![Masjidlarni qayta tiklagan venger olimi](/uploads/posts/2023-04/230404164517.jpg)
Geryo Dyozyo Vengriyadagi usmoniylar davriga oid ko‘plab me’morchilik yodgorliklarini ochgan va ularni saqlash hamda qayta tiklash uchun katta mehnat qilgan olim hisoblanadi.
Geryo Dyozyo 1924 yilda Budapeshtda tug‘ilgan, 1952 yili Budapesht universitetini tamomlagan. Bu vaqtda u Budapesht tarix muzeyida ilmiy assistent sifatida ishlayotgandi. U yerda olim 1987 yilda katta ilmiy xodim sifatida nafaqaga chiqqunicha faoliyat yuritdi. Dyozyo Geryo bir paytning o‘zida Budapesht universitetida ad’yunkt-professor sifatida Usmoniylar davri arxeologiyasidan dars berdi.
Olimning ixtisosligi Vengriyadagi turk istilosi davridagi arxeologiya edi. U asosan, ko‘p sonli me’morchilik yodgorliklarini o‘rgangan va ularni qayta tiklash ishlarida qatnashgan.
Mamlakatdagi usmoniylar merosi borasida u olim o‘zining «Vengriyaning usmoniy-turk me’morchiligi (masjidlar, maqbaralar, hammomlar)» (Budapesht, 1980) kitobida shunday yozadi. «1541 yilda Buda shahrining istilo qilinishi 150 yil cho‘zilgan davrni boshlab berdi, bu davr barcha jihatdan mamlakatning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va badiiy hayotida tub o‘zgarishlarga olib keldi. Turklar hukmron bo‘lgan 150 yil davomida yirik shaharlarda va muzofotlarning markazlarida quruvchi ustalarning faoliyati natijasida ham mahobatli, ham mo‘jaz imoratlar qurildi. Umuminsoniy madaniyat va san’at nuqtai nazaridan ularni sharqona san’at poydevoriga qurilgan me’morchilik namunalari deya olamiz».
Shuni ta’kidlash kerak, Usmoniylar imperiyasi davrida qurilgan me’moriy yodgorliklar haligacha yaxshi saqlangan, o‘zi mo‘ljallab qurilgan ish uchun qo‘llaniladi yoki biror boshqa vazifani bajaradi.
Masalan, XVI asrda turk poshshosi Mustafo Soqolli tomonidan qurilgan Kiray (Kirali) hammomlari hozir ham mijozlarni qabul qiladi. Shuningdek, usmoniylar davrida qurilgan Ras hammomi ham qisman saqlanib qolgan. Pech shahridagi Qosim poshsho masjidida hozir Bibi Maryam cherkovi joylashgan.
Geryo Dyozyoning Pech yodgorliklariiga bag‘ishlangan asarlari orasida «Pechda turk davri yodgorliklari » (Budapesht, 1960) va «Yoqubali Hasan-poshoning masjid va muzeyi: «Agidet» ko‘rgazmasi (Pech, 1979) katta ilmiy ahamiyatga ega. Geryo ko‘plab shaharlarda turk davri yodgorliklarini kavlab olishga, arxelogik qazish ishlarini bajardi. Ularning vayron bo‘lib ketishining oldini olishga harakat qildi.
![](/uploads/posts/2023-04/gul1-1024x768.jpg)
Uning oxirgi ishlaridan biri sifatida Estergomda Hoji Ibrohim masjidini qayta tiklash jarayonida qatnashganini ko‘rsatish mumkin. Geryo Dyozyo bu jarayonda tegishli maslahatlar berdi hamda ochilish marosimida nutq so‘zladi.
Geryo Dyozyoning mehnatlari besamar ketmadi: u Baranya muzofotining Ferens Mor ilmiy mukofoti bilan taqdirlangan. 1997 yilda olim Vengriyada usmoniylar davri yodgorliklarini himoya qilish va ommalashtirishdagi xizmatlari uchun Turkiya prezidenti Sulaymon Demirel qo‘lidan Turkiya Respublikasining Hurmat ordenini olgan.
Geryo Dyozyo 2011 yil 11 oktyabrda, 87 yoshida vafot etgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar