Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga koʻra, 1975 yildan 2016 yilgacha dunyo boʻylab semizlik uch barobar koʻpaydi va bugungi kunda bir milliarddan ortiq odam, ya'ni dunyo aholisining taxminan 13 foizga yaqini ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Vaziyat yildan yilga jiddiylashib borgani sabab, BMT 2016-2025 yillarni “Oziqlanish muammolariga qarshi kurashish oʻn yilligi” deb e'lon qilgan. Shunga qaramay vaziyat oʻnglanmadi, kattalar va bolalar orasida ortiqcha vazn va semizlik muammolari koʻpayishda davom etmoqda.
Jumladan, 1990 yildan 2022 yilgacha global miqyosda 5-19 yoshdagi bolalar va oʻsmirlar orasida semizlik bilan yashovchilar toʻrt barobar, ya'ni 2 foizdan 8 foizgacha, 18 va undan katta yoshdagilar orasida esa ikki barobardan koʻproq, ya'ni 7 foizdan 16 foizgacha oshdi. Bir vaqtlar faqat yuqori daromadli mamlakatlarda bunday muammo yuzaga kelgan boʻlsa, bugungi kunda ba'zi oʻrta daromadli davlatlar ham ortiqcha vazn va semizlik darajasi boʻyicha reytinglardagi yuqori oʻrinlarni boshqalarga bermayapti.
Xoʻsh, nima sababdan odamlar orasida vazn bilan bogʻliq holatlar ortib bormoqda? Masalaning tub ildizi qaysi faktorlarga borib taqaladi? Taomlar tarkibi va shakli ortiqcha vazn toʻplashda qay darajada richag vazifasini bajaradi?
Taomning taqdim etilish shakli ishtaha darajasini belgilaydi
Oziq-ovqat mahsulotlarining nafaqat rangi va tuzilishi, balki uning qanday idishda, qancha hajmda va qay usulda taqdim etilishi ham ishtahaning qoʻzgʻalish darajasiga ta'sir koʻrsatadi. Bu toʻgʻridan toʻgʻri qancha taom eyishimiz va qancha kaloriya toʻplashimizni belgilaydi.
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ovqat suziladigan idishning hajmi iste'mol istagini oldindan belgilab beradi. Misol uchun, turli oʻlchamdagi likopchalarga bir xil miqdorda solingan ovqat bizga hajm jihatdan bir-biridan farqli koʻrinadi. Bu tushuncha Niderlandiyadagi Vageningen universitetining oziq-ovqat iste'moli fanlari boʻyicha dotsenti Ellen van Klif tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotda oʻz tasdigʻini topgan.
Idish tashqi koʻrinishining taom iste'moliga qanday ta'sir qilishini aniqlash boʻyicha olib borilgan tajribada 86 kishiga ikki hajmli idishda (6,9 litrli va 3,8 litrli) makaron berilgan. Ishtirokchilar katta idishdagi makaronni kichigiga solinganiga nisbatan 77 foiz koʻproq iste'mol qilganliklari aniqlangan. Bu hodisa Delbyofning optik illyuziya nazariyasi bilan izohlanadi. Ya'ni katta idishda taom miqdori vizual ravishda kamroq boʻlib koʻrinadi va odamlar oʻzlarini toʻymagandek his qilib, koʻproq ovqat iste'mol qiladi.
Boshqa olimlar oʻtkazgan tadqiqotda esa oshqozon toʻygani haqida signalning miyaga yuborilishi nafaqat idishlar hajmi, balki qoshiq oʻlchamiga ham bogʻliqligi aniqlangan. 85 kishi qatnashgan sinov ishida ishtirokchilarga ikki xil hajmli qoshiq berilgan. Ular oʻziga-oʻzi xizmat koʻrsatish asosida muzqaymoqlarni idishlarga solib, iste'mol qilgan. Tahlillarga koʻra, katta hajmli qoshiqdan foydalanganlar boshqalarga qaraganda muzqaymoqni 14,5 foiz koʻproq egan.
Iste'molchi xatti-harakatlari va marketing tadqiqotlari bilan shugʻullangan amerikalik sobiq professor Brayan Uansink va Groningen universiteti professori Koyert Van Ittersum bu boradagi tadqiqotni stakanlar ustida davom ettirgan. Tajribada ma'lum boʻlishicha, ichimliklar tor va uzun idishlarga quyilsa, uning hajmi yassi stakanlardagiga qaraganda 30 foizga koʻproq koʻrinadi. Mazkur farqning sababi sifatida klassik vertikal-gorizontal optik illyuziya, ya'ni odamlar doimiy ravishda bir xil oʻlchamdagi vertikal chiziqlarni gorizontallarga qaraganda uzunroq deb hisoblashlari keltirilgan.
Shuningdek, dumaloq likopchalarga qoʻyilgan oziq-ovqat miqdori toʻrtburchak shakldagilariga qaraganda ongsiz ravishda kamroq deb qabul qilinishi, ishtaha ochishga undovchi tovushlar va hidlar, vizual effektlar, ovqat va idish rangi bir xilligi ham taomni ortiqcha iste'mol qilishni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etilgan.
Ishtahani nima tartibga soladi?
Miya tomonidan oziq-ovqat xususiyatlari haqidagi tashqi dunyodan olingan barcha ma'lumotlar koʻrish va eshitish, ya'ni tananing tashqi retseptorlari — eksteroretseptorlar orqali qabul qilinadi. Ishtahani asosan ichki signallar, ya'ni interoretseptsiya boshqaradi. Ovqatlanishni boshlaganimizda ta'm retseptorlarimiz faollashadi. Taom tanovul qilishni davom ettirish va ishtahani ragʻbatlantirish interoretseptsiyaga bogʻliq boʻladi. Agar bu retseptorlar faoliyati buzilsa, ishtahasizlik yuzaga keladi yoki uning aksi oʻlaroq, toʻymaganlik hissi va ortiqcha ovqatlanishga xohish uygʻonadi.
Ichki signallar quyidagi gormonlar yordamida shakllanadi:
• Grelin: ochlik gormoni sifatida tanilgan. Oshqozonda ishlab chiqariladi va miyada ochlik hissini qoʻzgʻatadi;
• Leptin: toʻqlik gormoni boʻlib, yogʻ hujayralari tomonidan ishlab chiqariladi va miyada toʻqlik hissini hosil qiladi, ovqatlanishni toʻxtatishga yordam beradi.
• Insulin: ovqatlanishdan keyin qondagi shakar darajasini nazorat qilish orqali ishtahaga ta'sir koʻrsatadi;
• Kortizol: stress gormoni boʻlib, ba'zan stressga javoban ortiqcha ovqatlanishga sabab boʻlishi mumkin.
Ortiqcha ovqatlanish qanday yuzaga keladi?
XX asrning oxirigacha keragidan ortiq oziq-ovqat iste'moli istagi va shunga mos ravishda ortiqcha vaznni yuzaga keltiruvchi asosiy omil nafsni cheklash uchun iroda kuchi va oʻzini oʻzi boshqarish xususiyatining etishmasligi bilan izohlanar edi. Biroq interotseptiv mexanizmlar, ya'ni ichki signallar tushunchasi kashf etilgandan soʻng bu mavzuga qarashlar tubdan oʻzgardi.
Zamonaviy ilmiy ma'lumotlar semirishning rivojlanishida etakchi omil gormonlar yoki endokrinologik kasalliklar emasligini tasdiqlaydi. Asosiy sababchi bu – yogʻlar va uglevodlarni yuqori kontsentratsiyalarda hamda tabiatda deyarli uchramaydigan nisbatlarda birlashtirgan oziq-ovqat mahsulotlari. Ular ichki signallar yordamida miyaning koʻp ovqat eyishga nisbatan ragʻbatlantirish tizimini ortiqcha faollashtiradi va ishtahani jilovlash qobiliyatini susaytiradi. Natijada qancha koʻp ovqatlansangiz, yana shuncha koʻproq taomlanishni xohlash holati yuzaga keladi.
Tashqi koʻrinishidan jozibali, yogʻli, shirin ovqatlar dopamin kabi neyrotransmitterlar orqali miyadagi ragʻbatlantirish tizimlarini faollashtiradi. Eng aniq misol: toʻyimli ovqatdan keyin mazali shirinlik iste'mol qilish. Odatda, qorin qanchalik toʻla boʻlishidan qat'i nazar shirinlik uchun doimo joy topiladi. Bunday taomlanish tartibiga boʻlgan miyadagi ragʻbat oshqozonning toʻlganligi haqida signal beruvchi tizimni buzadi.
Kaloriyaga boy taomlarni tanovul qilishga nisbatan miyadagi ragʻbatlantirish tizimi qanday faollashadi?
Tezpishar taom va nosogʻlom ovqatlar oʻz tarkibida koʻp miqdorda shakar, yogʻ va tuz saqlaydi. Mazkur moddalarning iste'moli miyamizda dopamin deb ataladigan neyrotransmitter moddalar ajralishiga olib keladi. Dopamin miya uchun ragʻbat sifatida ishlaydi, ya'ni yoqimli his-tuygʻularni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, shirinliklar hamda tezpishar taomlar mazali, oʻziga xos tashqi koʻrinishga egaligi bilan ta'm sezgilarini kuchaytiradi va koʻproq eyishga undaydi.
Aleksandra DiFelican Tonio tomonidan oʻtkazilgan izlanishda tarkibida ham yogʻ, ham uglevodlar mavjud boʻlgan oziq-ovqatlar faqat bitta komponentni oʻz ichiga olgan mahsulotlarga nisbatan miyaning mukofot tizimini kuchliroq faollashtirishi ma'lum boʻlgan.
Bu borada kalamushlar ustida tadqiqot oʻtkazilgan. Unda jonivorlarga standart va yuqori kaloriyali mahsulotlar (kolbasa, shokolad, chizkeyk va boshqa delikateslar) tanlash imkoniyati berilgan. Kalamushlar standart eguliklardan koʻra yuqori kaloriyali mahsulotlarni qayta-qayta iste'mol qilib, ortiqcha vazn ola boshlagan. Keyingi bosqichda kalamushlarga egulikni iste'mol qilish uchun elektr toki zarbasini beruvchi toʻsiq oʻrnatilgan. Jarayonda oddiy egulik iste'mol qilgan kalamushlar tezda ovqatni tashlab, boshqa joyga qochgan, biroq yogʻli va shirin oziq-ovqat iste'mol qilgan hamda ortiqcha vazn olgan kalamushlar elektr zarbaga qaramasdan ovqatlanishni davom ettirgan. Bu tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, yogʻli va shirin oziq-ovqatlar miyada dopamin ajralishini kuchaytirib, ragʻbat hissini oshiradi, mazkur jarayon narkotik moddalar iste'moli kabi nosogʻlom oziq-ovqatga qaramlikni yuzaga keltiradi.
Nosogʻlom oziq-ovqatga qaramlik va giyohvandlik rivojlanish mexanizmlarining oʻxshashligi 2009 yilda olimlarni maxsus diagnostik soʻrovnoma – YFAS ( Yel oziq-ovqatga qaramlik shkalasi )ni ishlab chiqishga undadi. Bu soʻrovnoma yordamida xavfli oziq-ovqatlar roʻyxati shakllantirilgan. Mahsulotlar qayta ishlanganlik darajasiga qarab toʻrt guruhga boʻlingan:
1. Hech qanday qayta ishlanmagan yoki minimal darajada qayta ishlangan mahsulotlar (meva, sabzavotlar, sut).
2. Pishirish uchun ishlatiladigan qayta ishlangan ingrediyentlar (shakar, oʻsimlik va hayvon yogʻlari).
3. Qayta ishlangan mahsulotlar (pishloqlar, qovurilgan goʻsht, konservalangan sabzavotlar).
4. Yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar (gazlangan ichimliklar, chipslar, kolbasa va sosiskalar, tez tayyorlanadigan shoʻrva hamda lapshalar, shokolad, konfet, fast-fud, pishiriq va shirinliklar).
Bu mahsulotlar, odatda, koʻp miqdorda sun'iy rang beruvchi moddalar, emulgatorlar (suv va yogʻ kabi aralashmaydigan moddalarning aralashishiga yordam beradigan moddalar), toʻldiruvchilar (mahsulot hajmini koʻpaytirish uchun ishlatiladigan moddalar, ular oziq-ovqatning ta'mi, tuzilishi yoki koʻrinishini oʻzgartirmasdan, hajmini oshirib beradi), stabilizatorlar (oziq-ovqatning uzoq vaqt saqlanishini ta'minlaydigan moddalar)ni oʻz ichiga oladi va tarkibida yuqori miqdorda tuz, yogʻ va shakar saqlaydi. Bunday mahsulotlarni muntazam iste'mol qilish esa ortiqcha vazn hamda semizlikni keltirib chiqaradi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Taniqli insayder “Manchester Siti" Abduqodir Husanov borasida faol muloqot olib borayotganini aytmoqda
Endi yuridik shaxslar "svet"ga mobil aloqa orqali toʻlov qilishi mumkin
Xitoyda tarqalayotgan xavfli virus Oʻzbekistonda ham qayd etildi
Ekspert: Moldova Rossiya qarshisida tiz choʻkmadi
Germaniya suriyalik qochqinlar uchun himoya maqomini bekor qiladi
Koʻp qavatli uylar oldi va mahallalarning ichki koʻchalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari etishtiriladi
Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoning siyosiy yoʻli qanday kechgan?
"Lans" bosh direktori: "Abduqodir Husanov klubdan ketadi"