Tesla BYDga yo‘l berdi 2025 yilda elektromobil savdosida yetakchi kim

2025 yil yakunlariga ko‘ra, Ilon Maskga tegishli Tesla dunyodagi eng yirik elektromobil sotuvchisi maqomini boy berdi. Trading Review xabariga ko‘ra, kompaniya yetakchilikni Xitoyning BYD korporatsiyasiga topshirdi. Bu haqda kursiv.uz xabar beradi.
Tesla’ning choraklik hamda yillik yetkazib berish ko‘rsatkichlari kompaniyaning o‘zi kutgan darajadan past chiqdi. Bu holat avtomobil ishlab chiqaruvchisi aksiyalariga bosimni kuchaytirdi.
2025 yilning to‘rtinchi choragida Tesla global bozorlarga 418,2 ming dona elektromobil yetkazib berdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16% kam. Ko‘rsatkich kompaniya shakllantirgan konsensus-prognozga ham yetmadi.
Yil davomida Tesla yetkazib berishlari 8,6% ga qisqarib, 1,64 million donani tashkil etdi. BYD esa o‘sishni saqlab qoldi: 2025 yilda kompaniya 2,26 million elektromobil sotdi, bunda ham to‘rtinchi chorak, ham yil yakuni bo‘yicha ijobiy dinamika qayd etildi. Biroq BYDning o‘sish sur’atlari so‘nggi besh yildagi eng sust darajaga tushgani ta’kidlanadi.
2026 yilning ilk savdo kunida Nyu-Yorkda Tesla aksiyalari sessiya boshida ko‘tarilish bilan ochilgan bo‘lsa-da, yetkazib berishlar bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilingani va global elektromobil bozorida raqobat kuchaygani fonida savdo jarayonida pasayish hududiga o‘tib ketdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!