14:46 / 22.02.2023
612

Moldovada rossiyaparastlar harakati kuchaymoqda, hukumat Rossiya bosqinidan xavotirda

Moldovada rossiyaparastlar harakati kuchaymoqda, hukumat Rossiya bosqinidan xavotirda
Foto: EPA
19 fevral kuni Moldova parlamentining ulkan binosi yonida hukumatdan norozi odamlarning katta namoyishi bo‘lib o‘tdi. Bu minglab odamlar bu yerga mamlakatning turli burchaklaridan avtobuslarda olib kelingan. Ularning har biri o‘z qashshoqlik va umidsizlik haqidagi shaxsiy hikoyasi bilan poytaxt tomon yo‘lga otlangan.

«Biz shunchaki kamsitilgan odamlarmiz, hukumat bizni masxara qilmoqda. Bu yerda to‘rt-besh nafar farzandi bor, tom ma’noda yeydigan hech narsasi yo‘q insonlar bor», degan moldovalik Alla ismli ayol.

Moldova prezidentining so‘zlariga ko‘ra, uning mamlakatida odamlar hozirda oilaviy daromadining 70 foizdan ortiq qismini elektr energiyasi to‘lovlariga sarflaydi.

Alla nafaqasining yarmini elektr energiyasi uchun to‘lashini aytgan.

«Hozirgi hukumatni saylaganimizda, ular bizga maosh va pensiyalarni oshirishga va’da berishgandi, ammo hozircha biz bir tiyin ham ko‘rmadik», deya qo‘shimcha qilgan Alla.

19 fevralda Kishinyovda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini rossiyaparast «Shor» partiyasi uyushtirgan. Ma’lum qilinishicha, aynan shu partiya norozilik namoyishi qatnashchilari mamlakatning turli burchaklaridan kelishi uchun avtobuslarga pul to‘lagan.

«Shor» partiyasi tomonidan uyushtiriluvchi norozilik mitinglari Kishinyovda sentyabr oyi o‘rtalaridan beri har yakshanba kunlari o‘tkazilmoqda. Biroq, so‘nggi namoyish, ayniqsa, chet ellik kuzatuvchilar diqqatini tortdi.

Ushbu namoyishdan bir necha kun oldin Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiya uning mamlakatida g‘arbparast hukumatni ag‘darib, rossiyaparast rejim o‘rnatish maqsadida isyon tayyorlayotganini aytdi. Moldova razvedkasi xabariga ko‘ra, bu rejani o‘zini tinch aholi vakillari sifatida ko‘rsatuvchi mamlakatga yuborilgan harbiy tajribaga ega bo‘lgan shaxslar amalga oshirishi kerak edi.

Rossiya bu ayblovlarni Moldova hukumatining jamoatchilikni iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi muvaffaqiyatsizliklaridan chalg‘itishga urinishi deb atadi.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan so‘ng qo‘shni Moldova juda qiyin ahvolga tushib qoldi.

Birinchidan, uning hududida rossiyaparast kayfiyatdagi, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qilgan Dnestrbo‘yi kvazidavlati mavjud. Ikkinchidan, Moldova Rossiya gaziga juda qaram. Oktabr oyi boshidan beri Moskva Moldovaga yuboriluvchi gaz ta’minotini ikki baravarga qisqartirdi, bu esa rumin va rusiyzabon aholi o‘rtasidagi qarama-qarshiliklardan qochishga urinayotgan Kishinyov uchun muammolarni yana bittaga ko‘paytirdi.

Mamlakatda gaz va elektr narxi oshishiga qarshi namoyishlar 2022 yil kuzida boshlangan.

13 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda so‘zga chiqqan prezident Sandu Rossiya energiya inqirozi yordamida Moldovada vaziyatni beqarorlashtirishga harakat qilayotganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat inqiroz aholi o‘rtasida keskin norozilik va zo‘ravonlik harakatlarini keltirib chiqarishini kutmoqda.

Sandu razvedka ma’lumotlariga tayanib aytishicha, «harbiy tajribaga ega bo‘lgan rossiyalik diversantlar zo‘ravonlik harakatlari, xususan, binolar va davlat idoralariga hujumlar uyushtirish va hatto insonlarni garovga olishga tayyorlanmoqda».

So‘nggi bir necha kun ichida Moldova chegarachilari aholisining katta qismi Rossiyaga xayrixoh bo‘lgan davlatlardan 57 kishining mamlakatga kirishiga ruxsat bermadi. Ular orasida serbiyalik futbol muxlislari guruhi va Chernogoriyadan bir necha bokschi bo‘lgan.

Bundan tashqari, o‘tgan haftada mamlakat havo hududi bir necha soatga yopildi. Fuqaro aviatsiyasi ma’muriyati ma’lum qilishicha, bu chora metazondga o‘xshash noma’lum uchuvchi obyekt sabab qabul qilingan.

«Rossiya agressor mamlakat ekani mutlaqo aniq» degan Moldova chegara politsiyasi rahbari Rosian Vasiloy BBC nashri bilan suhbatda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Moldovaga tahdid 24 fevraldan, Ukrainaga hujum boshlangandan keyin kuchaygan. Ammo uning ta’kidlashicha, hozir vaziyat boshqacha. «Bu tashqi va ichki tajovuzlarning uyg‘unlashuvi» deydi Vasiloy.

Ukraina qarshilik ko‘rsatishni davom ettirib, g‘alaba tomon yurar ekan, Moldova uchun xavf kamroq bo‘ladi, deya hisoblaydi Vasiloy. «Agar Ukraina qulasa, navbat Moldovaga keladi, lekin menda qo‘rquv yo‘q», deydi u.

Urush boshlanganidan buyon prezident Sandu mamlakatning energiya manbalarini diversifikatsiya qilish va Rossiya gaziga qaramligini kamaytirish uchun katta sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Ammo Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasiga zarbalari va Ruminiyadan elektr energiyasini import qilish qimmatligi tufayli buni amalga oshirish juda qiyin edi.

Sandu o‘z nutqida ruslar isyonni muxolifatdagi «Shor» partiyasi kabi ichki kuchlar ko‘magida amalga oshirishni rejalashtirayotganini ta’kidladi. U parlamentni mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun qattiqroq qonunlar qabul qilishga chaqirdi.

«Shor» partiyasi bosh kotibi Marina Tauber bu siyosiy kuch barcha tomonlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatilishini xohlashini aytadi
«Shor» partiyasi yetakchisi hozirda Isroilda Moldova huquq-tartibot idoralaridan yashirinayotgan tadbirkor Ilan Shor hisoblanadi. Avvalroq u Moldova bank tizimidan 1 milliard dollar o‘g‘irlanishiga aloqador sifatida aybdor deb topilgandi. O‘tgan yil oktabrida AQSH va Britaniya unga qarshi sanksiyalar kiritdi.

19 fevral kungi parlament binosi oldidagi namoyishlarni «Shor» partiyasi bosh kotibi Marina Tauber boshqargan. Tauberning ta’kidlashicha, uning partiyasi Yevropa Ittifoqiga qarshi emas, balki barcha tomonlar bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishni xohlaydi.

Ammo «Shor» partiyasining boshqa ba’zi a’zolari Rossiyaning Moldovadagi vaziyatga aralashishini xohlashini tan olgan.

Kishinyovdan bir soatlik masofada joylashgan Orxey shahrida «Shor» partiyasi tarafdorlari ko‘p. BBC jurnalistlari bu yerdagi partiya vakili Yuriy Belenkiy bilan uchrashgan.

«Biz qo‘rqmaymiz, chunki Rossiya Moldovani egallab olmoqchi bo‘lganda, buni yarim kunda amalga oshirgan bo‘lar edi», degan Belenkiy.

U bunga shaxsan qanday munosabatda bo‘lishini so‘rashganda, Belenkiy aniq javob bergan — «Shaxsan men buning tarafdoriman. Rossiya bilan hozirgidan ancha yaxshiroq ahvolda bo‘lgan bo‘lardik».

Kishinyovdagilarning ko‘pchiligi G‘arb bilan yaqin aloqalar Moldovaga bu hal qiluvchi pallada mustaqillik va demokratiyani mustahkamlashga yordam beradi, deya hisoblaydi. Maya Sandu partiyasi parlamentda ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ammo dam olish kunlari parlament binosi yonida yig‘ilganlar boshqacha fikr bildirgan va Moldova jamiyatida tomonlar o‘rtasidagi bo‘linish chuqurlashish xavfi bor.

Alla va uning do‘stlari Rossiya ularning mamlakatini egallab olishini xohlaydimi savoliga javob berganda, bu xavf yanada aniq bo‘ladi.

«Ha, mayli ular kelsin! Biz ularning bu yerga kelishini xohlaymiz, biz Rossiyaning bir qismi bo‘lishni xohlaymiz!» deya baqirgan rossiyaparast namoyishchilar.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo