20:27 / 07.03.2023
1 003

Kuchayib borayotgan tanlovsizlik. Cobalt va Gentra uchun kontraktatsiya qachon ochiladi?

Kuchayib borayotgan tanlovsizlik. Cobalt va Gentra uchun kontraktatsiya qachon ochiladi?

Foto: UzAuto Motors


UzAuto Motors dekabr oyi boshida budjet modellar – Damas, Labo, Cobalt va Gentra uchun shartnoma tuzishni to‘xtatgan edi. Ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qisman O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan ushbu modellar sotuvi qachon ochilishi borasida hech qanday ma’lumot yo‘q. Kun.uz vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida “O‘zavtosanoat” axborot xizmati bilan bog‘landi.

“Sobalt va Gentra uchun qachon shartnoma berish boshlanishi bo‘yicha aniq ma’lumot yo‘q. Kontraktatsiya ochilmayotgani navbatlarni kamaytirish ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq”, deyiladi kompaniya vakilining javobida.

UzAuto Motors  2022 yil oxiridan Nexia-3 va Spark ishlab chiqarishni to‘xtatgandi, joriy yil oxiridan esa Gentra ham konveyerdan olib tashlanishi rejalashtirilgan. Katta ehtimol bilan, yaqin yillar ichida Nexia-3 va Spark o‘rniga boshqa budjet modellar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmaydi.

Telegramdagi Uzavtosavdo_bot ma’lumotlariga tayanilsa, 4 mart holatiga ko‘ra, shartnoma imzolash imkoniyati mavjud bo‘lgan UzAuto Motors’ning eng arzon modellari: Onix - 207 mln 347 ming so‘mdan, Tracker-2 esa 211 mln 454 ming so‘mdan boshlanadi. O‘z navbatida Onix uchun 4559ta, Tracker-2 uchun 31054ta navbat ham bor.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi  3 mln 892 ming so‘mni tashkil etgan. Bu O‘zbekistonda o‘rtacha daromad topadigan xodim amalda sotib olish uchun mumkin bo‘lgan Onix’ni xarid qilishi uchun har qanday xarajatlardan tiyilib, 53 oy yoki 4,5 yil ishlashi kerakligini anglatadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ko‘ra, 2022 yilda budjet va nobudjet tashkilotlarda ishlovchilarning 28 foizi yoki 1 404 377 nafar xodim 1 mln so‘mgacha maosh olgan. 1 mln so‘mdan 2 mln so‘mgacha oylik oluvchilar soni 1,2 mln nafarni (24,6 foiz) tashkil qilgan. Shuningdek, 25,2 foiz xodim 2 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha oylik daromad topgan. Respublika miqyosida budjet va nobudjet tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning 77,8 foizi oyiga 4 mln so‘mdan kamroq daromad topadi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov kompaniyaning 3 yil avvalgi va’dalarini yana bir bor eslatib, o‘zbekistonlik iste’molchilar kichik budjet avtomobillari sotib olish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lishganiga e’tibor qaratdi.

“2019 yil 7 iyun sanasida “O‘zavtosanoat” Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zbekistonda avtomobilsozlikni rivojlantirish strategiyasi” taqdimotini o‘tkazgan. Unda xususan, birinchi 5 yillikda narxi 10 000 AQSh dollari atrofida bo‘lgan arzon avtomobillar ishlab chiqarilishiga e’tibor qaratilishi e’lon qilingan.

Xuddi shu strategiya bir kun o‘tib davlat rahbariga ham taqdim etilgan. Rahbar avtomobillar narxini barqaror saqlab, sifatini oshirish, yangi hamyonbop modellar ishlab chiqarish va mahalliylashtirishni kengaytirish orqali mahsulotlarning bozordagi o‘rnini mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan.

Amalda nima bo‘ldi? Amalda narxi 6-8 ming dollargacha bo‘lgan mexanika korobkali avtomobillarni ishlab chiqarish 2020 yil davomida, keyin 2021 yilda quyi pozitsiyadagi 8-9 ming dollarlik avtomat korobkali va yakunda 2022 yilda 10 ming dollargacha bo‘lgan avtomobillar ishlab chiqarish butunlay to‘xtatildi. Buyam mayli. Agar bu segmentda mahalliy ishlab chiqarish bo‘lmasa, balki hukumat sog‘lom aqlga murojaat qilgan holda “malolitrajkalar” uchun bojlarni bekor qildimi? Aslo yo‘q”, deya yozadi Otabek Bakirov.

Ayni vaqtda eng tejamkor hisoblangan kichik litrajli avtomobillar uchun bojlar eng baland tarzda o‘rnatilgan. Kutilayotgan tendensiya O‘zbekiston aholisining mutlaq ko‘pchiligi uchun avtomobil tanlash imkoniyatini tubdan cheklaydi. Ishlab chiqarish hajmlarining o‘smasligi va cheklangan tanlov sharoitida qondirilmagan talab faqat o‘sib boradi.

“Yangilangan” Malibu

UzAuto Motors  yangilangan Malibu XL avtomobillari narxlarini e’lon qildi:

  • Malibu XL 1LT – 375 000 640 so‘m;
  • Malibu XL 2LT – 390 000 800 so‘m;
  • Malibu XL LTZ – 419 000 960 so‘m.

Malibu XL oldin sotuvda bo‘lgan Malibu-2'dan deyarli farq qilmasligini inobatga olsak, QQS pasayishi fonida kompaniya narxlarni sezilarli darajada oshirganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Umuman olganda esa, UzAuto Motors “yangilangan” rutbasi bilan sotuvini yo‘lga qo‘yayotgan Malibu XL Xitoyda o‘tgan yilda o‘sha paytdagi kurs bo‘yicha 25 ming 750 dollardan sotuvga chiqarilgan.

UzAuto Motors Chevrolet Malibu’ni O‘zbekistonga Janubiy Koreyadan import qiladi. Yillik limit – 2900 dona. Kompaniya ushbu mashinalar qanchadan sotib olinayotganini biror marta ochiqlamagan.

Ta’kidlash kerakki, UzAuto Motors Koreyadan Malibu import qilayotganida QQS va utilizatsiya yig‘imi to‘lashini bildirgan, biroq import bojiga to‘xtalmagan. Bu – mazkur monopol korxona yashirin hujjatlar orqali avtomobil importi bojidan ozod qilinganiga ishora qiladi.

Shu tariqa, mahalliy avtogigantga berilgan eksklyuziv imtiyozlardan oddiy iste’molchilar mahrumligicha qolmoqda. Jahon bozorida qulayligi jihatidan Chevrolet Malibu bilan raqobat qila oladigan, narxi ham yaqin boshqa avtomashinalar talaygina, lekin ularni olib kirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar juda katta moddiy va byurokratik to‘siqlarga duch keladi.

Muvaffaqiyatsiz IPO

UzAuto Motors davlat korxonalari ichida birinchilardan bo‘lib IPO o‘tkazdi. Savdolar yakuniga ko‘ra, kompaniya investorlardan 56,9 mlrd so‘mgina jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. Milliy avtomobil ishlab chiqaruvchisining aksiyalariga talab kutilganidan 17 barobarga past bo‘ldi.

O‘zbekistondagi avtomobilsozlik sanoatining monopolistik holati yuqori darajada ekani hech kimga sir emas. UzAuto Motors esa avtomobil importiga o‘rnatilgan boj stavkalari bilan himoya qilib kelinadi. Kompaniyaning ochiq raqobat muhitida foyda yoki zarar bilan qanday ishlashi mumkinligi haqidagi prognozlar mavjud emas. Ya’ni mamlakatdagi iqtisodiy siyosat o‘zgarganda, kompaniyaning moliyaviy holati qanday bo‘lishini tahlil qilish imkonsiz. Aynan raqobat muhiti yo‘qligi bugungi kunda kompaniya “muvaffaqiyatlari”ni belgilab berayotgan asosiy omil hisoblanadi.

Shuningdek, kompaniyaning haqiqiy moliyaviy holati haqidagi hisobotlar ochiqlanmaydi. UzAuto Motors bir qator ochiq va yopiq imtiyozlar, subsidiyalardan foydalanib keladi.

Avvalroq, “O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umrzoqov avtomobilga navbatlar yo‘q bo‘lishiga yana bir marta va’da bergandi. Uning aytishicha, bunga avtomobil ishlab chiqarish hajmini oshirish orqali erishiladi.

“Andijonning o‘zida bu yil 250−300 mln dollarlik to‘rtta yangi zavod quradigan bo‘ldik. Bu nima beradi? Tasavvur qiling, 2016 yil 80 ming mashina chiqqan, 2017 yil 120 ming chiqqan. Bugun 330 ming chiqaryapmiz. Bu yil 400 mingdan oshiq chiqaramiz. Navbat yo‘q bo‘ladi, ishoning, faqat ozgina sabr”, – dedi “O‘zavtosanoat” raisi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Kuchayib borayotgan tanlovsizlik. Cobalt va Gentra uchun kontraktatsiya qachon ochiladi?