Janubiy Koreyaning DeepBrain AI kompaniyasi vafot etgan odamlar bilan videoaloqa orqali «muloqot» qilish imkonini beruvchi Re;memory texnologiyasini ishlab chiqdi. Xizmat pullik va arzon emas.
Neyrotarmoq marhumning ijtimoiy tarmoqlaridagi fotosuratlari va videolari, shuningdek, uning qarindoshlari bilan qisqa intervyu asosida raqamli nusxasini shakllantiradi. Shundan so‘ng u bilan uchrashish uchun ikkita variantdan birini tanlash mumkin: videomurojaat yoki real vaqt rejimida suhbat. Bu haqda Entrepreneur yozdi.
«O‘zga olam bilan uchrashuv» maxsus xonada bo‘lib o‘tadi. Unga 400 dyuymli ekran va yuqori sifatli ovoz uskunalari o‘rnatilgan. Bu jonli muloqot effektini beradi, deb qayd etmoqda kompaniya.
Bundan tashqari, inson tirikligida o‘zining raqamli nusxasini shakllantirib qo‘yishi ham mumkin. Buning uchun neyrotarmoq mijoz bilan atigi 7 soatlik muloqotni talab qiladi, bu vaqt davomida uning odatlari va xarakterini o‘rganadi, shuningdek, mijozning tashqi ko‘rinishi, muloqot uslubi va ovozini yozib oladi.
Raqamli nusxani yaratish 10 000 - 20 000 funt (142-248 mln so‘m) turadi. Aloqa seansi yana 1000 funt (14,2 mln so‘m) turadi.
Kompaniyaning rivojlanish bo‘yicha menejeri Jozef Merfi xizmat ko‘plab savollar tug‘dirishini tan oladi. Ammo u buni zarur deb hisoblamoqda.
«Ba’zi odamlar shunday abadiy yashash imkoniyatini yoqtirishadi, lekin ko‘pchilik buni noto‘g‘ri deb hisoblaydi. Re;memory saraton kabi og‘ir kasalliklariga chalingan odamlar uchun mos keladi. Ular kamera oldida bir necha soat o‘tirishi mumkin, shunda dastur raqamli nusxani yaratish uchun xatti-harakatlarni o‘rganishi va ovozli ma’lumotlarni to‘plashi mumkin», dedi Jozef Merfi.
DeepBrain AI kompaniyasi «narigi dunyoga» aloqador ishlanmalarga ixtisoslashgan. Masalan, unda mashhur shaxslarning giperreal nusxalarini shakllantiruvchi texnologiya ham bor.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring