13:00 / 09.10.2021
3 231

Ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar yuzasidan Doniyor G‘aniyev nima dedi?

Ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar yuzasidan Doniyor G‘aniyev nima dedi?
Ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilinganda uni boshqa shaxs nomiga notarial rasmiylashtirish hamda YHXXda ro‘yxatdan o‘tkazishda to‘lanadigan davlat boji va yig‘imlar stavkalarining yuqoriligi qo‘plab fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘layotgani tufayli ushbu to‘lovlar qayta ko‘rib chiqilishi lozim, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev.

Amaldagi “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga asosan, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji transport vositasining dvigatel quvvati (ot kuchi) va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda BHMning 2 barobari (540 000 so‘m)dan 10 barobari (2 700 000 so‘m)gacha etib belgilangan. Bundan tashqari, notarius pullik xizmatlari uchun BHMning 65% miqdorida (175 500 so‘m) qo‘shimcha to‘lovlar bor.

Shuningdek, sotib olingan avtotransport vositasini DYHXX (GAI)da ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ham transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda yig‘im belgilangan. Avtotransport yig‘imidan tashqari, fuqarodan sotib olingan avtomobilga yangi qayd etish guvohnoma (texpasport)si, davlat raqam belgisi va ro‘yhatdan o‘tkazish xizmati uchun jami 621 000 so‘m qo‘shimcha to‘lovlar undiriladi.

Misol uchun, ot kuchi 105 bo‘lgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan ko‘p bo‘lmagan Neksiya avtomobilini oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun 1 795 500 so‘m, DYHXXda ro‘yhatdan o‘tkazish uchun esa 3 739 500 so‘m, ya’ni jami 5mln. 535 ming so‘m xarajat talab qilinmoqda.

Solishtirish uchun, avtomobilni tasarruf etish va sotish huquqi bilan begona shaxslarga beriladigan ishonchnoma (xalq tilida gen doverennost) uchun belgilangan davlat boji BHMning 3 barobari (810 000) so‘m etib belgilangan. Pullik notarius xizmatlari bilan qo‘shib hisoblaganda ham bunday ishonchnoma jami 985 500 so‘m xarajat talab etadi. Shuningdek, ishonchnomalarni DYHXXda ro‘yhatdan o‘tkazish talab etilmaydi.

Natijada, avtomashina oldi-sotdisi uchun belgilangan yuqori boj va yig‘imlar bois aksariyat hollarda fuqarolar oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirishni chetlab o‘tib, uni ishonchnoma orqali rasmiylashtirishni ma’qul ko‘rmoqda. Oxirgi yillarda notarial idoralar orqali begona shaxslarga avtomobillarni tasarruf etish va sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar soni keskin oshgani ham buni tasdiqlamoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yilda begona shaxslarga tasarruf etish huquqi bilan rasmiylashgan ishonchnomalar soni atiga 20 996 ta bo‘lgan bo‘lsa, bu raqam 2020 yilda 18 barobarga oshib, 376 521 taga yetgan. Joriy yilda (2021 yil 18 sentabr holatiga) begona shaxslarga tasarruf etish huquqi bilan rasmiylashgan ishonchnomalar soni 324 721 tani tashkil etgan. Shuningdek, notarial rasmiylashgan avtomobil oldi-sotdi shartnomalarining soni ham 2018 yildagi 343 674 tadan 2020 yilga kelib 308 413 taga kamaygan.

Deputat oxirgi yillarda notarial idoralar orqali begona shaxslarga avtomobillarni tasarruf etish va sotish huquqi bilan berilgan ishonchnomalar soni keskin oshganini ta’kidlaydi.

Ushbu ishonchnomalarning katta qismi aslida oldi-sotdi shartnomasi ekani inobatga olinsa, bunday haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan avto-bitimlar mulk huquqi va fuqarolik munosabatlarida salbiy oqibatlar keltirib chiqarmoqda”, – deya yozdi Doniyor G‘aniyev Telegram-kanalida.

Birinchidan, ishonchnoma 3 yildan oshmagan muddatga beriladi va xoxlagan paytda ishonchnoma bergan shaxs tomonidan bekor qilinishi mumkin.
Ikkinchidan, ishonchnoma bergan shaxs vafot etsa ishonchnoma avtomatik bekor bo‘ladi.
Uchinchidan, haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilganda jarimalar ishonchnoma beruvchi nomiga kelib tushaveradi va turli nizolarga sabab bo‘ladi.

Uning aytishicha, avtomobil oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish xarajatlari kamaysa, ularning soni oshib, davlat budjetiga undirilishi ko‘zlangan tushumlar miqdori oshadi.

Ko‘rinib turibdiki, ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni xaridor nomiga o‘tkazish uchun belgilangan davlat boji va DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘im stavkalarining qayta ko‘rib chiqish zaruriyati bor.

Deputat moliya vaziriga 2022 yil uchun davlat budjetining parametrlarini shakllantirishda avtomobil oldi-sotdi shartnomasini rasmiylashtirish uchun belgilangan to‘lovlar miqdorini pasaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rab, deputat so‘rovi yuborilganini, shuningdek, parlamentda budjet loyihasi muhokamasi boshlanganda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratib, kun tartibiga olib chiqishga harakat qilishini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar yuzasidan Doniyor G‘aniyev nima dedi?