17:45 / 06.05.2022
1 929

Vuchich: Putinning Kosovo haqidagi bayonoti Serbiyaning pozitsiyasini murakkablashtiradi

Vuchich: Putinning Kosovo haqidagi bayonoti Serbiyaning pozitsiyasini murakkablashtiradi
Foto: RIA Novosti © Sergey Mamontov
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Kosovo va Donbassdagi o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan respublikalar mustaqilligini tan olish bilan bog‘liq vaziyatni solishtirgan Rossiya prezidentining bayonoti Belgradning pozitsiyasini murakkablashtirishini aytdi.

«Prezident Putinning bayonoti vaziyatni yanada murakkablashtiradi. Qo‘rqamanki, iqtisodiy jabhada hammasi yanada qiyinlashadi», degan Vuchich Berlinda Germaniya kansleri Olaf Shols va GFR TIV rahbari Annalena Berbok bilan uchrashuvidan keyin.

Avvalroq Handelsblatt nashriga bergan intervyusida Vuchich Putin Kosovodagi vaziyatdan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanayotgani to‘g‘risidagi fikrlarni bildirgandi.

26 aprel kuni Putin BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashuvda Rossiya o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan DXR va LXRni tan olishini aytib, bunda Kosovo respublikasi bilan bog‘liq pretsedentga asoslanishini aytgandi - 2008 yilda Serbiyadan ajralib chiqqan kosovoliklar mustaqilligi BMT Xalqaro sudi tomonidan tan olingan.

«Men Xalqaro sud qarorini yaxshi eslayman, unda o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini amalga oshirishda biror bir davlatning muayyan hududi o‘z suverenitetini e’lon qilish uchun ruxsat so‘rab mamlakatning markaziy hokimiyatiga murojaat etishga majbur emasligi yozib qo‘yilgan», degandi o‘shanda Putin.

Guterrish bunga javoban BMT Kosovo mustaqilligini tan olmaganini eslatgan.

Serbiya xuddi Rossiya kabi Kosovo mustaqilligini tan olmaydi. Serblar konstitutsiyasida Kosovo Serbiya Respublikasining bir qismi ekani ko‘rsatilgan.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, Serbiya BMTning Moskvaning harakatlari qoralangan rezolyutsiyasini yoqladi, ammo xalqaro sanksiyalarga qo‘shilmadi.

Vuchich Serbiya Ukrainadagi mojaro xarakterini baholashda yevropaliklar bilan hamfikr ekani, ammo sanksiyalar siyosatiga ishonmasligini bildirgan.

«Biz o‘nlab yillar oldin sanksiyalar qurboni bo‘lganmiz va biz sanksiyalar siyosatiga ishonmaymiz. YEI davlatlari orasida hamon muhokamalar ketmoqda, masalan, neft yoki gaz embargosi xususida. Bizning o‘z manfaatlarimiz bor. Qolaversa biz hali YEI tarkibida emasmiz. Afsuski», degan Serbiya prezidenti Handelsblatt uchun intervyuda.

Yaqinda prezidentlikka qayta saylangan Vuchich juma kuni millatga murojaat qilishi kutilmoqda, unda Rossiyaga qarshi sanksiyalar masalasi ham tilga olinishi kutilmoqda.

Payshanba kuni vitse-premer, Serbiya tog‘ ishlari va energetika vaziri Zorana Mixaylovich mamlakatning yagona yetkazib beruvchisi - Rossiyaga qaramligini kamaytirish mamlakat energetik xavfsizligi uchun zarur ekanini aytdi.

«Biz imkon qadar ko‘proq yetkazib beruvchilarga ega bo‘lishimiz uchun barcha ishni qilishimiz kerak bo‘lgan palla keldi, bu orqali xavfsizlikda bo‘lamiz. Yevropa mamlakatlarida energiya xavfsizligini oshirish va diversifikatsiya birgina yetkazib beruvchiga qaramlik oqibatlari qanchalik yomon ekanini tushunib yetishimizdan avvalroq sodir bo‘lishi kerak edi», degan Mixaylovich (iqtibos RIA Novostiniki).

Bunday bayonotni u Bolgariya, Ruminiya, Shimoliy Makedoniya, Gretsiya, Turkiya, Ozarboyjon va Ukraina vazirlari, shuningdek Yevrokomissiya vakillari ishtirokida kechgan gaz yetkazib berishni diversifikatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishdan keyin ma’lum qildi

Yil oxirigacha Rossiyadan importni uchdan ikki qismiga qisqartirish rejalashtirilgan bo‘lsa-da, YEI hozircha gaz embargosini muhokama qilmayapti. Shu kunlarda Yevrokomissiya ittifoqning 27 mamlakatiga Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qat’iylashtirish va bosqichma-bosqich tarzda neft embargosi joriy etish to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Vuchich: Putinning Kosovo haqidagi bayonoti Serbiyaning pozitsiyasini murakkablashtiradi