bosimini 4-9 mm s.u.ga kamaytiradi.
Bundan tashqari, ovqatlanishda ratsionning xilma-xilligiga e’tibor berish, oqsillarning yetarli bo‘lishi, go‘shtni baliq, dukkaklilar, parranda go‘shtiga almashtirish, savzovot va mevalarni ko‘paytirish hamda osh tushi iste’molini cheklash lozim bo‘ladi.
Ushbu tavsiyalarga muntazam amal qilish bilan yurak-qon tomir kasalliklarining o‘tkir miokard infarkti va miya insulti kabi og‘ir asoratlarining oldini olgan bo‘lamiz.
Milliy tibbiyot markazi
matbuot xizmati Zulayho Musurmonova
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
matbuot xizmati Zulayho Musurmonova
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi