16:33 / 17.07.2022
1 324

Qadimgi Rimdagi bankirlar faoliyati qanday bo‘lgan?

Qadimgi Rimdagi bankirlar faoliyati qanday bo‘lgan?
Qadimgi Rimda ilk banklar ibodatxonalarda joylashgan. Xususan, ibodatxona yer to‘lasida pullar va xazinalar saqlangan, shuningdek, ibodatxona qarz berish kabi bank faoliyati bilan ham shug‘ullangan.

Ibodatxonalarni ruhoniylar nazorat qilganligi va qurollangan askarlar muntazam qo‘riqlaganligi sababli, badavlat rimliklar u yerni pul qo‘yish uchun xavfsiz joy deb bilishardi. O‘z navbatida ruhoniylar omonat va ssudalar hisobini yuritgan. Qaydnomalarda yozilishicha, Qadimgi Rim Imperiyasi hududlarida minglab ibodatxonalar bo‘lib, Saturn ibodatxonasida davlat xazinasi – «Aerarium» joylashgan edi. «Juno Moneta» esa zarbxona vazifasini o‘tagan.

Rimdagi pul almashtiruvchilar – Argentariy

Miloddan avvalgi 3 asr va milodiy 3 asrlar oralig‘ida O‘rta yer dengizi bo‘ylab savdoning kengayishi Rim dunyosida bank faoliyatini rivojlantirdi.

Qolaversa, Forumdagi ibodatxonalardan tashqari do‘kon va rastalarda xizmat qilgan sarrof, ya’ni pul almashtiruvchilar ham bank faoliyati bilan shug‘ullangan va ularning roli savdoning taraqqiy etishi bilan katta ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumot uchun, Qadimgi Rimda siyosiy hayotning markazi — jamoat maydoni Forum deb atalgan. Forumda bozor, ibodatxonalar, sud, xalq yig‘inlari va boshqa maqsadlar uchun qurilgan binolar bo‘lib, atrofi ustunli peshayvon va haykallar bilan bezatilgan.

Valyuta almashtiruvchilardan oldin Forum atrofidagi uylarda bank operatsiyalari bilan shug‘ullanadigan trapezitlar (yunoncha «trapeza» so‘zidan olingan bo‘lib sarrof degan ma’noni anglatadi) bo‘lgan. Keyinchalik ushbu yunoncha atama lotincha argentariy va mensariy atamalari bilan almashtiriladi.

«Argentariylar ko‘p vazifalarni bajargan, jumladan, pul saqlash, qarz berish, auksionlarda ishtirok etish, tanglarning qiymati va haqiqiyligini aniqlash, yangi zarb qilingan pullarni muomalaga chiqarish».

O‘z navbatida, Rimda uch turdagi shaxslar bank faoliyati bilan shug‘ullangan: argentariy, mensariy va nummulariy. Argentariyning asosiy vazifasi chet el valyutasini Rim valyutasiga «permutatio») almashtirish edi. Ularning Forum atrofida joylashgan do‘konlari vaqt o‘tishi bilan funksional jihatdan kengayib pul saqlash, qarz berish, auksionlarda ishtirok etish, tanglarning qiymati va haqiqiyligini aniqlash, yangi zarb qilingan pullarni muomalaga chiqarish vazifalarni bajara boshlaydi.

E’tiborlisi, ularning ishi hozirgi zamonaviy banklarnikiga juda o‘xshab ketgan. Aniqrog‘i, har xil toifadagi argentariy bor edi. Ba’zilar juda hurmatga sazovor va yuqori tabaqadan bo‘lib, odatda katta miqyosda va juda badavlat odamlar uchun faoliyat yuritgan. Ba’zilari esa yuqori stavkalar olgan va kichik miqyosda biznes olib borgan.

Argentariy, shuningdek, badavlat kishilar tomonidan omonatga qo‘yilgan pullarni (depositum) saqlagan, bu pullar ba’zan juda katta miqdorda bo‘lishi mumkin edi. Zamonaviy banklarda bo‘lganidek, to‘lov amaliyotlari pul egasi argentariusga ma’lum qilganida yoki chekdan (perscriptio) foydalanganda amalga oshirilgan. Agar bitimda ishtirok etgan ikki shaxs bir xil argentariusdan foydalangan bo‘lsa, argentarius o‘zining kodekslar (yoki tabulae, rationes) deb nomlangan kitoblarida bir hisobdan ikkinchisiga pul o‘tkazmasini yozib qo‘yagan. Kodekslar juda aniq edi; ularda sana va har bir operatsiya qayd etilgan. Bu yozuvlar sudlarda dalil sifatida ishlatilgan.

Yana bir muhim jihatlardan biri, pul shunchaki depozitga qo‘yilganda argentarius hech qanday foiz to‘lamagan va bunday pul «vacua pecunia” deb nomlangan. Agar argentarius depozit egasiga foiz to‘lashi kelishilgan bo‘lsa qo‘yilgan mablag‘ni boshqa foydali operatsiyalarda masalan, boshqa shaxslarga qarz berishda ishlatishi mumkin edi.

Argentariy ommaviy auksionlarda va tijorat bitimlarida ham qatnashgan. Bunday vaziyatlarda ular boshqa shaxslar nomidan ish olib borishi, to‘lovlarni qabul qilishi va ishtirokchilar, bitimlar, sotilgan buyumlar hamda ularning qiymatini ro‘yxatdan o‘tkazgan. Tijoriy operatsiyalarida esa ular ikkala tomon (sotuvchi yoki xaridor) uchun agent sifatida harakat qilishgan va hatto biror bir shaxsning butun mulkini sotishda ishtirok etishlari mumkin edi. Umuman, katta savdolarda argentariylar deyarli har doim mavjud bo‘lgan. Shuningdek, Imperiya davrida ular zarbxonalardan yangi tanga pullarni (solidorum venditio) sotib olib, xalq orasida muomalaga chiqarishgan.

Davlat bankirlari - Mensariy

Mensariy
(lotincha «mensa» yoki «bank» so‘zidan kelib chiqqan) davlat tomonidan alohida sharoitlarda xususan, umumiy qashshoqlik yoki urush davrida tayinlangan. Ular nihoyatda hurmatli davlat bankirlari bo‘lib, maqsadi plebeylarga iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam berish edi. Bu o‘sha vaqtda ijtimoiy tartibsizliklarning oldini olishdagi samarali yo‘l sifatida ko‘rilgan. Mensariylar birinchi marta miloddan avvalgi 352 yilda paydo bo‘lgan.

Plebey atamasi patritsiy, senator yoki otliq sinflarga mansub bo‘lmagan barcha erkin Rim fuqarolarini nazarda tutadi. Plebeylar toifasiga Rimning o‘rtacha ishlaydigan fuqarolari – dehqonlar, novvoylar, quruvchilar yoki hunarmandlar kirgan. Ular o‘z oilalarini boqish va soliqlarni to‘lash uchun ko‘p mehnat qilganlar.

Ta’kidlash o‘rinliki, Qadimgi Rimda qarzdor plebeylar (nexum) qarz majburiyatlarini bajara olmaganlarida qullikka duchor bo‘lishlari mumkin edi.

Mensariylarning ba’zi funksiyalari aslida argentariy bilan bir xil edi va hatto qadimgi davrlarda ham odamlar ikkalasini chalkashtirib yuborishgan. Masalan, mensariylar omonatlarga (masalan, askarlarning maoshi) ega bo‘lgan. Ular tangalarning qiymatini va haqiqiyligini ham aniqlagan.

Biroq, argentariylardan farqli o‘laroq mensariylarning roli umuman ijobiy deb hisoblangan. Chunki ular Rim iqtisodiyotidagi ortiqcha qarz muammosini hal qilishga muvaffaq bo‘lishadi. Jumladan, Gay Duiliy, Pabliy Detsiy Mus, Mark Papiriy, Kvint Pabliy va Tit Emiliy kabi ba’zi mensariylarning nomlari Qadimgi Rim dunyosida mashhur.

Zarbxona zobitlari – Nummulariy

Nummulariy zarbxona zobitlari bo‘lib, ularning asosiy vazifasi yangi tangalarning sifatini tekshirish edi. Ular yangi tangalarni muomalaga chiqarib, evaziga eski yoki xorijiy tangalarni olgan. Xuddi argentariy va mensariy singari, ular tangalarning haqiqiyligini, ayniqsa katta summlarni tekshiruvida ishtirok etishgan. Pul almashtirish, omonatlarni saqlash, qarzga pul berish, o‘z mijozlari nomidan to‘lovlarni amalga oshirish nummulariylarga ham taalluqli hisoblangan.

Xulosa qilib aytganda, Qadimgi Rimda argentariy, mensariy, nummulariylarning vazifasi zamonaviy bankirlarning roliga juda o‘xshash edi. Ularning faoliyati chindan hayratlanarli. Lekin, aynan ular savdoning rivojlanishiga, boylik yaratishga katta yordam bergan.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qadimgi Rimdagi bankirlar faoliyati qanday bo‘lgan?