Soxta YTH orqali sug‘urta pullarini qo‘lga kiritish sxemasi fosh qilindi

Oʻzbekistonda sugʻurta bozorida jiddiy jinoiy sxema fosh etildi. Kun.uz tomonidan oʻrganilgan sud hukmiga koʻra, bir guruh shaxslar yoʻl-transport hodisalarini sunʼiy ravishda “tashkil etib”, qalbaki hujjatlar orqali sugʻurta kompaniyalaridan muntazam pul undirib kelgani maʼlum boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, ushbu noqonuniy faoliyat 30 yoshli A.A., 21 yoshli S.A. va 24 yoshli Z.Y. tomonidan amalga oshirilgan. Ular oʻzaro vazifalarni taqsimlab, aniq reja asosida harakat qilgan. Guruhga yetakchilik qilgan A.A. barcha jarayonni muvofiqlashtirgan: yangi ishtirokchilarni jalb qilish, soxta YTHlarni oldindan rejalashtirish, “yevroprotokol” va boshqa rasmiy blankalarni qalbaki maʼlumotlar asosida toʻldirish hamda ularni sugʻurta tashkilotlariga taqdim etish ishlarini boshqargan.
Qolgan sheriklar — S.A. va Z.Y. esa har bir epizodda “jabrlanuvchi” yoki “aybdor” sifatida ishtirok etishgan, shuningdek, yangi odamlarni jalb qilish va avtomobillar topish vazifalarini bajarishgan. Bu orqali ular har bir holatni ishonchli koʻrinishga keltirishga harakat qilgan.
Jinoiy sxema deyarli bir xil ssenariy asosida amalga oshirilgan. Asosan ikki xil avtomobil — davlat raqami 01 L 368 AC boʻlgan oq Malibu va 01 C 897 MC raqamli qora Malibu “jabrlanuvchi” sifatida ishtirok etgan. Ushbu mashinalar ishtirokida goʻyoki YTH sodir boʻlgani haqida rasmiy hujjatlar tayyorlanib, keyin sugʻurta kompaniyalariga taqdim etilgan.
Masalan, 2024 yil 15 yanvar kuni Yashnobod tumanida Malibu va Tracker ishtirokida tunda “YTH” boʻlgani haqida qalbaki hujjatlar tayyorlangan. Shu orqali sugʻurta kompaniyasidan 13 million 758 ming soʻm tovon puli olingan. Shu kabi yana bir holat 21 fevral kuni Parkent tumanida qayd etilgan boʻlib, Malibu va VAZ-31514 ishtirokidagi “hodisa” uchun 14 million soʻm undirib olingan.
Umuman olganda, jinoyatchilar 14 ta holatdan 8 tasini muvaffaqiyatli amalga oshirib, jami qariyb 110 million soʻm sugʻurta tovonini qoʻlga kiritgan. Qolgan 6 holatda esa ular oʻz rejalarini turli sabablarga koʻra yakuniga yetkaza olmagan.
Sud jarayonida ayblanuvchilar oʻz qilmishlarini toʻliq tan olgan. Mirzo Ulugʻbek tuman jinoyat ishlari boʻyicha sudi qaroriga koʻra, ular Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan firibgarlik va hujjatlarni qalbakilashtirish boʻyicha aybdor deb topildi. Har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 305 baravari — 103 million 700 ming soʻm miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Bu holat yana bir bor koʻrsatmoqdaki, sugʻurta tizimidagi har qanday noqonuniy urinishlar baribir fosh boʻladi. Qisqa yoʻl bilan daromad qilishga urinish oxirida katta javobgarlikka olib kelishi muqarrar.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!