18:45 / 19.07.2022
1 777

Putinning urush boshidan buyon ikkinchi safari. U Tehronda kim bilan nima haqda gaplashadi?

Putinning urush boshidan buyon ikkinchi safari. U Tehronda kim bilan nima haqda gaplashadi?
Foto: Getty Images
Rossiya prezidenti Eronga yo‘l oldi - bu uning fevral oyi oxirida Ukrainaga bosqin boshlashidan buyon ikkinchi xorijiy tashrifi bo‘ladi. Tehron xalqaro maydonda Moskvaning kam sonli ittifoqchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Putin Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bilan uch tomonlama uchrashuvda ishtirok etadi, shuningdek, ushbu yetakchilarning har biri bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazadi. U safari doirasida Eron diniy rahbari oyatulloh Ali Xominaiy bilan beshinchi bor uchrashadi.

Shaxsini sir saqlashni so‘ragan turkiyalik amaldorlarga asoslangan nashrlarning yozishicha, Tehronda bug‘doy eksporti, Suriya va Ukraina masalalari muhokama etiladi.

Putin Ukrainada urush boshlangach, xalqaro tashriflarini cheklab qo‘ygandi. Iyun oyida u fevraldan buyon ilk tashrifini amalga oshirib, Tojikiston va Turkmanistonga kelgandi.

Sanksiyalarga ko‘nikish

Ekspertlarning hisoblashicha, mazkur tashrif ko‘p yillar davomida G‘arb sanksiyalari ostida qolgan va Moskvaning kam sonli ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Eron bilan aloqalarni chuqurlashtirish imkonini beradi.

Avvalroq Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov Rossiya va Eron sanksiyalarga ko‘nikkanini aytib o‘tdi. «Eron ko‘p yillardan buyon u yoki bu turdagi sanksiyalar ostida bo‘lib kelgan va Eron rivojlanish, o‘z xalqi farovonligini oshirishga yaxshi moslashgan», degan u.

Rossiya Ukrainadagi urush boshlanishi ortidan qat’iy sanksiyalarga duchor bo‘ldi. Eron ham, Turkiya ham bunday sanksiyalarga qo‘shilmagan.

Keyingi haftada G‘arb davlatlari elchilari sanksiyalarning yangi paketini tasdiqlash uchun yig‘iladi. Bu vaqtda, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Moskva va Tehron yangi davlatlararo kelishuv loyihasi ustida ishlamoqda.

Eron dronlari

Putin Eronga tashrifini Tehronning Rossiyaga yuzlab uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, jangovar maqsadlarda qo‘llanadigan dronlar yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar fonida amalga oshirmoqda. AQSH prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Rossiya delegatsiyasi o‘tgan oyda Eronga kelib zarbdor dronlar bilan tanishgani haqida aytgandi.

«Eron hukumati Rossiyani tezkor ravishda bir necha yuztagacha uchuvchisiz uchish qurilmalari, jumladan, qurol olib yurishga qodir bo‘lgan jangovar apparatlar bilan ta’minlashga tayyorlanmoqda. Bizning ma’lumotlarimiz yana shuni ko‘rsatadiki, Eron rossiyalik harbiylarni bunday uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanishga o‘rgatmoqchi», degan u.

Oq uy CNN’ga taqdim etgan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida go‘yoki Rossiya delegatsiyasining iyun oyida Tehronga tashrifi chog‘ida Kashanda hududida ushbu dronlar tizib qo‘yilganini ko‘rish mumkinligi aytilgan.
Ko‘p o‘tmay Eron tashqi ishlar vaziri Husayn-Amir Abdulloxiyon Italiyaning La Repubblica gazetasiga bergan intervyusida uning mamlakati Ukrainada eskalatsiya keltirib chiqaruvchi har qanday harakatdan, jumladan qurol yetkazib berishdan tiyilishini ma’lum qildi. «Rossiya bilan mudofaa sohasida kelishuvlar bor, ammo biz bu mojaroning hech bir ishtirokchisiga yordam bermaymiz», degan u.

Eron tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Nosir Kanoniy oxirgi vaqtlarda Rossiya va Eron zamonaviy texnologiyalar sohasida hamkorlik qilmayotganini ma’lum qildi. «Eron Islom Respublikasining Rossiya bilan ayrim zamonaviy texnologiyalar sohasidagi hamkorligi Ukrainada harbiy harakatlar boshlanishidan oldingi davrga to‘g‘ri keladi va so‘nggi vaqtda bu sohada rivojlanish kuzatilmayapti», dedi u.

Peskov Putinning Tehronga tashrifi chog‘ida dronlar mavzusi muhokama qilinishi ehtimoli borasidagi savolga javob qaytarishdan bosh tortdi. Sallivan AQSH Rossiyaga allaqachon eronliklarning dronlari yetib borgan yoki yetib bormaganidan bexabar ekanini bildirdi.

G‘alla

«Ukraina g‘allasini eksport qilish masalasi muhokama qilinadi, bu borada faol ish olib borilmoqda», degan Rossiya prezidenti yordamchisi Ushakov.

24 fevral kuni boshlangan bosqindan keyin ukrain g‘allasi eksporti hajmi keskin qisqardi, chunki Qora dengizdagi portlar, xususan, Odessa va Mikolayivdagi portlardan chiqish yo‘li to‘silgandi, Azov dengizi sohillaridagi portlar esa Rossiya nazoratiga o‘tdi. G‘arb ekspertlari baholariga ko‘ra, Odessa va uning atrofidagi hududlarda 20 mln tonna g‘alla to‘planib qolgan, bu vaqtda esa dunyoga oziq-ovqat inqirozi tahdid solmoqda.

Shu kunlarda Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Oqar tomonlar bug‘doy tashish yo‘nalishlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kelishib olganini ma’lum qilgandi. «Umid qilamizki, g‘alla va oziq-ovqat muammosi imkon qadar tez fursatda hal qilinadi. Turkiya, RF, Ukraina va BMT vakillarining keyingi haftadagi uchrashuvida tegishli hujjat rasmiylashtirilishi mumkin», degandi u. Bunday uchrashuvlarning birinchisi 13 iyul kuni Istanbulda o‘tkazildi.

Shaxsi sir qolishi sharti bilan BBC muxbiriga intervyu bergan g‘arblik amaldorlar muzokaralar «ishbilarmonlik ruhida» o‘tgani, ammo qarorni Putinning Erdo‘g‘an bilan Tehronda uchrashuvi bo‘ladigan 19 iyuldan oldin kutmaslik kerakligini aytgan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘an avvalroq o‘tkazilgan telefon muloqotida Putinning eksportni ochib yuborishga roziligini olishga umid qilgandi, ammo aftidan Putin bu qarorni o‘zi qabul qilib, bu haqda o‘zi e’lon qilmoqchi bo‘lmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putinning urush boshidan buyon ikkinchi safari. U Tehronda kim bilan nima haqda gaplashadi?