Ukrainaga ko‘proq artilleriya kerak, NATO yetkazib berishga tayyor / Reuters
Urush boshida AQSH va ittifoqchilari Ukrainaga davlatchiligini saqlab qolishi uchun yordam bergan bo‘lsa, bugun ular Ukraina urushda g‘alaba qozonishiga ishonishmoqda. Shu sabab Ukrainaga endi g‘alaba qozonishi uchun yordam berishyapti.
Moskvaning yadro quroli borasidagi diplomatik tahdidlari kor qilmagan ko‘rinadi, chunki avval Ukrainaga faqat himoyalanishga imkon beruvchi qurol yetkazilgan bo‘lsa, endi hujumkor qurol berishga o‘tishdi. Masalan, urush boshida Ukrainaga qurol berishdan tiyilgan Germaniya tanklar yetkazib bermoqchi.
Amerikalik siyosatchilar Ukrainaga har qanaqasiga yordam berayotgani haqida ochiq gapirmoqda. BBC bilan suhbatda bo‘lgan ekspertlarning fikricha, G‘arb Rossiyaning tahdidlaridan cho‘chimayotgan bo‘lsa-da, hamon NATO va Rossiya o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuv sodir bo‘lishini istamaydi.
«Urush G‘arb va Rossiya o‘rtasidagi qarama-qarshilik»
AQSH mahalliy telekanallari Rossiyaning «Moskva» krayseri ukrain harbiylari tomonidan AQSH razvedkasi taqdim etgan ma’lumotlar yordamida cho‘ktirilgani haqida xabar tarqatdi. Keyinroq Ukraina rossiyalik generallarni ham AQSH taqdim etayotgan razvedka ma’lumotlari yordamida yo‘q qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
AQSH tomoni Ukrainaga razvedka ma’lumotlari berayotganini yashirgani ham yo‘q. Volodimir Zelenskiy ham mamlakat razvedkasi g‘arblik hamkasblari bilan birgalikda ishlayotganini aytdi. Bunday xabarlar tarqalayotgan bir vaqtda AQSH davlat kotibi Entoni Blinken hamda Pentagon rahbari Lloyd Ostin Kiyevga bordi. Amerikalik ikki yuqori lavozimli mansabdor Ukraina urushda g‘alaba qozona olishini aytdi. AQSH qurolli kuchlari birlashgan shtabi rahbari Mark Milli ham Ukraina kuchli, mustaqil va hamma hududini to‘liq nazorat qila oladigan davlat bo‘lishini istashini aytdi.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass qirollik Kiyevga bosib olingan yerlarini qaytarishda yordam berishini aytdi.
BBC bilan suhbatda bo‘lgan Britaniya qurolli kuchlari birlashgan qo‘mondonligi sobiq rahbari ser Richard Barronsning aytishicha, NATOga a’zo davlatlarning o‘zini tutishi chindan o‘zgargan.
«Ukrainani qo‘llash kuchaytirildi. Ammo Rossiya va NATO o‘rtasida urush chiqarmaydigan darajada. Urush Ukraina va Rossiya o‘rtasida kechmoqda, to‘qnashuv esa G‘arb va Rossiya o‘rtasida», deydi BBC bilan suhbatda general Barrons.
Urush boshlanishidan avval AQSH va Britaniya yetakchilari Rossiyani jiddiy oqibatlardan ogohlantirgan edi. Bu esa mamlakatga qarshi keskin iqtisodiy sanksiyalar va Ukrainaga Rossiya bosqinini sekinlashtirish imkonini beradigan mudofaa qurollarini yetkazib berish degani edi. Ser Richard Barrons bunday yondashuvni to‘g‘ri deb hisoblaydi, ammo uning fikricha, NATO davlatlari Rossiya Ukrainaga bostirib kirmasligi uchun yetarlicha harakat qilmagan, Rossiya bosqinni amalga oshirgach esa NATO davlatlari to‘g‘ri harakatlarni amalga oshirgan.
Amerikaning Javelin rusumli tankka qarshi raketa majmuasi bilan qurollangan ukrain askari. Foto: Getty Images
«Rossiya armiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ko‘rdik. Bu esa kattaroq maqsadlarni ko‘zlashga imkon beradi», deb izohlagan general G‘arbning mudofaa qiluvchi qurollardan hujumkor qurollar berishga o‘tganini izohlar ekan.
Avvaliga Ukrainaga tank hujumi va havo hujumidan himoya vositalari berilgan bo‘lsa, endilikda zarbdor uchuvchisiz qurilmalar, og‘ir artilleriya, zirhli texnika va harbiy aviatsiya ko‘rinishida yordam yuborilyapti. Ya’ni hujum qilish imkonini beradigan qurollar.
AQSHning RAND korporatsiyasi katta ilmiy xodimi Maykl Mazarrning fikricha, Vashington Ukraina nafaqat o‘zini himoya qila olishi, balki urushda g‘alaba qozonishiga ishona boshlagan. Uning fikricha, urushning trayektoriyasi o‘zgargan. Rossiya Kiyev atrofidan ketib, janubga va sharqqa e’tibor bergani poytaxt atrofida katta talafot berganidan dalolat.
Ammo g‘arblik ekspertlarning fikricha, qurol-yarog‘ berishni ko‘paytirishganining yana bir sababi bor – Rossiya armiyasining o‘zini tutishi. Washington Post kolumnisti Devid Ignatiusning aytishicha, Mariupol va Buchada sodir bo‘lgan qirg‘inlar AQSHga jiddiy ta’sir qilgan.
«Demokratlar ham, respublikachilar ham Rossiya bosqinidan g‘azabga tushgan va bu Bayden administratsiyasi 33 milliard dollardan iborat yordam paketini so‘rashi uchun qulay fursat edi», deydi odatda razvedka ma’lumotlaridan foydalanadigan va yaqinda Rossiya sanksiyasiga uchragan jurnalist Ignatius.
Agar ushbu yordam paketi tasdiqlansa, Ukraina urush boshlangandan buyon AQSHdan olgan yordami miqdori 46 milliard dollarga yetadi. Bu Rossiya 2021 yildagi harbiy budjetining uchdan ikki qismidan ham ko‘proq degani. Bu paket tasdiqlanishi ehtimoli yuqori. Har ikki partiya vakillari ham uni qo‘llashlari haqida gapirgan, 73 foiz amerikaliklar esa AQSH Ukrainaga qurol yetkazib berishini oqlashini aytgan.
General Barronsning fikricha, og‘ir qurollar yetkazib berilishining yana bir sababi urush yo‘nalishining o‘zgarganidir. Ya’ni Donbass uchun urushda ko‘proq og‘ir qurollar va artilleriya kerak bo‘ladi.
Yadro tahdidi
Rossiya AQSHga Ukrainaga qurol yetkazib berayotganidan norozi bo‘lib, ikki marta norozilik notasi yubordi. Urush boshlangandan buyon Putin ikki marta yadro qurolini ishlatishi mumkinligiga ishora qildi. Sergey Shoygu esa NATOning Ukraina hududidagi qurol tashiyotgan transportlari yo‘q qilinishini aytgan. Ammo AQSH va ittifoqchilari bu tahdidlarga qaramay, qurol yetkazib berishda davom etmoqda.
Britaniya tashqi ishlar vaziri Liz Trass «Rossiyani provokatsiya qilmaslik» vaji bilan qurol yetkazib berishdan bosh tortayotganlarning harakatlarini qoraladi. «Harakatsizlikning o‘zi eng katta provokatsiyadir, bu ehtiyotkorlik emas», dedi Trass.
Iste’fodagi general Barronsning fikricha, G‘arb Rossiya armiyasi kutilganidek jangovar emasligini ko‘rgach, undan qo‘rqmay qo‘ydi. Uning fikricha, Rossiya juda ko‘p kuchlarini Ukrainada ishlatib bo‘ldi, shu sabab rus armiyasi kuchsizlangan va NATOga hujum qiladigan ahvolda emas.
Hozirda ukrain artilleriyachilari Amerika gaubitsalaridan foydalanishni o‘rgatish uchun o‘qitilmoqda. Foto: Reuters
Washington Post kolumnisti Ignatiusning fikricha, Vashingtondagi ekspertlar Rossiyaning tahdidlariga unchalik jiddiy qaramaslik kerak degan xulosaga kelgan. Chunki amalda bu tahdidlarda iddao qilingan harakatlar amalga oshirilmagan. «Rossiya resurslarining oxiri ko‘rinib qolgan, mojaro kuchaysa, rus harbiylari chinakam xavf ostida qoladi», deydi tahlilchi. Uning fikricha, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun AQSH va Yevropaning o‘zida kuch yetarli.
Aprel oyi o‘rtalarida AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Byorns Rossiya Ukrainaga qarshi taktik yadro quroli qo‘llashi mumkinligidan ogohlantirgandi. Bu haqda Ramzon Qodirov ham gapirgan edi. Taktik yadro quroli jang maydonida qo‘llanadigan kichikroq hajmdagi qurol hisoblanadi. Ammo MRB Rossiya armiyasida yadro qurolini ishlatishga ishora qiladigan harakatlar kuzatilmaganini ma’lum qilgandi.
«Ha, Rossiyaning ikki mingta taktik yadro kallagi bor, AQSHnikidan o‘n baravar ko‘proq. Lekin ularning Ukrainadan tashqarida ishlatilish ehtimoli past. Chunki bu ochiqchasiga Rossiyaning foydasiga ishlaydigan harakat emas», deydi general Barrons.
Uning fikricha, bunday quroldan foydalanish mojaro yo‘nalishini o‘zgartirmasligi mumkin, lekin Ikkinchi jahon urushidan buyon ilk marta yadro quroli ishlatilishi butun dunyoga qo‘rqinch uyg‘otadi: «Taktik yadro quroli ishlatilishi Rossiya uchun shunchalik qimmatga tushadiki, mamlakatdagi butun bir avlod qorong‘ilikda va izolyatsiyada qolib ketadi», deydi general. Uning aytishicha, bunday quroldan foydalanish NATOning birdamligiga olib keladi.
«Iskander» raketa komplekslari yadro qurolini olib yurishi mumkin. Foto: Getty Images
Osmon yopilmadi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ko‘p marta so‘roviga qaramay, Bayden Ukraina osmonini yopish iltimosiga javob bermadi. Ko‘plab mutaxassislarning fikricha, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri Rossiya hamda NATO o‘rtasidagi to‘qnashuvga olib kelgan bo‘lardi. AQSH esa Rossiya bilan bunday to‘qnashuvni istamasligi, Ukrainaga o‘z harbiylarini yubormasligini bir necha marta ma’lum qildi.
RAND korporatsiyasi katta ilmiy xodimi Maykl Mazarr Vetnam urushi vaqtida SSSR Shimoliy Vetnamga to‘g‘ridan to‘g‘ri AQSH armiyasiga qarshi ishlatish uchun qurol yetkazib berganini eslatgan. O‘z navbatida, Rossiya tomoni AQSH Afg‘onistonga SSSR armiyasiga qarshi ishlatish uchun qurol yetkazib bergan deb hisoblaydi. Shu sabab Maykl Mazarr AQSHning Ukrainaga katta miqdorda qurol yetkazib berayotganini noodatiy holat deb hisoblamaslik kerak degan fikrda. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi