00:30 / 27.08.2022
1 781

Ukrainadagi urushning yarim yili o‘tdi: olti oyning asosiy voqealari raqamlarda

Ukrainadagi urushning yarim yili o‘tdi: olti oyning asosiy voqealari raqamlarda
Foto: Getty Images
24 fevral kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin telemurojaat orqali BMT Xavfsizlik kengashining tinchlikka chaqiriqlarini e’tiborsiz qoldirgan holda Donbassda «maxsus harbiy amaliyot» boshlangani haqida e’lon qilgandi.

Kiyevda havo trevogalari sirenalari chalina boshladi va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy shunday dedi: «Bu Rossiyani sivilizatsiya dunyosidan yopib qo‘yadigan yangi temir pardaning ovozidir. Bizning milliy vazifamiz - bu parda Ukrainamiz hududidan emas, faqat rossiyaliklar uylaridan o‘tishini ta’minlashdir».

Shu kuni ko‘plab odamlarning hayot tarzi butkul o‘zgarib ketdi.

24 avgust kuni nishonlangan Ukraina mustaqillik kunida bu urushning nihoyasi ko‘rinmayapti. BBC grafiklar orqali o‘tgan yarim yillik muddat Ukraina va boshqa mamlakatlarga qanday aks etganini ko‘rib chiqdi.

1: Ukraina bosqinga qadar

To‘qsariq rangda rossiyaparast ayirmachilar nazoratidagi hududlar. Pushtirangda 2014 yilda Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim.
Urushdan oldin o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan hamda Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Donetsk va Luhansk «xalq respublika»lari Donbassning bir qismini nazoratiga olgandi.

21 fevral kuni Vladimir Putin Rossiya ushbu kvazidavlat tuzilmalarni mustaqil davlat sifatida tan olmoqchiligini e’lon qildi.

Bu qadamni Ukraina ham, G‘arb va NATO ham qoraladi - bu qaror amalda Putinga Ukrainaga qo‘shin yuborish imkonini berardi.

Bundan sakkiz yil muqaddam, 2014 yilda ham Rossiya Ukraina janubidagi Qrimni egallab olgandi, lekin o‘tgan vaqt ichida dunyoning aksar davlatlari yarimorolni Rossiya hududi sifatida tan olmadi.

2: Ukraina yarim yil o‘tib

Qizil rangda Rossiya nazoratiga o‘tgan hududlar. Qizil-oq rangda Rossiya qo‘shinlari hujum qilayotgan hududlar.​​​​​​
Janglarning olti oyi o‘tgan vaqtga kelib Rossiya qo‘shinlari Ukraina sharqida kattagina hududni egallab oldi.

Ammo rossiyalik harbiylar urushning dastlabki davrida mamlakat shimolida egallab olingan yirik hududlarni, jumladan Kiyev va boshqa yirik shaharlar atrofidagi hududlarni ketishga majbur bo‘lgan

Hozirga kelib Rossiya Luhansk oblastini to‘lig‘icha nazorat ostiga olgan. Donetsk oblastida esa armiya asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da olg‘a harakatlanmoqda.

Xarkiv oylar davomida o‘qqa tutishlarga dosh berib kelmoqda.

Ukraina hududining 20 foiz qismi Rossiya tomonidan istilo qilingan. Rosiya harbiylari 3600 dan ortiq shahar va qishloqlarni egallab olgan, ukrain harbiylari mingga yaqin shahar va qishloqlarni ozod etgan.
May oyida uzoq va qonli qamaldan keyin Mariupoldagi «Azovstal» kombinati egallab olinishi Rossiyaga Qrimga quruqlik orqali yo‘lak ochdi va Azov dengizi ustidan nazorat taqdim etdi.

Rossiya hamon Qrimni nazorat qilmoqda, ammo so‘nggi haftalarda yarimorolda tez-tez havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushishiga to‘g‘ri kelmoqda. Rossiya hukumati uchuvchisiz uchish qurilmalariga o‘t ochilayotganini aytadi.

Ukraina janubida Rossiya tomonidan egallab olingan eng yirik shahar Xerson bo‘ldi. Hozirda ukrainlar Rossiya qo‘shinlari ta’minotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan Dnepr ustidagi ko‘priklarni o‘qqa tutib, Xersonni qaytarib olishga urinmoqda.

3. Qurbonlar soni

Har qanday harbiy mojaroda qurbonlar sonini hisoblash - juda murakkab ish.

BBC jahondagi qurolli to‘qnashuvlardagi zo‘ravonlik holatlari haqidagi ma’lumotlarga ixtisoslashgan NKO Acled markazi ma’lumotlarini tahlil qilgan. Unga ko‘ra, 24 fevraldan 10 avgustga qadar Ukraina urushida 13 mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Shu bilan birga, ekspertlar qurbonlarning haqiqiy soni ancha ko‘proq bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

24 fevraldan 22 avgustga qadar tinch aholi vakillaridan 5587 kishining o‘limi va qurbonlarning shaxsi tasdiqlangan, 7890 kishi yaralangan.
Ukraina va Rossiya urushda o‘n minglab kishilar halok bo‘lganini ta’kidlaydi, ammo ikki tomonning raqamlari bir-birinikiga to‘g‘ri kelmaydi, tomonlarning ma’lumotlarini esa mustaqil manbalar orqali tekshirish imkonsiz.

Ukrain harbiylari orasidagi yo‘qotishlar soni 9 mingga yetadi. Ukraina prezidenti iyun oyi boshida kuniga 60-100 askar halok bo‘layotganini aytgandi. Ukraina g‘arbdan kerakli qurollarni olgach, kunlik qurbonlar soni 30-50 atrofiga tushdi.
BMT qurbonlar soni bo‘yicha mojaro ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni ishonchli deb hisoblamaydi.

4. Qochqinlar

Ukrainadan eng ko‘p qochqinni Polsha qabul qilgan - 1,2 milliondan ortiq kishi. Keyingi o‘rinda Germaniya - 971 ming kishi.
Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatni kamida 12 mln kishi tark etgan.

Besh milliondan ortiq kishi xorijga, asosan qo‘shni mamlakatlarga ketgan. Yana yetti million kishi Ukraina hududidan chiqmay turib o‘ziga yangi boshpana qidirishga majbur bo‘lgan.

Ammo bir necha yuz ming kishi Ukrainaga, asosan Kiyev kabi yirik shaharlarga qaytishga ulgurgan.

Urush boshidan buyon 6,65 mln ukrain chetga ketishga majbur bo‘lgan, 6,2 mln kishi Ukrainaning boshqa hududlariga ko‘chgan, 3,84 mln kishi vaqtincha boshpanalarga joylashgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bosqinining ilk kunidan 17 avgustga qadar Ukrainadan Yevropa davlatlariga 6,4 milliondan ortiq odam ketgan.

Ayrim ukrainlar, ayniqsa bosib olingan hududlarda yashovchilar Rossiyaga yo‘l olgan. Prezident Putinning so‘zlariga ko‘ra, rossiyalik harbiylar Mariupoldan 140 ming rossiyalikni evakuatsiya qilgan. Rossiya tomoni ukrainlar Rossiyaga ixtiyoriy ravishda kelayotganini aytadi, ammo ukrainlarga Rossiyadan chiqib ketishga ko‘mak beruvchi ko‘ngillilar guruhi allaqachon minglab ukrainlar mamlakatdan chiqib ketganini aytishgan.

Yevropaga ketuvchilarning aksar qismi Polsha yoki Germaniyaga yo‘l olgan.

5. Zarar

Ukraina infratuzilmalariga yetkazilgan jami zarar miqdori 104 mlrd dollarga baholanadi.
Olti oylik harbiy harakatlarning Ukraina infratuzilmalariga qanchalik ta’sir ko‘rsatganini oddiy ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin.

Avval uylar va purviqor binolar bo‘lgan joylarda bugungi kunda kultepalar qolgan.

Hujjatlashtirilgan zarar miqdori 103,5 mlrd dollarga teng, vayron etilgan ob’ektlarni tiklash uchun kamida 200 mlrd dollar talab etiladi. 261 maktab butkul vayron bo‘lgan, 127 shifoxona butkul xarobaga aylangan.
8 iyun holatiga ko‘ra, Ukraina iqtisodiyot maktabi ekspertlari harbiy harakatlar natijasida Ukrainaga yetkazilgan infratuzilmaviy zararni taxminan 39 mlrd dollarga baholashgan.

Infratuzilmalarga yetgan jami zarar miqdori esa qariyb 104 mlrd dollarni tashkil etadi.

6. Oziq-ovqat

Ukrainadan don eksport qilishda yetakchi bo‘lgan 10 davlat
Urush shusiz ham og‘ir vaziyatda bo‘lgan global oziq-ovqat inqirozini yanada kuchaytirdi.

Ko‘plab mamlakatlar Ukrainadan don sotib oladi, ammo fevraldan e’tiboran Rossiya Ukrainaning Qora dengizdagi portlarini blokirovka qilib qo‘ydi.

Iyul oyida Kiyev va Moskva BMT hamda Turkiya vositachiligida ukrain portlari yo‘lini ochuvchi kelishuvni imzolashdi.

2021 yil dekabridan 2022 yil iyuliga qadar narxlar 18,2 foizga oshgan. 2021 yil iyulidan 2022 yil iyuliga qadar o‘sish esa 22,2 foizni tashkil etadi.
Hujjatda aytilishicha, Rossiya oziq-ovqat mahsulotlari yuklari tranzit jarayonida ekanida portlarga o‘t ochmaslik majburiyatini oldi, ukrain kemalari esa yuk ortilgan kemalarni minalangan uchastkalardan olib o‘tadigan bo‘ldi.

Bu kelishuv doirasida ukrain portlaridan Qora dengizga bir qancha yuk kemalari chiqdi.

Muzokaralarda ishtirok etgan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish xalqaro hamjamiyatni Ukraina g‘allasi bo‘yicha kelishuvga amal qilinishi uchun bor imkoniyatlarni ishga solishga chaqirgan.

Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘anning fikricha, g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralar yanada kengayishiga asos bo‘lishi mumkin.

Ammo uning entuziazmiga qo‘shiluvchilar ko‘p emas. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy avvalroq muzokaralar Rossiya qo‘shinlari ukrain zaminidan olib chiqilsagina boshlanishi mumkinligini aytgandi. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ukrainadagi urushning yarim yili o‘tdi: olti oyning asosiy voqealari raqamlarda