CAFA-2025 finalida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi kechgan o‘yinda (1:0) mag‘lubiyatdan so‘ng Eron terma jamoasi bosh murabbiyi Amir G‘alenoyi yurtida jiddiy tanqidlar ostida qoldi.
JCH-2026 saralashi va CAFA-2025 turniri oldidanok eronlik ko‘plab jurnalistlar matbuot anjumanlarida G‘alenoyining iste’foga chiqishini talab qila boshlagandi. Finaldagi mag‘lubiyat esa tanqidlar olovini yanada kuchaytirdi. Endi faqat jurnalistlar emas, balki oddiy muxlislar ham murabbiydan lavozimini tark etishni talab qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 8 sentabr kuni Eronda Amir G‘alenoyini milliy jamoa bosh murabbiyligidan iste’foga chiqarish talabi bilan maxsus petisiya ochilgan. Oradan ikki kun o‘tganiga qadar unga 38 mingdan ortiq muxlis imzo chekdi.
«Persian Soccer» internet nashri esa G‘alenoyi Eron milliy jamoasiga ustozlik qilganidan beri O‘zbekistonga qarshi haligacha g‘alaba qozona olmaganini ta’kidladi.
O‘zbekiston – Eron o‘rtasidagi so‘nggi beshta bahs:
-
08.09.2025. O‘zbekiston – Eron 1:0
-
25.03.2025. Eron – O‘zbekiston 2:2
-
10.10.2024. O‘zbekiston – Eron 0:0
-
11.06.2024. Eron – O‘zbekiston 0:0
-
21.11.2023. O‘zbekiston – Eron 2:2
Xabarda aytilishicha: «G‘alenoyi qo‘l ostida Eronning O‘zbekistonga qarshi g‘alabasiz seriyasi boshlandi. Holbuki, bu davrga qadar Eron raqib ustidan tarixiy ustunlikka ega edi: 10 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!