20:50 / 05.05.2022
2 742

«O‘zim istamagan bunday donolik meni qaritib qo‘ydi» — Prezident Vladimir Zelenskiy

«O‘zim istamagan bunday donolik meni qaritib qo‘ydi» — Prezident Vladimir Zelenskiy
Foto: Jon Mur / Getty Images
Time jurnali «Zelenskiy dunyosida» deb nomlangan katta maqola chop etib, 9 mayda chiqadigan sonining muqovasiga Ukraina prezidentining suratini joylashtirdi. Nashr muxbiri Saymon Shuster aprel oyida Vladimir Zelenskiyning Kiyevdagi ofisida ikki hafta bo‘lib, ikki oydan beri davom etayotgan urush Zelenskiyning hayotini qanday o‘zgartirib yuborgani haqida batafsil hikoya qilib berdi. Meduza ushbu maqolaning asosiy qismlarini e’lon qilgandi.

Urushning dastlabki soatlari haqida
Rus harbiylari urushning dastlabki soatlarida Kiyevning Bankova ko‘chasidagi «Uchburchak» nomi bilan mashhur hukumat okrugini egallab olishga uringan. Zelenskiyning aytishicha, u o‘sha onlarni «uzuq-yuluq», bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan tasvirlar va tovushlar to‘plami darajasida eslaydi, xolos. Eng esida qolgani — tong otmasidan rafiqasi bilan birga 17 yoshli qizi va to‘qqiz yoshli o‘g‘lini uyg‘otib, ularni evakuatsiyaga tayyorlashga borgani. «Shovqin kuchli edi. U yerda portlash bo‘layotgandi», — deb eslaydi Zelenskiy.

Rossiyaning zarba beruvchi kuchlari Kiyevga kelib, prezident va uning oilasini qo‘lga olish va o‘ldirish bo‘yicha topshiriq olgani haqida harbiylar Zelenskiyga xabar qiladi. «O‘sha kechagacha biz bunday narsani faqat filmlarda ko‘rardik», — deydi Ukraina prezidenti devonining rahbari Andrey Yermak. Harbiylar ko‘chalarda jang qilayotgan bir paytda prezident qo‘riqchilari Zelenskiyning qarorgohini barcha mavjud vositalar bilan shoshilinch ravishda himoyalab qo‘yadi. Bu istehkomdan ko‘ra ko‘proq temir uyumini eslatardi. Zelenskiyning ko‘plab sheriklari Bankovaga keladi, ba’zilari esa oilasini ham ergashtirib olgandi. Prezident va uning yordamchilari zirhlar, o‘tochar qurollar bilan ta’minlanadi.

Birinchi kecha rus harbiylari majmuaga bostirib kirishga ikki marta urinib ko‘rgan. «U yer haqiqiy jinnixona edi», — deydi prezident devoni rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovich. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda uning rafiqasi va farzandlari hali ham Banokvada bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlar va Buyuk Britaniya Zelenskiy hamda uning jamoasini zudlik bilan Polshaga evakuatsiya qilib, u yerda muhojirlikdagi hukumatni tuzishni taklif qiladi.

Prezident Amerika tomoni bilan kechgan suhbatda bunga javoban keyinchalik butun dunyo gazetalarida sarlavhaga aylangan gapni aytadi:
"Menga transport emas, o‘q-dorilar kerak".

Zelenskiyga Kiyev tashqarisidagi, uzoq qamalga dosh bera oladigan, xavfsiz bunkerga ko‘chib o‘tishni ham taklif qilishadi. Ammo u rad etadi. Buning o‘rniga, bosqinning ikkinchi kechasi yaqin atrofdagi ko‘chalarda janglar davom etar ekan, Zelenskiy va uning maslahatchilari Bankova ko‘chasiga chiqib, ijtimoiy tarmoq uchun videomurojaat yozadi: "Barchamiz shu yerdamiz. Mustaqilligimizni va yurtimizni himoya qilamiz".

Prezident devonining urush davridagi faoliyati haqida
Bosqinning dastlabki haftalarida, rus artilleriyasi Kiyevga yaqinlashib qolgan vaqtda, prezident tong otmasidan — tonggi beshlarda — frontdagi vaziyatni bilish uchun harbiy qo‘mondonlikka qo‘ng‘iroq qiladi. Rossiya qo‘shinlari Kiyev viloyatidan chiqib ketganidan so‘ng Zelenskiy nonushta qilishga ulgurishi uchun suhbat bir necha soatga kechiktiriladi.

Time nashrining yozishicha, prezidentning Bankova ko‘chasidagi idorasida ko‘p narsa o‘zgarmagan: derazalar qum to‘ldirilgan qoplar bilan to‘silgan, mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan, elektr quvvatini tejay boshlashgan. U yerdagilarning barchasiga qurollangan askarlar hamrohlik qila boshlagan. Hozirgi ma’muriyatga yoqmaydigan soxta tilla va dabdabali jihozlardan iborat intererlar o‘zgarishsiz qolgan. «Bu yer portlatilsa, hech bo‘lmaganda mana shulardan qutulamiz», — deya hazillashadi prezident hamrohlaridan biri.

Majmua atrofidagi ko‘chalar nazorat-o‘tkazish punktlari va barrikadalar labirintiga aylangan. Bu yerda fuqarolik mashinasi bilan yurib bo‘lmaydi, qo‘riqchilar tashrif buyuruvchilardan maxfiy so‘zni — «Finjon shinavandasi» kabi har kuni o‘zgarib turuvchi bema’ni jumlani so‘raydi.

Zelenskiy jamoasi ko‘p vaqtini Bankova yaqinidagi yashirin bunkerda o‘tkazgan. Biroq rus qo‘shinlari chekinganidan so‘ng ofis xodimlari xavsizlik choralarini asta-sekin yumshatib, odatiy ish o‘rniga qayta boshlaydi. Zelenskiy ko‘pincha «Favqulodda vaziyatlar xonasi»da ishlaydi. Devoriga katta ekranlar ilingan, derazasi yo‘q bu xonada masofadan turib tezkor yig‘ilishlar o‘tkazish mumkin.

Vijdon azobi va butun dunyo diqqat-e’tibori haqida
Zelenskiy, odatiga ko‘ra, o‘z bunkerida har kecha yotishdan avval ortda qolgan kun tartibiga qaraydi. Biror muhim narsani o‘tkazib yubormadimmi, deb o‘ylaydi. U bu haqida shunday deydi:

"Bundan ma’ni yo‘q. Ko‘rib turibman, rejadagi ishlarning hammasi bajarilgan. Lekin men ko‘zdan kechirishda davom etaman va nimadir xato ketganini his qilaman. Meni vijdon azobi o‘rtaydi".

Ukrainda portlashlar va harbiy jinoyatlar davom etayotgan, tinch aholi esa yerto‘lalarda jon saqlayotgan bir paytda prezident shunchaki ko‘zini yumib, bir muddat mizg‘ib ololmaydi. Zelenskiy shunday deydi:

"Ukrainadan tashqaridagi odamlar urushni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatmoqda. Kuzatishdan bezsa, xabarlarni e’tiborsiz qoldiradi".

Bu inson tabiatiga xos narsa, dahshat odamni bezdiradi. Zelenskiy dunyo urushni qanday qabul qilayotgani va odamlar e’tibori susayib borayotganidan xavotirda. Endi uning vazifasi dunyo ahlida Ukrainadgi urushga nisbatan hamdardlik hissini kuchaytirish: bunga o‘z qayg‘usiday qarasin.

Urush o‘choqlariga tashrifi haqida
Mart boshida, Rossiya qo‘shinlari poytaxtni o‘rab olishga urinib, Kiyevni o‘qqa tutayotgan bir paytda, Zelenskiy harbiy harakatlar ko‘lamini baholash uchun ikki do‘sti va bir guruh soqchilar hamrohligida o‘z qarorgohini yashirincha tark etadi. Prezident Bankovadan shimoldagi shahar chekkasida bo‘lib, yo‘l bo‘yida portlatib yuborilgan ko‘prik va ulkan kraterni ko‘radi. Soqchilar Zelenskiy Rossiya pozitsiyalariga juda yaqin borib qolgani uchun «esdan og‘ayotgan» bir paytda u tekshiruv punktida Ukraina harbiylari bilan suhbatlashadi.

Bir necha kundan so‘ng, yordamchilarining ta’kidlashicha, Zelenskiy «sho‘rva sayohati»ga chiqadi. Kiyev chekkasidagi nazorat-o‘tkazish punktida u askarlarga har kuni bir qozon issiq sho‘rva olib kelayotgan odamni uchratib qoladi. Ular rus snayperlari va artilleriyasiga yaqin masofada sho‘rva ichib, non yeb, Sovet Ittifoqi haqida, u parchalanganidan so‘ng Rossiya qanday o‘zgargani haqida suhbat quradi. Zelenskiyning aytishicha, bu suhbat unda katta taassurot qoldirgan. Oshpaz ruslarni ko‘rishga ko‘zi yo‘qligini aytib, keyin bagajdan sovet qo‘shinlarida xizmat qilgani uchun berilgan medallarini oladi.

Urushning 40-kunida Zelenskiy jurnalistlar hamrohligida Bucha shahriga boradi, u yerda rus qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng o‘nlab tinch aholining jasadi topilgan. Zelenskiy va uning jamoasi jinoyat joylarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan vaqtda ulardagi dahshat g‘azabga aylanadi. Moskva bilan muzokaralar olib borgan delegatsiya rahbari David Araxamiya shunday deydi:

"Biz Rossiya bilan barcha tinchlik muzokaralarini bekor qilmoqchi edik. Men hatto ularning yuziga qaray ham olmadim".

Zelenskiy nutqlari haqida

Vladimir Zelenskiy Irlandiya parlamenti qarshisida masofadan turib nutq so‘zlamoqda. 2022 yil 6 aprel
Foto: Maxwells / Reuters / Scanpix / LETA

Urushning birinchi oyida Zelenskiy, taxminan, kuniga bir marta nutq so‘zlagan. U Yevropa Parlamenti, Jahon banki yoki «Gremmi» mukofotini topshirish marosimi kabi turli joylarda chiqishlar qilgan. Har bir nutq ma’lum bir auditoriya uchun mo‘ljallangan. Bundan tashqari, Ukraina prezidenti har kecha xalqqa murojaat bilan chiqadi. Prezident devonining matbuot kotibi Darya Zarivnaya shunday deydi:

"Zelenskiy nutqlarini kim tayyorlab berishi haqida ko‘p so‘rashadi. Hammasini o‘zi bajaradi. Har bitta gap ustida ishlaydi".

Zelenskiy xorij yetakchilari bilan kechgan suhbatlarning deyarli barchasida Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishlarini so‘raydi. Ba’zan u suhbatdoshlarining ikkilanishiga keskin munosabat bildiradi. Masalan, u BMT Xavfsizlik kengashiga o‘z faoliyatini to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qilgan, Germaniya prezidentidan esa Kiyevga kelmaslikni so‘ragan.

Zelenskiy o‘zini harbiy strateg sifatida emas, balki muloqotchi, o‘z xalqining omon qolishi uchun kurashuvchi davlatning tirik timsoli sifatida ko‘radi. Uning yordamchilari bu missiyani turlicha baholaydi. O‘zi ham sobiq teatr aktyori bo‘lgan Aleksey Arestovich shunday munosabat bildiradi:

"Ba’zida u rolga kirib, prezident rolini o‘ynayotgan aktyor kabi gapira boshlaydi. O‘zini boricha ko‘rsatgan paytlari esa haqgo‘y va insonparvar odam sifatida ko‘proq taassurot qoldiradi".

Donbass uchun kechayotgan jang haqida
Urushning 55-kunida Rossiya Ukraina sharqidagi jangovar harakatlarning ikkinchi bosqichiga o‘tib, Donbass uchun jang qila boshlagani haqida Zelenskiy bayonot berdi. Prezident u yerda ikki tomon qo‘shinlaridan biri tor-mor qilinishi mumkinligiga ishonadi. U 19 aprel kuni Time muxbiriga shunday dedi: "Bu keng miqyosdagi jang bo‘ladi, Ukraina hududida hali bu darajada katta urushni ko‘rmadik. Agar turib bera olsak, bu biz uchun hal qiluvchi daqiqa bo‘ladi".

Urush Zelenskiyni qanday o‘zgartirgani haqida
Zelenskiy Time muxbiriga o‘z iqrorlarini bildirdi: "Men yanada ulg‘aydim, bunday donolik meni qaritib qo‘ydi. Qurbonlar soni, rus askarlari qo‘llayotgan qiynoqlar haqida ma’lumotlar. Shunday donolik bu. To‘g‘risi, bunday narsalarni bilishni hech qachon istamagandim".

Zelenskiy hozir urushni kuzatib, Ukraina prezidentligiga nomzodini qo‘yish uchun aktyorlikni tark etganidan afsusdami, degan savolga u: «Zarracha afsusda emasman», — deb javob berdi. U urush qanday tugashini, o‘zining tarixdagi o‘rni qanday bo‘lishini bilmaydi. Biroq u Ukrainaga urush davridagi prezident kerakligini biladi va bu rolni o‘ynashga tayyor. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «O‘zim istamagan bunday donolik meni qaritib qo‘ydi» — Prezident Vladimir Zelenskiy