19:36 / 17.12.2019
2 448

Qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon to‘liq qoplanadimi?

Qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon to‘liq qoplanadimi?
Ma’lumki, jinoyat sudloviga jalb etilgan ba’zi toifadagi shaxslar o‘zlarining protsessual huquq va majburiyatlarini ixtiyoriy ravishda bajarmasa, ularga nisbatan protsessual majburlov choralari qo‘llanilishi mumkin. Chunki majburlov choralari muhim protsessual harakatlar hisoblanib, fuqarolarning shaxsiy, mulkiy va boshqa sub’ektiv huquqlarini toraytirish va cheklashda o‘z ifodasini topadi.

Akmal Ergashev, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining sudyasi: — Bu majburlov choralari shaxsning huquq, erkinlik va qo­nuniy manfaatlarini muayyan darajada cheklaydi. Biroq ularni qo‘llamasdan jinoyat-protsessual faoliyatni yuritib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jinoyat protsessi ishtirokchisining tergov yoki sud harakatlarini amalga oshirishga to‘s­qinlik qilayotgani va o‘z zimmasiga yuk­latilgan majburiyatlarni bajarmayotgani protsessual majburlov choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.

Aytish kerakki, majburlov choralari turlicha mazmunga ega bo‘lishi mumkin. Jinoyat-protsessual majburlov choralari va jinoyat-protsessual javobgarlik choralari bir-biriga mos kelmaydigan tushunchalar hisoblanadi.

Ilgari ayblanuvchilarni uzoq muddat davomida qamoqda saqlash holatlari ko‘p uchragan. Hozirgi paytda esa, bu muddatlar va qamoqda saqlab turish tarzidagi ehtiyot choralarini qo‘llash jinoyat tergov qilinayotgan paytda ko‘pi bilan uch oy­ni tashkil etadi. Ushbu muddat qonunchilikda o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan, uzaytirilgan holat bilan qo‘shib hisoblaganda, yetti oydan oshmasligi belgilangan.

Ushlab turish muddati ushlangan shaxs ichki ishlar or­ganlari yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan boshlab ko‘pi bilan qirq sakkiz soatga qisqartirildi. Tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda, ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda yana qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin.

Ushlab turish jinoyat ishi qo‘z­g‘atilgunga qadar ham, ish qo‘zg‘atilganidan keyin ham amalga oshirilishi mumkin. Keyingi holatda ushlab turishga faqat surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning qaroriga binoan yo‘l qo‘yiladi.

Fuqarolarning konstitutsiya­viy huquq va erkinliklarini cheklash shaxs jinoyat protsessi ishtirokchisi sifatida jalb etilgan dastlabki daqiqalardan boshlanadi. Demak, uning muhofazasini ta’minlash ham shu muddatdan boshlanishi kerak.

Ushlab turish boshqa protsessual majburlov choralaridan ko‘proq qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasiga o‘xshaydi va qamoqqa olishning ko‘plab tavsiflari ushlab turishga ham taalluqlidir. Agar ushlab turish muddati tugagunga qadar asoslar bo‘lsa, shaxs ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinadi.

Shaxsga qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon, basharti, keyinchalik unga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa yoki Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasida nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra, ish tugatilgan bo‘lsa, to‘liq hajmda qoplanadi.

Ma’muriy huquqda shaxsni ushlab turishning umumiy muddati 3 sutka. Agar huquq­buzarlikda ayblanayotganning shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmasa, prokurorning sank­siya­si bilan bu muddat o‘n sutkagacha uzaytirilishi mumkin.

2017 yil 29 martda qabul qilingan qonunga muvofiq, Jinoyat protsessual kodeksining 29 va 31-boblariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, sudga qadar ish yurituv bosqichida qo‘llaniladigan choralar, ya’ni lavozimdan chetlashtirish va shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralarini faqat sudyaning sanksiyasi asosida qo‘llash tartibi joriy qilindi.

Ma’lumki, protsessual majburlov choralarini qo‘llashda sudning alohida o‘rni bor. Chunki sudning faoliyati qonun ustuvorligini, ijtimoiy adolatni, fuqarolarning tinchligi va totuvligini ta’minlashga qaratilgan.

Protsessual majburlov choralarini qo‘llashda sudlarning vakolatlari izchil kengaytirilib, odil sudlovni amalga oshirishda ularning xolisligi va mustaqilligi kafolatlandi. Xususan, sud tizimi ijro etuvchi hokimiyat organlari nazorati va ta’siridan chiqarildi.

Jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini cheklash, o‘z navbatida, bu jarayon ustidan samarali tarzda nazorat o‘rnatishni talab etadi. Bunday nazorat esa, sud orqali ta’minlanadi.

Qayd etish joizki, sudyaga protsess ishtirokchilarining iltimoslariga binoan, tomonlarga yordam ko‘rsatish maqsadida, ayrim tergov harakatlarini o‘tkazish huquqi berilishi ham tomonlarning tengligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma materiallar kelib tushgan paytdan e’tiboran yetmish ik­ki soat ichida yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi.

Qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma prokuror, ayblanuvchi, agar ishda qatnashayotgan bo‘lsa, hi­moyachi ishtirokida ko‘rib chi­qiladi. Zarur hollarda surishtiruvchi, tergovchi sudga chaqirilishi mumkin.

Ayblanuvchi statsionar sud-psixiatriya ekspertizasidan o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilgan taqdirda, qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnoma sud tomonidan ayblanuvchining ishtirokisiz ko‘rib chiqilishi mumkin.

Sudyaning qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish yoki qamoqda saqlab turish yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirishni rad qilish yoki ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi u o‘qib eshittirilgan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

Sudyaning ajrimi ustidan u chiqarilgan kundan e’tiboran yetmish ikki soat ichida ayblanuvchi, uning himoyachisi va qonuniy vakili, lavozimidan chetlashtirilgan ayblanuvchi ishlagan tegishli korxona, muassasa, tashkilot rahbari tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilishi yoxud prokuror tomonidan protest bildirilishi mumkin.

Shikoyat, protest ajrimni chiqargan sud orqali beriladi, mazkur sud qirq sakkiz soat ichida ularni materiallar bilan birga apellyatsiya ins­tansiyasi sudiga yuborishi shart. Shuni ham aytish kerakki, shikoyat yoki protest berish sudning ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi ajrimi ijrosini to‘xtatib qo‘ymaydi.

Apellyatsiya instansiyasi su­di ushbu materiallarni shikoyat yoki protest bilan birga ular kelib tushgan paytdan e’­tiboran yetmish 2 soatdan kechiktirmasdan ko‘rib chiqishi kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qonunsiz ushlab turish tufayli yetkazilgan ziyon to‘liq qoplanadimi?