date

Quyosh nuridan allergiya bo‘lish mumkinmi? Ishonish qiyin, ammo rost

Quyosh nuridan allergiya bo‘lish mumkinmi? Ishonish qiyin, ammo rost
Quyosh ostida dam olish ko‘pchilik uchun yoz faslidagi eng sevimli mashg‘ulotlardan biri hisoblanadi. Ammo barcha uchun ham quyosh nuri foydali emas. Ayrim insonlarda quyosh nurlari ta’sirida terida qizarish, qichishish, pufakchalar, toshma va hatto dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Bu holat shunchaki quyoshda yurishdan yuzaga keladigan oddiy kuyish emas, balki tibbiy jihatdan «quyosh allergiyasi» deb ataladigan murakkab immun javobdir.

Quyosh allergiyasi nimani anglatadi?
Quyosh allergiyasi — bu umumiy atama bo‘lib, turli xil ultrabinafsha nurlar ta’sirida immun tizimining noodatiy reaksiyasi bilan bog‘liq holatlarni qamrab oladi. Nyu-York shahrida faoliyat yuritayotgan, Amerika dermatologiya akademiyasi a’zosi bo‘lgan dermatolog doktor Debra Jalimanning ta’kidlashicha, quyosh allergiyasi natijasida tanada turli xil teri toshmalari yuzaga kelishi mumkin — qizil dog‘lar, pufaklar, hivichlar yoki qichishuvchan maydonchalar kabi.

Eng ko‘p uchraydigan shakllar: PMLE va fotoallergik reaksiya
Eng keng tarqalgan shakllardan biri — Polimorfik yorug‘lik toshmasi (PMLE). 2022 yilda «Journal of the European Academy of Dermatology & Venereology» jurnalda chop etilgan tahlilga ko‘ra, dunyoda har 10 odamdan biri PMLEga duch kelishi mumkin. Bu holat ayniqsa Shimoliy yarimsharda ko‘proq uchraydi va ko‘pincha ayollarda, yoshlik davrida boshlanadi. PMLE, odatda, quyoshda bo‘lganidan so‘ng ikki soat ichida toshma bilan namoyon bo‘ladi.

Ba’zan PMLE irsiy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin. Bu shakl tibbiyotda Aktinik prurigo deb ataladi. Ayniqsa AQSHning shimoliy, janubiy va markaziy hududlaridagi mahalliy amerikalik aholi orasida ko‘proq uchraydi. Uning belgilari odatda ertaroq boshlanadi va PMLEga nisbatan og‘irroq kechadi.

Fotoallergik toshma — kosmetika va dori vositalarga reaksiya
Fotoallergik toshma esa quyosh nurlari va muayyan kimyoviy moddalar — masalan, kosmetika vositalari yoki dorilar bilan o‘zaro ta’sirda vujudga keladigan teri kasalligidir. Bu toshma odatda 1-2 kun ichida yuzaga chiqadi va hatto quyosh nurlariga tushmagan tananing boshqa qismlariga ham tarqalishi mumkin. Bu holat turli teri rangiga ega insonlarda uchrashi mumkin, lekin och teridagi insonlar bunga nisbatan ko‘proq moyil bo‘ladi.

Doktor Jalimanning ta’kidlashicha, bunday allergik reaksiyalar, ayniqsa, ba’zi kremlar, xushbo‘yliklar va hatto limon shirasi kabi tabiiy moddalardan keyin paydo bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, ba’zi dori vositalari — masalan, tetratsiklin, siprofloksatsin, gidroxlorotiazid, izotretinoin kabi preparatlar ham fotoallergik toshmani qo‘zg‘atishi mumkin.

Kam uchraydigan, lekin og‘ir shakl — quyosh hivichlari
Quyosh hivichlari (Solar urticaria) ham quyosh allergiyasining shakli hisoblanadi. Bu holat juda kam uchraydi, ammo juda tez va og‘ir belgilar bilan kechadi. Quyoshga chiqqan zahotiyoq terida hivichlar, qizarish va qichishish paydo bo‘ladi. Bu holatning aniq sababi haligacha noma’lum.

Quyosh allergiyasi kimlarda rivojlanishi mumkin?
Eng qizig‘i shundaki, quyosh allergiyasi har qanday odamda, hatto oldin bunday muammoga duch kelmaganlar hamda yillar davomida bir xil dorini iste’mol qilgan kishilarda ham rivojlanishi mumkin. Doktor Jaliman bu haqda shunday deydi:

“Masalan, siz bir antibiotikni yillar davomida qabul qilgan bo‘lishingiz mumkin, ammo bir kunda unga fotoallergik reaksiya rivojlanadi. Ajablanarlisi shundaki, bunday allergik reaksiyalar vaqt o‘tishi bilan ham paydo bo‘lishi mumkin.”

Qanday choralar ko‘rish mumkin?
Agar siz quyosh nuridan keyin terida toshma, qichishish yoki qizarishni kuzatgan bo‘lsangiz, shifokorga murojaat qilish lozim. Diagnoz qo‘yish uchun dermatologlar maxsus fototestlar yoki terini tahlil qilish orqali aniqlashadi. Yechim sifatida quyoshdan himoya qiluvchi kremlar, antigistaminlar va ba’zi hollarda teriga surtiladigan steroid mazlar tavsiya etiladi.

Himoyalanish uchun tavsiyalar:
Quyosh chiqishi bilan emas, quyosh pastlagan vaqtda ko‘chaga chiqing.

SPF 30 yoki undan yuqori quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.

Uzoq qo‘lli kiyimlar va keng shlyapalar kiyishni odat qiling.

Fotoallergik ta’sir berishi mumkin bo‘lgan dorilarni shifokor maslahatisiz qabul qilmang.

Teriga suriladigan kosmetika vositalar tarkibini o‘rganing.

Xulosa
Quyosh nurlari nafaqat foydali, balki ba’zi insonlar uchun xavfli ham bo‘lishi mumkin. Quyosh allergiyasi — bu jiddiy, ammo e’tibor berilsa, nazoratga olinadigan holatdir. Agar sizda bunday belgilari bor bo‘lsa, o‘zingizni aybdor his qilmang. Muhimi — vaziyatni to‘g‘ri baholab, mutaxassisga murojaat qilish va zarur choralarni ko‘rishdir.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Quyosh nuridan allergiya bo‘lish mumkinmi? Ishonish qiyin, ammo rost