date

Talabalar bilan individual ishlash uchun tyutorlar tayinlanadi

Talabalar bilan individual ishlash uchun tyutorlar tayinlanadi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi oliy ta’lim muassasalarida tyutorlik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha muhim qaror qabul qildi. Yangi nizomga ko‘ra, universitet va institutlarda talabalar bilan individual ishlash tizimi – tyutorlik amaliyoti joriy etiladi. Bu haqda hukumat qarorida ma’lum qilindi.

Qarorning asosiy maqsadi — talaba-yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning shaxsiy hamda kasbiy rivojlanishida yaqindan ko‘maklashishdir. Shu orqali talabalarning ta’lim jarayoniga moslashishini yengillashtirish va ular bilan shaxsiy tarzda ishlash mexanizmini takomillashtirish ko‘zda tutilgan.

Nizomda tyutorlarning asosiy vazifalari aniq belgilangan. Ular talabalarga ta’lim muhitiga tezroq moslashishda yordam berishadi, axborot texnologiyalari va resurslaridan foydalanish bo‘yicha maslahat berishadi. Shuningdek, ular talabalarning shaxsiy qiziqish va kasbiy maqsadlarini rivojlantirish uchun individual va guruh suhbatlari o‘tkazadi.

Tyutorlar talabalarni universitet ichki qoidalari, axloq kodeksi va mahalliy hujjatlar bilan tanishtiradi. Shu bilan birga, yoshlarni vatanparvarlik, bag‘rikenglik, qonunlarga hurmat, hayotga ishonch va qat’iyatlilik ruhida tarbiyalash ham ularning zimmasida bo‘ladi.

Yana bir muhim yo‘nalish — talabalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish. Tyutorlar ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va jismoniy faollikni targ‘ib qilishda ham faol ishtirok etadi.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan talabalar, yetim yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar uchun alohida yechimlar taklif etish, ularni qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish ham tyutorlarning vazifalari qatorida.

Nizomga ko‘ra, har bir tyutorga 1–3 kursda tahsil olayotgan 120–150 nafar talaba biriktiriladi. Ularning yashash sharoiti, ijtimoiy ahvoli doimiy ravishda kuzatib boriladi, ota-onalar bilan aloqa yo‘lga qo‘yiladi.

Tyutor bo‘lish uchun oliy ma’lumotga ega bo‘lish talab etiladi. Ilmiy daraja yoki unvonga ega bo‘lganlarga ustunlik beriladi. Shuningdek, nomzod pedagogik va psixologik bilimga, tarbiyaviy ishlar bo‘yicha tajribaga hamda namunaviy shaxsiy fazilatlarga — madaniyat, faollik, mas’uliyat va tashabbuskorlikka ega bo‘lishi kerak.

Yangi tizim samaradorligini baholash uchun maxsus ko‘rsatkichlar (KPI) joriy etiladi. Bu orqali har bir tyutorning faoliyati aniq natijalar asosida baholanadi.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, tyutorlik tizimi talabalarning ta’lim jarayoniga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib, ularning shaxsiy rivojlanishini chuqurroq qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu yangi tizim oliy ta’lim muassasalarida ma’naviy muhitni kuchaytirish va talaba hamda murabbiy o‘rtasidagi aloqani mustahkamlashga zamin yaratadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Talabalar bilan individual ishlash uchun tyutorlar tayinlanadi