Lionel Messining Inter Miami'dagi maoshi ma'lum bo'ldi

Major League Soccer (MLS) ligasining rasmiy maoshlar bo'yicha hisoboti Lionel Messining Shimoliy Amerikadagi moliyaviy ta'sirini yaqqol ko'rsatib berdi. Inter Miami sardori nafaqat maydonda, balki daromadlar borasida ham ligada tengsiz ekanligini tasdiqladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
MLS o'yinchilar uyushmasi tomonidan e'lon qilingan ma'lumotlarga ko'ra, Lionel Messi liga tarixidagi eng ko'p maosh oluvchi futbolchi maqomini saqlab qolmoqda. O'tgan mavsumda jamoasi bilan MLS kubogini qo'lga kiritgan va MVP sovriniga ega chiqqan argentinalik yulduzning yillik kafolatlangan daromadi 28,3 million dollarni tashkil etadi.
Bu raqamlar ligadagi boshqa taniqli yulduzlar bilan solishtirilganda katta farqni yuzaga keltiradi. Xususan, LAFC safiga qo'shilgan sobiq Tottenxem yulduzi Son Heung-min ham Messidan sezilarli darajada kamroq maosh oladi.
Koreyalik hujumchi ligadagi eng ko'p maosh oluvchi besh nafar futbolchi qatorida bo'lishiga qaramay, uning yillik daromadi 11,1 million dollarni tashkil etadi. Bu esa Lionel Messining maoshi uning daromadidan ikki baravardan ko'proq ekanligini anglatadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!