
Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbaev oʻz Telegram kanali orqali davlat imtihon olish markazlari prezident qaroriga zid ravishda yopilayotganini haqida post yozdi. Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov deputatning fikrlariga raddiya berdi.
Kusherbaev oʻz postida Yagona imtihon markazi faoliyati yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga deputatlik soʻrovi kiritganini bildirgan. Qoʻmitaning bildirishicha, etarli miqdorda xususiy sektor sub'ektlari tashkil etilgunga qadar mazkur funktsiyalarni davlat organlari va tashkilotlari amalga oshiradi.
- Biroq shunga qaramay hozirgi kunda respublikaning ba'zi hududlarida (Qashqadaryo viloyatida 2 ta, Surxondaryo viloyatida 3 ta hamda Toshkent viloyatida 6 ta) Ichki ishlar vazirligi tizimidagi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish markazlari ushbu sohada etarli miqdorda xususiy sektor sub'ektlari tashkil etilmay turib, prezident qarori talablariga zid ravishda faoliyati toʻxtatilgan, — deydi Kusherbaev.
Shu munosabat bilan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi prezident qarori talablariga zid harakatlar sodir etilayotganligi sababli Vazirlar Mahkamasiga kiritish uchun tegishli taklif ishlab chiqqan. Taklifda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining nazariy va amaliy imtihonlarni oʻtkazish boʻyicha faoliyati ushbu xizmatni koʻrsatuvchi tadbirkorlik sub'ektlarining etarlicha tashkil qilinguniga qadar, ya'ni har bir hududda avval faoliyatda boʻlgan imtihon oluvchi davlat tashkilotlari sonidan kam boʻlmagan xususiy sektor bozorga kirgandan soʻng toʻxtatilishi nazarda tutilgan.
- Bunda masalan, Toshkent viloyatida 6 ta xususiy imtihon olish markazi tashkil etilgunga qadar 6 ta davlat markazi ishlashi kerak. Nima uchun 6 ta deyilsa, asos shuki yaqin vaqtgacha talabdan kelib chiqib Toshkent viloyatida 6 ta markaz faoliyat koʻrsatgan. Undan kami etmaydi. Demak, bundan xulosa kelib chiqadiki, bitta tadbirkorlik sub'ektining tezroq soqqa ishlashiga imkoniyat berish uchun shoshib-pishib boshqa davlat imtihon markazlarini yopish orqali prezident qarori talablari ham buzilgan.
Endi savol: Qaror talablarini bunday talqin qilish va buzish kimga, nima uchun kerak boʻldi?, — deydi deputat.
Allamjonovning aytishicha esa, Toshkent shahri uchun xizmat koʻrsatayotgan hozircha yagona boʻlib turgan Imtihon markazi toʻliq prezident va Vazirlar Mahkamasining qaroriga mos ravishda faoliyat yuritmoqda. Markaz bugungi kunda 800 dan ortiq fuqarodan imtihon olish imkoniyatiga ega. Markaz ochilguniga qadar Toshkent shahridagi 3 ta davlat imtihon olish boʻlimlari kuniga 400 ta odamdan imtihon olgan.
- Demak, bundan kelib chiqadiki, bizning zamonaviy, barcha standartlarga javob beruvchi ‘Imtihon markaz’ avvalgi imkoniyatdan 2 barobar katta va eng asosiysi, katta avtomatlashtirilgan avtodrom, kompyuterlashtirilgan xonalariga ega. Navbatlar yoʻq deyarli. Markaz nafaqat toʻla, balki koʻp xonalari boʻsh ham turibdi. Va shu kungacha hali biron marotaba avvalgidek 400 ta uyoqda tursin, hatto 200 ta ham odam kelmadi.
Soqqa qilishga kelsak, aynan soqqa har sohaning drayveridir. Sizningcha fikrlansa, siz ham faqat soqqa uchun ishlaysiz va soqqa qilasiz, chunki tekinga ishlamaysizku (oʻzingiz aytgansiz shu gapni). Aslida ‘soqqa’ qilish gunoh emas. Jinoyat ham emas. Albatta, uni qanday qilish muhim.
Siz yosh va zamonaviy, vatanparvar, eng asosiysi, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash partiyasi deputati sifatida bizni yaxshi tushunib, xususiylashtirish tarafida boʻlishingiz kerak deb oʻylayman. Yana bilmadim. Balki, sizga eski korruptsiyalashgan tizim koʻproq yoqar. Saylovchilar, tayinlovchilar sizga murojaat qilishsa, darrov qilich koʻtarib ketmay ularni koʻproq oʻqishga, bilim olishga chaqirsangiz, bugungi siyosatning asl yordamchisi boʻlasiz deb oʻylayman. Saylovchilaringiz savoli menga juda qiziq. Xuddiki Imtihon markazini qoʻllash emas, qiynalib ketganidan eskisini qaytarib bering, deyishayotgandek. Yana kim bilsin!
Ishlaringizga omad. Vaqtingiz boʻlsa keling bir aylanib. Jon deb kutib olib, eng zamonaviy, haqiqiy imtihon markazini koʻrsatamiz. Juda koʻpchilik oʻta olmayapti. Chunki bilimi yoʻq. Saylovchilaringiz (ular Toshkent viloyatidan boʻlsa kerak) qumsayotgan tizimda shular balki yuz foiz oʻtib ketar edi. Koʻchadagi ahvolni koʻrib turibsiz. Siz qaytarish kerak degan tizim natijasi bu, — deydi u. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!