Dua Lipa surati sabab Samsung‘ni sudga berdi

Britaniyalik mashhur pop xonanda Dua Lipa suratidan ruxsatsiz tarzda foydalanilgani sababli Samsung Electronics kompaniyasini sudga berdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar tarqatdi.
Xonanda kompaniyadan kamida 15 million dollar miqdorida tovon puli undirishni talab qilmoqda. Da’vo hujjatlarida ta’kidlanishicha, Samsung televizorlari qutisining old qismiga Dua Lipaning mualliflik huquqi bilan muhofaza qilingan surati joylashtirilgan. Bu esa xaridorlarda xonanda mazkur mahsulotni qo‘llab-quvvatlagan degan fikrni shakllantirib, kompaniyaga tijoriy manfaat keltirgan.
Televizor qutilarida qo‘llangani aytilgan tasvir “Dua Lipa — Backstage at Austin City Limits, 2024” nomi bilan tanilgan. Mazkur suratga oid barcha mualliflik va egalik huquqlari shaxsan Dua Lipaga tegishli ekani qayd etilmoqda. Da’vo arizasi 8 may kuni California federal courtga taqdim etilgan.
Mualliflik huquqi va savdo belgisini buzish bilan bir qatorda, Dua Lipa Samsung Electronics'ni reklama huquqlarini ham poymol qilganlikda ayblamoqda. Xonandaning huquqshunoslari sud hujjatlariga ijtimoiy tarmoqlardagi postlar hamda izohlar skrinshotlarini ham ilova qilgan.
Ma’lum qilinishicha, ushbu izohlar xonandaning televizor qutisidagi surati xaridorlarni mahsulot sotib olishga undaganini tasdiqlash maqsadida keltirilgan. Skrinshotlardan birida muxlis televizorni “faqat Dua borligi uchun” xarid qilishini yozib qoldirgan.
Dua Lipa 2025 yil iyun oyida Samsung tomonidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yilgani haqida xabar topgan. Shundan keyin xonanda kompaniyadan o‘z suratidan foydalanishni zudlik bilan to‘xtatishni talab qilgan.
Samsung Electronics matbuot xizmati esa ayni paytda sud jarayoni yuzasidan izoh berish imkoni yo‘qligini bildirgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!