Koʻp suv ichish sogʻlik uchun foydali ekani aytiladi. Yaqinda oʻtkazilgan tadqiqot bu da'voni tekshirish maqsadida avvalgi izlanishlar natijalarini oʻrganib chiqdi, deb yozmoqda New Atlas.
Inson organizmining 60-70 foizi suvdan tashkil topgan. Bu muhim suyuqlik tana haroratini boshqarish, ortiqcha moddalarni chiqarib tashlash, bosh va orqa miyani himoyalash, soʻlak ishlab chiqarish va boʻgʻimlarni “moylash” kabi bir qator vazifalarni bajaradi.
Suvsizlanish esa organizmning zarur vazifalarni bajarish qobiliyatiga xalaqit berishi mumkin, shu sababdan bizga har kuni ma'lum miqdorda suvni ichish tavsiya etiladi. Ammo koʻp suv ichish yuqorida keltirilgan funktsiyalardan tashqari umumiy salomatligimizga qanday foyda keltiradi? Kaliforniya universiteti rahbarligida olib borilgan yangi tadqiqotda olimlar aynan shu savolga javob izladi.
AQSh Milliy tibbiyot akademiyasi 19 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan erkaklarga kuniga taxminan 13 stakan (3 litr), shu yoshdagi ayollarga esa 9 stakan (2,1 litr) suyuqlik iste'mol qilishni tavsiya etadi. Gap faqat suv emas, istalgan turdagi suyuq ichimlik haqida ketmoqda.
Tadqiqotchilar ilgari oʻtkazilgan koʻplab klinik sinovlar ma'lumotlarini tizimli ravishda tahlil qildi. Bu sinovlarda suv iste'molining koʻpayishi vazn yoʻqotish, qondagi glyukoza darajasi pasayishi, bosh ogʻrigʻi, siydik yoʻllari infektsiyasi (SYI) hamda buyrak toshlarini tushirish kabilar oʻrganilgan.
Vazn yoʻqotish
Uch tadqiqotda katta yoshdagi ortiqcha vaznli va semiz kishilar tasodifiy tanlab olingan, ular 12 haftadan 12 oygacha boʻlgan davr mobaynida kuniga ovqatdan oldin 1,5 litr suv iste'mol qilgan. Tadqiqotda suv ratsionini oʻzgartirmagan alohida nazorat guruhi ham boʻlgan. Yakunda tasodifiy tanlanganlar nazorat guruhlariga nisbatan koʻproq vazn yoʻqotdi, mos ravishda 100 foiz, 87 foiz va 44 foiz. Ammo 38 nafar ishtirokchi bilan oʻtkazilgan toʻrtinchi tadqiqotda kuniga 2 litr suv ichish olti oy davomida tana vaznining oʻzgarishiga ta'sir koʻrsatmagan. Ushbu tadqiqotning boshqa uch tadqiqotdan farqi shundaki, undagi ayrim ishtirokchilar oʻsmirlar edi.
Qondagi glyukoza darajasi
Yana bir tadqiqotda soʻnggi besh yil ichida 2-tur qandli diabet tashxisi qoʻyilgan 40 nafar bemor 8 hafta davomida nonushtadan oldin 250 ml, tushlikdan oldin 500 ml va kechki ovqatdan oldin 250 ml suv ichgan. Bu esa ularda qondagi glyukoza darajasining sezilarli darajada pasayishiga olib keldi. Ammo tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, bu natija ovqatdan oldin suv ichilgani uchun kamroq ovqatlanish yoki vazn yoʻqotish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Aksincha, 60 nafar ishtirokchi bilan oʻtkazilgan boshqa tadqiqotga koʻra, 12 hafta davomida uygʻongandan soʻng ikki soat ichida 550 ml, uxlashdan oldin 550 ml suv ichish qondagi glyukoza darajasini oshirgan. Ushbu tadqiqotda qandli diabetni davolash uchun dori qabul qilmaydigan va/yoki turmush tarzini oʻzgartirmagan katta yoshdagi ishtirokchilar qatnashgan.
Bosh ogʻrigʻi
Surunkali bosh ogʻrigʻidan aziyat chekayotgan bemorlarda uch oy davomida kunlik suv iste'molini 1,5 litrga oshirish ta'sirini baholagan ikkita tadqiqot bir-biriga zid natijalarni koʻrsatdi.
102 nafar katta yoshli ishtirokchilar qatnashgan tadqiqotlardan birida, koʻp suv ichish salomatlikni yaxshiladi va bosh ogʻrigʻini kamaytirdi. Biroq natijalar statistik jihatdan ahamiyatli boʻlmadi. Bundan tashqari, ishtirokchilarning atigi 21 foizi tadqiqot oxirigacha qatnashdi.
Boshqa bir tadqiqotda migren tufayli boshi ogʻriydigan odamlarda xuddi shunday usul qoʻllangan, ammo sezilarli natija kuzatilmagan. Ushbu tadqiqot ishtirokchilari atigi 18 nafar boʻlgan.
Siydik yoʻllari infektsiyasi va giperaktiv qovuq
Tasodifiy tanlab olingan tadqiqotlardan birida, odatda kuniga 1,5 litrdan kamroq suyuqlik iste'mol qiladigan, surunkali SYI bilan ogʻrigan 140 nafar ayol suv miqdorini kuniga 1,5 litrga oshirgan.
Kundalik suv iste'molini koʻpaytirish 12 oylik davr mobaynida SYI epizodlarining oʻrtacha sonini kamaytirish, antibiotiklar bilan kamroq davolanish va kasallikning takrorlanishi vaqtini uzaytirishga hissa qoʻshgani aniqlandi.
Boshqa bir tadqiqotda suv iste'molini koʻpaytirish siydik yoʻllaridagi patogen bakteriyalarga qanday ta'sir qilishi oʻrganildi. Suyuqlik iste'moli etarli boʻlmagan oʻn toʻrtta ayol kunlik suv iste'molini 1,9 litrga oshirdi. Biroq koʻproq suv ichgan va ichmaganlar oʻrtasida bakteriyalar miqdorida hech qanday farq kuzatilmadi: mos ravishda 7 foiz va 8 foizni tashkil etdi.
Boshqa bir tadqiqotda tez-tez hojatga chiqadigan giperaktiv qovuqli 24 nafar katta yoshli odam qatnashdi. Ularda suyuqlik iste'moli 25 foizga kamaytirilganda hojatga chiqish soni ham kamaygan.
Buyrakdagi toshlar
Buyragida toshi bor yoki tosh yigʻishga moyil kishilar ularni chiqarib tashlash uchun koʻp suv ichishi kerakligi qat'iy tavsiya etib kelinadi. Olimlar suvni koʻp miqdorda iste'mol qilish va buyrakda tosh hosil boʻlish xavfi oʻrtasidagi aloqani oʻrganuvchi ikkita tadqiqotni tahlil qildi.
25 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan sogʻlom katta yoshlilar ustida oʻtkazilgan bir tadqiqotda kuniga qoʻshimcha 2 litr suv ichish bundan kam suv ichadigan guruh bilan taqqoslangan. Natijada birinchi guruhda buyrakda tosh hosil boʻlish xavfi pasaygani, ikkinchi guruhda esa bu xavf ortgani aniqlangan.
Keyinchalik 221 nafar bemor ustida yangi tadqiqot oʻtkazildi. Ularga kunlik suv iste'molini 2 litr siydik ajratish darajasigacha koʻpaytirish yoki oʻzgartirmaslik taklif etildi. Besh yil davomida suv iste'molini koʻpaytirgan birinchi guruhda buyrak toshlarining qayta paydo boʻlish chastotasi 50 foizdan koʻproqqa pasaydi.
Xulosa qilib aytganda, koʻproq suv ichish vazn yoʻqotish va buyrakda tosh hosil boʻlishining oldini olish uchun statistik jihatdan ahamiyatli natijalar koʻrsatdi. Bu odat bosh ogʻrigʻining oldini olish, siydik yoʻllari infektsiyasi va qandli diabetni nazorat qilishda afzalliklarga ega, ammo natijalar statistik jihatdan ahamiyatli emas.
Tadqiqotchilar suv arzon boʻlgani va uning salbiy oqibatlari juda pastligini hisobga olib, tadqiqotlarni davom ettirish zarurligini ta'kidladi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Las-Vegasdagi portlash: haydovchi amerikaliklarga xat qoldirgan ekan...
Suyultirilgan gaz ta'minotidagi noqonuniy «bunker»lar aniqlandi
Ukraina armiyasi Kursk oblastida hujumga oʻtdi
Krishtianu Ronaldu nega "Al Nassr"dan ketishni oʻylab qoldi?
Megan Markl Netflix’da oʻzining shaxsiy layfstayl shousini taqdim etdi (video)
Buxoroda soxta raqam taqib 106 marta qoida buzgan haydovchi ushlanib qonuniy jazoga tortildi
Taniqli nashr: "Real" qiziqayotgan Husanov kim oʻzi?
Rossiyada ham xavfli virus tarqalmoqda