12:30 / 08.03.2023
615

Fransiyada norozilik namoyishlari va ish tashlashlar

Rennda politsiya bilan to‘qnashuv sodir bo‘ldi. Foto: Getty Images

Fransiyada barcha neftni qayta ishlash zavodlaridan benzin yetkazib berish to‘xtatilgan, jamoat transporti deyarli yo‘q, ko‘plab maktablar yopilgan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,1 milliondan 1,4 milliongacha odam ko‘chaga chiqqan. Umummilliy ish tashlash va norozilik namoyishlari prezidentning pensiya islohoti bilan bog‘liq.

«Bugun kurash boshlandi. Aytishimiz mumkinki, bir necha soatdan keyin kurashga barcha kasb vakillari qo‘shiladi, shunda butun mamlakat to‘xtaydi. Mamlakatimiz hayotida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan ko‘plab tarmoqlarda ish tashlash davom etmoqda, bu yana uzayishi mumkin. Biz ertaga va undan keyingi kun juda shiddatli va adolatli ijtimoiy safarbarlik kunlari bo‘lishini kutamiz», dedi «Bo‘ysundirilmagan Fransiya» partiyasining sobiq deputati Jan-Lyuk Melanshon.

Kasaba uyushmalari rahbarlari juda qat’iy. Bir kun avval ulardan biri Emmanuel Lepen ish tashlashlardan maqsad «Fransiya iqtisodiyotini tiz cho‘ktirish» ekanini aytdi.

Ish tashlashlar fonida mamlakatda dastlab ko‘cha namoyishlari boshlandi. Kasaba uyushmalari konfederatsiyasi butun Fransiya bo‘ylab 260 ta aksiya o‘tkazishni rejalashtirmoqda, ular millionlab odamlar ishtirok etishini kutmoqda. Biroq, politsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, ko‘chalarga 1,1 milliondan 1,4 milliongacha odam chiqishi kutilyapti.

Fransuz kasaba uyushmalari a’zolari Fransiyadagi barcha neftni qayta ishlovchi zavodlardan chiqish yo‘llari to‘sib qo‘yilganini ma’lum qilishgan. Foto: AFP

Ish tashlashlar uchun eng zaif va Fransiya iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan narsa bu Total va Esso-ExxonMobil kabi kompaniyalarga tegishli sakkizta neftni qayta ishlash zavodlaridan yonilg‘i yetkazib berishdir.

Seshanba kuni ertalab Umumiy mehnat konfederatsiyasi (CGT) kasaba uyushma a’zolari neftni qayta ishlash zavodlarining barcha eshiklari to‘sib qo‘yilgani va yoqilg‘i ta’minotini butunlay to‘xtab qolganini e’lon qildi.

Seshanba kungi ish tashlashlar jamoat transporti faoliyatida jiddiy sezildi. Foto: Reuters

Bu Fransiyada yanvar oyidan beri beshinchi bir kunlik ish tashlashdir. Kasaba uyushmalari 2030 yilgacha pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko‘tarish haqidagi qonun loyihasini qaytarib olishni talab qilmoqda. Hukumat avvalroq qonun loyihasida taklif qilinganidek, pensiya yoshini 65 emas, 64 yoshga tushirishga va har bir kishi uchun eng kam pensiya miqdori 1200 yevro bo‘lishini kafolatlashga rozi bo‘lgan edi.

Emmanuel Makronning saylovoldi platformasiga asos bo‘lgan yangi qonun loyihasi prezident uchun nihoyatda muhim va hukumat uni qaytarib olmoqchi emas. Makronni qo‘llab-quvvatlayotganlar kam: saylovdagi g‘alabadan keyin ovoz berganlarning ko‘pchiligi uni faqat hokimiyatda o‘ng qanot yetakchisi Marin le Penni ko‘rishni istamagani uchun qo‘llab-quvvatlaganini tan olgan. Buni hatto Makron ham tan olgan. Bunday vaziyatda qonun loyihasini qaytarib olish prezident uchun ikkinchi muddatining erta tugashiga teng bo‘ladi.

Makronning vaziyati

Nantdagi namoyishlar. Foto: Getty Images

Fransiya pensiya yoshini 64 ga oshirsa ham, Yevropadagi eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qoladi. Taqqoslash uchun, Italiya va Germaniyada pensiya yoshi 67, Buyuk Britaniyada 66, Ispaniyada 65 yoshni tashkil qiladi.

Emmanuel Makron fransuzlar «ko‘proq mehnat qilishi» kerakligini bir necha bor ta’kidlagan va o‘tgan yilgi saylovlarda pensiya yoshini oshirishni o‘zining siyosiy manifestiga kiritgan edi.

Maslahatchilar koronavirus karantinidan so‘ng, ommabop bo‘lmagan islohot keskin jamoatchilik reaksiyasiga olib kelishi mumkinligi haqidagi ogohlantirgan edi. Shunga qaramay, yanvar oyida islohotlar loyihasi bosh vazir Elizbet Born tomonidan taqdim etildi.

Shundan so‘ng, so‘l partiyalar loyihaga 7 mingdan ortiq tuzatishlar kiritdi, bu esa uning parlamentdan o‘tishini sekinlashtirdi. Hukumatning hozirgi maqsadi – mart oyi o‘rtalarigacha yoki oy oxirigacha parlament tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash.

«Emmanuel Makron uchun ortga qaytish iste’foga teng bo‘ladi. Agar u qonun loyihasini hozir qaytarib olsa, u boshqa islohot qila olmaydi. Fransiyaning aksariyat shaharlarida chiqindi yig‘ish ham to‘xtatilgan», dedi islohot tarafdori, o‘ng qanot senatori Bryuno Retale.

Fransiyaning ko‘plab shaharlarida chiqindilarni olib ketish ham to‘xtab qolgan. Foto: Getty Images

Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, fransuzlarning aksariyati kasaba uyushmalari va ish tashlashni qo‘llab-quvvatlab, pensiya yoshini oshirishga qarshi. Biroq, shu bilan birga, so‘ralganlarning uchdan ikki qismi pensiya yoshi oxir-oqibat ko‘tarilishiga ishonadi.

Kichik va o‘rta shaharlarda islohotga ko‘proq qarshilik ko‘rsatilmoqda, vaholanki, bu joylarda o‘ng qanot tarafdorlari yashaydi. Shunday bo‘lsa-da, o‘ng qanot parlamentda katta ehtimol bilan Makronni qo‘llab-quvvatlaydi va qonun loyihasi qabul qilinishi ehtimoli bor, deb hisoblamoqda tahlilchilar.

«Bunday loyihani ortga qaytarish juda qiyin va dargumon. Hatto muxolifat yetakchilari ham bunga deyarli ishonmaydi», dedi dushanba kuni Fransiya televideniyesiga bergan intervyusida Cevipof tadqiqot instituti tahlilchisi.

Fransiyadagi ish tashlashlar jiddiy iqtisodiy zarar keltirmagan bo‘lsa-da, pensiya islohoti to‘g‘risidagi qonun loyihasi hali ham parlamentda ilgari surilmoqda. Biroq, agar neftni qayta ishlash zavodlarining yopilishi davom etsa, bu oziq-ovqat narxiga ta’sir qilishi mumkin.

Les Mousquetaires supermarketlar tarmog‘i rahbari Tiyeri Kotiyar hafta oxirigacha benzin zaxiralari tugashi mumkinligini aytdi. Hukumatning rasmiy vakili Olivyye Veranning so‘zlariga ko‘ra, rasmiylar «fransuzlarning uzoq muddatli blokada qurboni bo‘lishini xohlamaydi».


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo