14:16 / 11.09.2019
3 177

Senator to‘y qiluvchi taraflar o‘rtasida «To‘y shartnomasi» tuzishni taklif qildi

Senator to‘y qiluvchi taraflar o‘rtasida «To‘y shartnomasi» tuzishni taklif qildi
O‘zbekistonda “Nikoh shartnomasi” tuzilishi majburiy joriy etilishi zarur. Bu haqda Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Maqsuda Vorisova aytib o‘tdi, deb yozmoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, Xalq demokratik partiyasi o‘z elektorati manfaatlari himoyasi yo‘lida, xususan, aholi keng qatlamlari talab-istaklarini o‘rganib, oilalar farovonligini ta’minlash, ulardagi ajralishlarning oldini olish, mehnat bilan topilgan mablag‘larni farzandlar kamoli uchun sarflashni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan me’yoriy hujjat ishlab chiqish vaqti keldi, deb hisoblaydi.

Bildirilishicha, Senat tomonidan qabul qilinishi lozim bo‘lgan me’yoriy hujjatda quyidagi masalalarga aniq yechim berilishi lozim:

Birinchidan, Senat tomonidan mamlakatimizda to‘y va boshqa marosimlarda ortiqcha sarf-xarajatlarga yo‘l qo‘ymaslik, isrofgarchilikning oldini olish, soxta obro‘ qozonish maqsadida, bir kunda ortiqcha marosimlar, dabdabali to‘ylarga barham berish, har bir hududning o‘z yaxshi an’analarini hisobga olgan holda, to‘y va marosimlarning aniq me’yorini belgilash haqida qaror qabul qilinishi lozim.

Ikkinchidan, nikohlanuvchilar o‘rtasida ikkala tomonning huquq va majburiyatlari aks ettirilgan, oilaviy hayotda va ajrim ro‘y bergan holatda bajarilishi zarur bo‘lgan vazifalar aniq belgilangan “Nikoh shartnomasi” tuzilishi majburiy joriy etilishi zarur.

Uchinchidan, to‘y qiluvchi ikkala taraf o‘rtasida tomonlarning vazifalari va majburiyatlari aniq ko‘rsatilgan, Oliy Majlis Senati Qarori talablari asosida tuzilgan “To‘y shartnomasi” amalga tatbiq qilinishi kerak.

To‘rtinchidan, to‘y va boshqa marosimlarning Senat qarori asosida o‘tkazilishi nazorati mahalla fuqarolar yig‘inlari va hududiy ichki ishlar organlari tomonidan nazorat qilinishi kerak.

Beshinchidan, barcha jamoat tashkilotlari, vazirliklar, ommaviy axborot vositalari tomonidan aholi orasida dabdababozlik va isrofgarchilikka qarshi targ‘ibot ishlari olib borilishi kerak.

Oltinchidan, bu ishlarda barcha darajadagi rahbar xodimlar shaxsiy namuna ko‘rsatishlari lozim.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Senator to‘y qiluvchi taraflar o‘rtasida «To‘y shartnomasi» tuzishni taklif qildi