Charlz Darvin o‘zining evolyutsiya nazariyasida yovvoyi tabiat rivojlanishining tabiiy jarayonini tasvirlab bergan.
Charlz Darvinning «dahshatli siri» atamasi ko‘pchilikka ma’lum. Sir emaski, buyuk olim yerdagi gulli o‘simliklarning kelib chiqishini evolyutsiya nuqtai nazaridan tushuntirib bera olmagan. Bugungi kunga kelib ma’lum bo‘ldiki, gulli o‘simliklarning paydo bo‘lish sirini bilish uchun Darvin umrining oxirigacha mehnatini sarflagan va bu jumboq uni oxirgi kunlarigacha qiynagan.
Londondagi Qirolicha Meri universitetining evolyutsion biologi, professor Richard Baggs arxiv hujjatlarini tahlil qilar ekan, Darvinning o‘limidan bir necha yil oldin uning o‘ta ashaddiy raqibi – shotlandiyalik botanik Uilyam Karruters paydo bo‘lganligini aniqladi.
Karruters gulli o‘simliklarning kelib chiqishi haqida kreatsionistik nazariyaga amal qilib, ular ilohiy aralashuv tufayli paydo bo‘lgan, deb hisoblardi va matbuotda Darvin bu masala bo‘yicha tabiiy ilmiy izoh berishga qodir emasligini ta’kidladi.
Darvinning evolyutsiya nazariyasidagi bu bo‘shliq ommaga ma’lum bo‘lgach, uning fan olamidagi mavqeiga putur yetish xavfi paydo bo‘ldi.
Richard Baggsning so‘zlariga ko‘ra, keyinchalik bu ibora tug‘ildi - the abominable mystery – dahshatli yoki jirkanchli sir.
Darvinning «dahshatli siri» nimada?
Ushbu atama birinchi marta Charlz Darvin tomonidan 1879-yilda o‘z do‘sti, tadqiqotchi va botanik Jozef Xukerga yozgan maktubida ishlatilgan. U xatida geologik me’yorlar bo‘yicha yuksak o‘simliklar turlarining jadal sur’atda paydo bo‘lishi, dahshatli sir ekanligini yozgan.
Gap gullar va gullaydigan (yopiq urug‘li) o‘simliklar haqida ketayotgan bo‘lib, ularning o‘ziga xos xususiyati - bu jinsiy ko‘payish organlarining mavjudligi edi. Ularga yer yuzidagi ko‘plab o‘simliklar kiradi - nilufar, kaktus va shu jumladan ko‘plab mevali daraxtlar ham.
Darvin ularning kelib chiqish va evolyutsiya jarayonini tushuntirib bera olmadi. Gulli o‘simliklar boshqa turlarga qaraganda yer yuzida nisbatan kech paydo bo‘lgan va juda tez fursatda xilma-xil ranglar, o‘lchamlar va shakllarga ega bo‘lgan edi.
«Qazilma qoldiqlari ma’lumotlariga ko‘ra, gulli o‘simliklar (Angiospermae), taxminan 100 million yil oldin-birdaniga, bo‘r davrida paydo bo‘lgan. Ularning bundan oldin mavjud bo‘lgan o‘simliklarga birorta o‘xshashligi yo‘q. Bundan tashqari, ularning tashqi ko‘rinishi turli kenja turlar bo‘yicha belgilangan» - deydi professor Baggs.
Aynan shu to‘satdan yuz bergan hodisani tushunishga intilish Charlz Darvinga orom bermas edi:
Nima uchun evolyutsiya tartib bilan bo‘lmadi? Ignabargli daraxtlar (Gymnospermae) va gulli o‘simliklar orasidagi oraliq shakllar qayerga ketgan? Va qanday qilib gulli o‘simliklar darhol turli xil variantlarda paydo bo‘lishi mumkin?
Darvin bu o‘simliklarning flora va faunaning boshqa keng turlaridan, shu jumladan sut emizuvchilardan farqli o‘laroq, rivojlanishning ketma-ket bosqichlaridan qanday qutulib qolganini tushunmadi. Bularning barchasi tabiiy tanlanishning asosiy tamoyillaridan biriga zid edi, unga ko‘ra tabiat to‘satdan sakrashlar qilmaydi.
Darvin uzoq vaqt davomida gulli o‘simliklar ba’zi bir hali ochilmagan orol yoki qit’ada paydo bo‘lgan va rivojlangan degan fikr bilan o‘zini yupatdi.
1881 yil avgustda, o‘limidan bir necha oy oldin u Xukerga shunday deb yozgan edi: «Men uchun o‘simliklar olami tarixida yuksak o‘simliklarning kutilmagan va tez rivojlanishidan ko‘ra g‘ayrioddiyroq narsa yo‘q. Ba’zan menga asrlar davomida Janubiy qutbga yaqin joyda uzoq va yo‘qolgan qit’a bo‘lgan bo‘lishi mumkindek tuyuladi».
Karrutersning hujumlari
Kyu Qirollik botanika bog‘i kutubxonasida professor Baggs 1876-yilda shotlandiyalik botanik Uilyam Karrutersning Geologlar uyushmasi a’zolariga o‘qigan ma’ruzasi nusxasini uchratib qoldi.
Unda shotlandiyalik olim Darvinning gulli o‘simliklarning paydo bo‘lishini tushunish va tushuntirishga qodir emasligini, chunki ularning ko‘rinishi ilohiy asosga ega ekanligini ta’kidlaydi.
Karruters butun Darvin evolyutsiya nazariyasiga hujum qiladi, bu nafaqat ilmiy doiralarda, balki jamiyatda ham qizg‘in munozaralarni keltirib chiqaradi. Uning bayonotlari va xulosalari Times gazetasi, shuningdek, bir qator ilmiy nashrlarda chop etilgan edi.
«Karruters vaqtdan foydalanib, Darvin nazariyasiga qarshi kampaniya boshladi. U bo‘r davridagi yopiq urug‘lilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xudo tomonidan yaratilganligini ta’kidladi. Darvin va uning do‘stlari uchun bu to‘liq ahmoqlik edi. Ammo muammo shunda ediki, ular bu hodisani evolyutsiya nuqtai nazaridan tushuntira olmadilar» - deydi Baggs.
Professorning fikricha, aynan shu holat Charlz Darvinni «dahshatli sir» iborasini ishlatishga undagan. Baggs o‘z xulosalarini American Journal of Botany jurnalida nashr etdi.
Uilyam Karruters keyinchalik Britaniya muzeyida botanika kuratori va paleobotanika sohasidagi eng yirik olimlardan biriga aylandi.
Richard Baggsning so‘zlariga ko‘ra, Charlz Darvinning «dahshatli siri» 1637 yilda matematik Per Ferma tomonidan tuzilgan «Ferma teoremasi»ga o‘xshaydi – ularning hech biri hayoti davomida o‘z jumboqlarini yecha olmadi.
«Biz Darvinni hayotining so‘nggi yillarida uning tafakkurida nimalar bo‘lgani haqida tasavvurga ega bo‘ldik. Bu so‘nggi topishmoq edi, uni hal qilishga urinish, Darvinning o‘limigacha uning barcha fikrlarini band qildi» - deydi professor Baggs.
O‘shandan beri olimlar «dahshatli sir»ni ocha oldilarmi?
140 yil davomida Yerdagi gullarning kelib chiqishi haqida turli xil nazariyalar ilgari surilgan, ammo ularning barchasi ko‘plab savollarni ochiq qoldiradi.
Bir so‘z bilan aytganda, yo‘q. Bu savolga allaqachon 140 yil bo‘ldi va hali hech kim gulli o‘simliklarning qanday paydo bo‘lganini to‘liq tushuntira olmadi.
«Albatta, biz evolyutsiyani tushunish va paleontologiyani bilishda sezilarli yutuqlarga erishdik, ammo bu sir haligacha ochilmagan», deydi Richard Baggs.
Maqola Muslim_Mind kanalidan olindi
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi