Er xotiniga qaynoq suv sepib, izsiz qochib ketdi

O‘sh shahrida yashovchi Zarnibo ismli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan shafqatsiz hujumga uchraganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, erkak ayolning yuziga ikki marotaba qaynoq suv sepib, hodisadan so‘ng O‘zbekiston hududiga qochib ketgan. U bu haqda shahar hokimi bilan uchrashuvda aytib o'tgan.
Mazkur voqea joriy yilning 9 mart kuni sodir bo‘lgan. Og‘ir tan jarohatlari olgan ayol 27 kun davomida shifoxonada davolanishga majbur bo‘lgan. Unga ko‘ra, bu vaqt ichida turmush o‘rtog‘i yoki uning qarindoshlari tomonidan hech qanday yordam ko‘rsatilmagan.
Ayolning bildirishicha, u Qirg‘iziston Ichki ishlar boshqarmasiga bir necha bor murojaat qilgan. Mas’ullar ishni nazoratga olishga va’da bergan bo‘lsada, gumonlanuvchi hanuzgacha ushlanmagan.
Shahar IIB rahbari esa holatdan xabardor ekanini bildirib, gumonlanuvchini tez orada qo‘lga olish va uni mamlakatga qaytarish choralarini ko‘rishayotganini ma’lum qilgan.
Hozirda ushbu voqea yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!