22:20 / 11.09.2022
2 344

Olijanoblik shunchalar bo‘lar!

Olijanoblik shunchalar bo‘lar!
Salohiddinning olijanoblik sifatlari turli sohalarda namoyon bo‘ldi. Masalan, uning qo‘shini Quddusga kirganida u shaharni tozalash marosimini o‘tkazdi. Bu marosimda jumladan quyidagi ishlarni amalga oshirdi: asirlarning katta qismi hech qanday evazsiz ozod qilib yuborildi; faqirlar, bevalar va yetimlarga Salohiddinning shaxsiy jamg‘armasidan mablag‘ ajratildi; bunda ularning qaysi dinga e’tiqod qilishiga qaralmadi va bu istagan mamlakatlariga yetib olishlari uchun ularga katta imkoniyat edi.

Cherkov va monastirlarga, ularning qo‘noqlari va ziyoratchi sayyohlariga zarar yetkazishni taqiqlash qarori qat’iy va keskin bo‘lib, nasroniylikning barcha oqimlari, shu jumladan, katoliklarga ham taalluqli edi. Nasroniylar o‘zlarining diniy marosimlarini bemalol ado qilishar, musulmonlar muqaddas qadamjolar ziyoratiga kelgan ziyoratchilarning xavfsizligini to‘la ta’minlashgan edi. Bularning hammasi salibchilarning Quddus aholisiga yetkazgan bemisl zulmi oldida ulug‘ marhamat edi...

Nasroniylik tarixiga qonli fojia sifatida yozilgan salib (xoch) urushlari muqaddas Falastin yerlarini “saqlab qolish” maqsadida qilingan eng mudhish jinoyatlardan edi. Ovro‘pa nasroniylari o‘n birinchi asr oxiridan boshlab musulmonlar va boshqa xalqlarning boshiga misli ko‘rilmagan kulfat yog‘dirdi, minglab begunoh insonlarning qonini to‘kdi, obod shaharlarni vayronaga aylantirdi. Salibchilar qadami yetgan joylariga dahshat, shafqatsizlik, kulfat olib borishdi.

Musulmonlar qo‘l ostida bo‘lganida tinchlik, barqarorlik, muslimlar va ahli kitoblar ahilligining ramzi bo‘lgan Quddusni egallab olgach, salibchilar uni vahshiylik va qonxo‘rlik maydoniga aylantirishdi, musulmon va yahudiylarni ayovsiz qilichdan o‘tkazishdi. Nasroniy tarixchilardan birining yozishicha, ular shaharda uchratgan barcha arablarni va turklarni… erkak yoki ayolligiga qaramay o‘ldirishdi, hech narsani hisobga olmay yoppasiga qirishdi.

Salibchilardan Raymond Agilskiyning yilnomasida mana bunday mazmundagi maqtanchoqlik bilan bitilgan yozuvlar bor edi: “Ayrim odamlarimiz dushmanlarining kallasini sapchadek uzishdi, boshqalari esa ularni nayza bilan tinchitishardi. Askarlarimiz g‘animlarini tiriklay o‘tga tashlashar, keyin uzoq qiynab, sekin o‘ldirishar edi. Shahar ko‘chalari tanasidan uzilgan kalla, qo‘l-oyoqlar g‘aramiga to‘lib ketgan edi. Ana shu tana a’zolari va kallalarga qoqilmasdan ko‘chada yurish mushkul edi… Sulaymon podshoh ibodatxonasi oldida to‘kilgan qon daryosi odamlarimizning tizzasidan yuqoriroqqa chiqib ketdi”.

Yilnomalardagi ma’lumotlarga qaraganda, salibchilarning qo‘shinlari shaharda ikki kun ichida qirq mingga yaqin musulmon va yahudiyni yovuzlarcha qiymalab o‘ldirishgan. Ularning vahshiyligi shu darajaga borib yetdiki, to‘rtinchi salib yurishi chog‘ida o‘z dindoshlariga qarashli Qustantaniya (Konstantinopol) shahrini ham talon-taroj qilishdi. Shahar cherkovlariga ichki bezak qilingan oltin ziynatlarni, qimmatbaho toshlarni ko‘chirib olib, tashib ketishdan ham hazar qilishmadi.

Quddus aholisi qubbasiga omonlik bayrog‘i o‘rnatilgan Aqso masjidiga to‘planganida salibchilar begunoh qariyalar, ayollar va bolalarni qo‘y bo‘g‘izlagandek kallasini uzishdi. Solnomachilarning yozishicha, masjid ichida o‘ldirilganlarning adadi yetmish mingga yetdi. Ularning orasida ayol va go‘daklardan tashqari imomlar, obid va zohidlar jamoasi ham bor edi. Bu vahshiyliklarni g‘arb tarixchilarining o‘zlari ham inkor etishmaydi.

Mana shu xunrezliklardan to‘qson yil o‘tib, Qohira sultoni Salohiddin Ayyubiy Baytul-Maqdisni fath etdi. U o‘sha paytda Quddusda bo‘lgan yuz mingdan ortiq g‘arblikning mollari va jonlariga omonlik berdi. Qodir bo‘lganlariga to‘lashlari uchun arzimas mablag‘ (fidya) belgilab, hammalariga shahardan chiqib ketish uchun qirq kun muhlat tayinladi. Faqirlardan ko‘pini fidyasiz qo‘yib yubordi. Fotih Salohiddinning akasi Odil podshoh faqirlardan ikki mingiga yonidan fidya to‘ladi. Sulton farang patriarxiga shahardan chiqishni xohlasa, o‘zi bilan Soxra, Aqso, Qiyomat ibodatxonala- rining behisob boyliklarini olib chiqib ketishiga ijozat berdi.

Salohiddinning olijanobligi haqida shunchalar ko‘p rivoyatlar borki, aniq tarixiy dalillarga suyanganda bularga ishonmaslik mumkin emas edi. Masalan, musulmon hukmdori bilan ingliz qiroli “Sheryurak Richard” orasida shakllangan o‘zaro chuqur ehtiromga asoslangan munosabatlar ma’lumu mashhurdir. Shu munosabat bilan bir rivoyatni keltirib o‘taylik: Salohiddinning diplomatik iqtidori tufayli Richard bilan musulmonlar o‘rtasida sulh tuzilib, shundan keyin qirolning Ovrupaga qaytishi mumkin bo‘ldi.

Ikki yil burun Quddusni qaytarib berishda Richard Salohiddin tutgan yo‘lga butunlay teskari qiliq ko‘rsatgandi. Richarddan farqli ravishda Salohiddin musulmonlarga ham, bosib olgan shahrining nasroniy aholisiga ham bir xil himmat ko‘rsatib, g‘ayridinlarga jizya solig‘i solishni xayoliga ham keltirmagan edi. Bu insoniyat tarixida noyob namuna bo‘lib, Salohiddin ko‘plab marta ana shunday yo‘l tutdi. Uning tabiatiga xos bu olijanoblik fazilatlarini hatto ovrupolik podshohlar ham yuksak qadrlardi.

Richard Birinchi Salohiddinning bunday ishlaridan qattiq hayajonga tushib, uning ukasi Odilga singlisini jufti halollikka olishni taklif etdi. Uning amakivachchasi Komilni esa tantanali ravishda ritsarlar safiga qo‘shib, “Bani” nomli eng oliy ingliz nishoni bilan taqdirladi. Ikki sarkarda hech qachon bir-birlarini ko‘rmagan bo‘lsa ham, sovg‘a-salomlar almashdilar. Shu tarzda salibchilarning sarkori bilan Salohiddin o‘rtasida o‘zaro hurmat va samimiyat davom etib, 1192 yilda tinchlik bitimi tuzilishiga olib keldi. Nasroniy ziyoratchilarining Quddusga bemalol kelib-ketishlarini ta’minlash va olgan hamma narsalarini hamda ziyoratchilarga atalgan yerlarni qaytarib berish va’dasi shu bitimning asosiy moddasini tashkil qildi.

Salohiddin o‘z dushmanlariga katta marhamatlar ko‘rsatgan, asirlarga rahmdil bo‘lgan haqiqiy inson edi. U haddan tashqari oqko‘ngil, billurday sof bo‘lgan. Sulton bolalarni sevar, og‘ir holatlarda aslo tushkunlikka tushmas, ayollarga va zaiflarga tinmay olijanoblik ko‘rsatardi. U qo‘lga kiritgan zafarlarning manbai ko‘p jihatdan uning shaxsiyatiga bog‘liq edi. Sarkarda musulmon o‘lkalarni salibchi bosqinchilarga qarshi oyoqlantira oldi. Ammo kuchli strateg bo‘lgan Salohiddin taktikada g‘animi Richard bilan tenglasha olmasdi, buning ustiga uning o‘rdusi asosan qullardan iborat bo‘lgan. Salohiddinning o‘zi “Agar askarlarimni ortimdan boshlab yurmasam va har daqiqada nazorat qilib turmasam, mening lashkarim hech narsaga yaramaydi”, deb zorlanib ham qo‘yardi.

Salohiddin zimmasiga olgan majburiyatlarini so‘zsiz bajarar, bunda hatto g‘animlarini ham istisno qilmasdi. U taslim bo‘lgan Quddus qirolini ozod qilib yubordi, uning o‘rdusi hech qachon talonchilik bilan shug‘ullanmagan, nasroniy tinch aholiga qo‘pol munosabat ko‘rsatmagan. Nasroniy ziyoratchilarning Quddusga bemalol kirishlariga va’da berildi va vaqtlar o‘tishi bilan bu to‘la ro‘yobga chiqarildi. Bundan tashqari Salohiddin muqaddas maqsadga chinakam sadoqat ko‘rsata oldi.

Turli joylardan har xil toifadagi odamlar – boylar va faqirlar, erkaklar va ayollar uning huzuriga yordam va maslahat so‘rab kelishardi. Ularning har biri o‘z muammosini izhor qilar ekan, adolatli yechim bo‘lishiga ishonardi, chunki hukmdor olijanob va saxiy, halim, hoksor va bardoshli inson edi. Uning jahlini chiqarish, g‘azabini qo‘zg‘ash juda mushkul ish bo‘lgan. Salohiddin bularning ustiga jo‘mardlik xislatiga ham ega edi hatto o‘zining dushmanlariga ham shafqat va olijanoblik ko‘rsatardi. Tarixda unga o‘xshagan komil insonlar ko‘p bo‘lmagan.

(davomi bor)
Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo