
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva bu yilgi “Zakovat-Gambit” shaxmat musobaqasi g‘olib va qatnashchilarini samimiy tabrikladi. U Telegram’dagi shaxsiy kanali orqali shaxmatchilarga ilhomli so‘zlar yo‘lladi.
Bu yil “Zakovat-Gambit” turniri to‘rtinchi marta tashkil etildi va unda mamlakatning turli hududlaridan jami 2210 nafar shaxmatchi ishtirok etdi. Ular orasida 286 nafar ayol va qizlar ham bo‘lib, musobaqadagi faol ishtiroklari alohida ta’kidlandi.

Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, “Zakovat-Gambit” loyihasi nafaqat shaxmat sohasidagi qiziqishni oshirdi, balki yosh avlodda strategik fikrlash, sabr-toqat va muvaffaqiyatga intilish ko‘nikmalarini shakllantirishga ham katta hissa qo‘shdi.
“Biz g‘oyalarimizga ishonchsizlik bildirilgan davrdan to xalqaro e’tirofga erishish va shaxmatchilarimiz bilan faxrlanishgacha bo‘lgan yo‘lni birgalikda bosib o‘tdik. Bu — mehnat, ishonch va jamoaviy fidoyilikning natijasi”, — deya yozdi Saida Mirziyoyeva.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmat — bu nafaqat sport, balki fikrlash madaniyatini shakllantiradigan intellektual sinov. Shu bois, turnir ishtirokchilari orasidagi qizlar g‘alabalari mamlakatda xotin-qizlar faolligi va salohiyatining ortib borayotganidan dalolatdir.
“Men ayniqsa qizlarimizning yutuqlaridan juda xursandman. Ular nafaqat shaxmat taxtasi orqali, balki o‘z iste’dodi va irodasi bilan ilhom manbai bo‘lishdi. Barcha ishtirokchilarga kelgusi muvaffaqiyatlar va eng muhimi, o‘zlariga ishonishlarini tilayman,” — deb yozdi Mirziyoyeva o‘z murojaatida.

Ta’kidlanishicha, “Zakovat-Gambit” loyihasi keyingi yillarda mamlakatdagi eng ommaviy intellektual musobaqalardan biriga aylangan. U yoshlarni bilim, tahlil va strategik fikrlashga yo‘naltirish orqali yangi avlod intellektual sportchilarini tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Turnir g‘oliblari va sovrindorlariga diplomlar hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirilgan. Musobaqa mamlakatda shaxmatni yanada ommalashtirish va yoshlar orasida intellektual rivojlanishni rag‘batlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!