
Sulton Salohiddin Islom arkonlaridan biri bo‘lgan haj ibodatini o‘tashga qaror qildi. Shu maqsadda huzuriga ulamolarni birin-ketin mashvaratga chorladi. Ana shunday olimlar orasida Halab qozisi, sulton yurishlarining doimiy qatnashchisi Bahouddin Abul Mahosin (Ibn Shaddod) ham bor edi. Qozi shunday hikoya qiladi: “Safar oyining 13-kuni u meni huzuriga chorlab qoldi. Yetib kelganimda qabulxonada kim borligini so‘radi.
Men: “O‘z ehtiromini izhor qilish uchun o‘g‘lingiz malik Afzal, shuningdek, shu maqsadda kelgan ko‘pgina amirlar va boshqa odamlar kirishga izn beri- shingizni kutib turishibdi”, dedim. U Jamoliddin Iqboldan ularga chiqib, bugun qabul qila olmasligini yetkazishni iltimos qildi.
Ertasiga tongdayoq u yana menga chopar jo‘natdi. Kirib, uning karavotda yosh bolalar qurshovida o‘tirganini ko‘rdim. U tashqarida biror kishi kutib turgan-turmaganini so‘radi. Franklarning elchilari kelganini, sultonning amir va amaldorlari bilan birga ularni qabul qilishini kutishayotganini aytishdi. Elchilarni boshlab kirishga ruxsat berdi. Sultonning yonida u yaxshi ko‘rgan va hamisha o‘ynatib yuradigan yosh o‘g‘illaridan biri Abu Bakr qolgan ekan. Bola soqollari qirtish- langan, sochi kalta olingan va g‘aroyib kiyimlarni kiyib olgan odamlarni ko‘rib, qo‘rqib ketdi va yig‘ini boshlab yubordi.
Sulton elchilardan uzr so‘radi, keltirgan xabarlarini oxirigacha ham eshitmay, ularga javob berib yubordi. Keyin menga qarab muloyim ovozda: “Bugungi kun ham tashvishli o‘tdi”, dedi. Ortidan “taom tayyor bo‘lsa, keltiringlar”, deb qo‘shib qo‘ydi. Unga sutda qaynatilgan guruch va boshqa yengil taomlar keltirishdi. Nazarimda, u oldidagi ovqatlarni ishtahasiz, o‘zini majburlab yerdi.
Keyingi paytlarda Salohiddin yurishi qiyinlashgani sababidan odamlarni qabul qilmay qo‘ygandi. Haqiqatan u oshqozonining yaxshi hazm qilmayotgani, lohaslik va nimjonlikdan aziyat chekardi va bu narsalar uning ich terlama xastaligiga chalinganini bildirardi.
Ovqatlanishdan forig‘ bo‘lganimizdan so‘ng, u haj haqida nimalar bilishimni so‘rab qoldi. Men: “Yo‘lda ayrim musofirlarni ko‘rib qoldim, agar yo‘l haddan ortiq loy bo‘lmaganida ular bugun yetib kelgan bo‘lishardi, balki, ertaga kelishsa kerak”, deb javob berdim. Sulton shunday dedi: “Agar Alloh nasib qilsa, ertaga ularni kutib olishga chiqamiz”. Shundan keyin u hajga otlanganlar yurib keladigan yo‘llarni loy va suvdan tozalashni buyurdi. O‘sha yili haddan tashqari ko‘p yog‘ingarchilik bo‘lib, yo‘llarni suv bosib yotardi.
Sultonning boshqa kunlarga qaraganda kayfiyati yaxshi emasligini bilganimdan tashqariga chiqib ketdim. Juma tongida u otga minib qal’ani tark etdi. Ko‘p o‘tmay ulovga minib men ham uning ortidan yo‘lga chiqdim. U hajga ketayotgan ziyoratchilar bilan uchrashib turganida sultonga yetib oldim. Hajga ketayotganlar orasida Sobiqiddin va al Yaruqlar ham bo‘lib, bu shayxlar chuqur ehtiromga sazovor olimlardan edi. Shu payt sultonning o‘g‘li Afzal otasiga hamrohlik qilish uchun kelib qoldi va meni bir chetga boshlab gaplashib olmoqchi bo‘ldi. Shunda sultonning egnida ot minganida hamisha kiyib yuradigan qazag‘ond (sovut ostidan kiyiladigan, paxta qo‘shib qaviladigan jang kiyimi) yo‘qligini sezib qoldim.
O‘sha kungi manzara juda ajoyib edi: shahar aholisi guruh-guruh bo‘lib sultonni qarshilagani va uni ko‘rish uchun oqib kela boshladi. Men o‘zimni ortiq tuta olmay, uning oldiga shoshqinch yetib bordim va qazag‘ond kiyishni unutganini eslatdim. U o‘zini uyqudan seskanib uyg‘ongan odam kabi tutardi. Kiyimini keltirishlarini buyurdi. Ammo kiyimlarga mas’ul xizmatchini topib bo‘lmadi. Ish men kutgandan ham jiddiy tuyulardi. O‘zimcha shunday o‘ylardim: “Sulton oldinlari hech qachon ajralmagan kiyimini so‘rayapti, ammo uni berishmayapti. Men xayol surib qoldim, bu noxush shumlanishga o‘xshardi.
Shunda sultonga qarab: “Shaharga qaytish uchun odamlar kamroq boshqa yo‘l bormi?” deb so‘radim. U “bor dediyu bog‘lar oralab, Damashq chetidagi Muni tomonga olib boradigan yo‘lga burildi. Biz ham uning ortidan yo‘lga tushdik. Ko‘nglimda g‘ashlik va xavotir hukmron edi, uning sihati yomonlashayotganidan qattiq qo‘rqayotgan edim. Qal’aga yetib kelganimizda, Salohiddin odatiga ko‘ra unga ko‘prik orqali kirib bordi. Bu uning ko‘prikdan oxirgi marta o‘tishi edi.
(davomi bor)
Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar